O‘zbekiston | 19:00 / 14.06.2019
61570
3 daqiqa o‘qiladi

«Tashqaridagi aktivni qaytarish oson ish emas». Bosh prokuror o‘rinbosari Gulnora Karimovaning pullari haqidagi savolga javob berdi

Bugun, 14 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan «2019 yilning dastlabki 5 oyi mobaynida prokuratura organlari faoliyati» mavzusidagi brifing vaqtida O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin To‘rayevich Yo‘ldoshev O‘zbekiston Birinchi Prezidentining qizi, korrupsiya ishida ayblanib qamalgan Gulnora Karimova haqidagi savolga javob qaytardi.

«Gulnora Karimova ayni paytda jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tamoqda. Uning salomatligi bo‘yicha muammolar yo‘q.

Karimovaning pullarini qaytarish bo‘yicha aytadigan bo‘lsak, bu murakkab jarayon. Bunday ishlar boshqa davlatlar bilan hamkorlikda olib boriladi. Tashqaridagi aktivni qaytarish oson ish emas. Uning xorijga olib chiqib ketgan mablag‘larini qaytarish bo‘yicha harakatlar xalqaro huquq normalari asosida amalga oshirilmoqda», deya Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Gulnora Karimovaga tegishli 800 million frankni o‘zida saqlashni istamayotgan Shveytsariya hukumati pullarni O‘zbekistonga qaytarishga shoshmayapti. 

2019 yil yanvarida Shveytsariya TIV Gulnora Karimovaga tegishli aktivlar taqdiriga qiziqqan DW so‘roviga javob bergandi. Ma'lum qilinishicha, asosiy masala – Karimovaning Shveytsariyadagi aktivlarini nima qilish kerakligiga javob topish lozim. Ya'ni aktivlarni qaytarish va ularni qanday sarflash bo‘yicha tomonlar o‘rtasida hujjat imzolanishi zarur.  

Gulnora Karimovaning sobiq turmush o‘rtog‘i Mansur Maqsudiy Shveytsariyaning Der Bund gazetasiga bergan intervyusida uning Shveytsariyadagi pullariga da'vo qilayotganini bildirgan.

Gulnora Karimova 2008 yili O‘zbekistonning BMTdagi vakili etib tayinlangandi. Biroq 2013 yili u diplomatik immunitetdan mahrum bo‘ladi va Shveytsariya prokuraturasi unga nisbatan pullarni o‘zlashtirish aybi bilan jinoiy ish ochadi. Natijada uning Shveytsariya banklaridagi hisobida saqlangan 800 mln frank muzlatib qo‘yiladi.

Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida, ya'ni birinchi prezident Islom Karimov davrida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.

Keyinroq Gulnora Karimovaga nisbatan firibgarlik, xorijiy valutani yashirish, bojxona qonunchiligini buzilishi bo‘yicha yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

2017 yilning 18 dekabrida 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Gulnora Karimovaga jazo 2018 yilning 1 iyulida 5 yilga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.

Mavzuga oid