Insult xavfini kamaytiruvchi 8 oddiy qoida
Dunyoda har yili insultdan bir necha million kishi vafot etadi, o‘zingizni bu kasallikdan uzoqroq saqlash uchun tavsiyalarimizga e'tiboringizni qarating.
Faqat AQShning o‘zida har 40 soniyada kimdir insultni boshidan o‘tkazadi. O‘zbekistondagi statistika natijalari ham quvonarli emas – «zarba» (lotincha insultus) qurbonlari yiliga bir necha o‘n ming kishini tashkil etadi.
Insult nima o‘zi
Miyadagi qon aylanish tizimida kelib chiqqan jiddiy (keskin) muammo insult deb ataladi. Sabablari turli xil uzilishlar bo‘lishi mumkin. Birgina miyaga qon quyilishi kasallikning barcha turlariga omil hisoblanmaydi — bu ko‘rinishi gemorragik insult deb nomlanadi. Qon oqimini to‘suvchi tromblar hosil bo‘lishi ishemik insultni keltirib chiqaradi.
Ikki holatda ham insult yaxshi yakun topmaydi. Birinchisida yig‘ilgan qon asab tolalariga bosim o‘tkazadi va ular ishlashdan to‘xtaydi. Ishemik insultda miya hujayralariga kerakli oziq va kislorod yetib bormasligi natijasida ular nobud bo‘ladi.
Miyaning qaysi qismi zararlansa, u ishtirok etuvchi nevrologik funksiya ham ishdan chiqadi. Kimdir nutq qobiliyatini yo‘qotadi. Kimdadir qisman yoki to‘liq falajlik yuzaga keladi. Nafas olishga to‘sqinlik qiluvchi muammolar ham kimningdir boshidan o‘tishi mumkin. Yana kimdir vafot etadi.
Statistika ma'lumotlari ko‘ra: insultga uchraganlarning 31 foizi alohida e'tiborga muhtoj bo‘lib qoladi, 20 foiz bemorlar mustaqil yura olmaydi, faqatgina 8 foiz holatlarda reabilitatsiya jarayonidan odatiy hayot tarziga qaytish kuzatiladi.
Eng achinarlisi insult xavfini oldindan taxmin qilish mushkul. Uni bekorga zarba deb atashmagan: o‘tkir miya buzilishlari to‘satdan va tez rivojlanadi. Ko‘pincha hech qanday alomatsiz: hozirgina kulib, hazillashib turgan odamga 2 daqiqadan so‘ng tez yordam chaqirishlari mumkin.
Xavf guruhida kimlar bor
Ba'zi odamlarning insult chalinish ehtimoli qolganlarga nisbatan yuqoriroq. Ular orasida quyidagilar ko‘p uchraydi:
- qon bosimidan (gipertoniya) aziyat chekuvchilar (eng keng tarqalgan);
- yuragi xastalar (masalan, yurak yetishmovchiligi yoki aritmiya ya'ni yurakning tez urishi);
- qandli diabeti bor kishilar (diabet tomirlarni zararlantiradi va bosh miyada qon quyilishi xavfi ortadi)
- ortiqcha vaznlilar;
- ma'lum bir dori vositasini qabul qiluvchilar, (masalan, estrogen miqdorini o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi preparatlar);
- kam harakat turmush tarzi egalari;
- qonida xolesterin baland bo‘lgan bemorlar;
- kashandalar;
- uyquda bosinqirovchilar;
- 55 yoshdan oshganlar (55 yoshdan keyingi har o‘n yillikda insult xavfi karrasiga ortadi);
- insult bilan og‘riganlarning qarindoshlari (genetik kasallik hisoblanadi);
- erkaklar (ayollarda ehtimollik darajasi past).
Mabodo yuqoridagilardan birortasi sizga tanish bo‘lsa, o‘zingizga e'tibor berishingiz shart. Hattoki, bugundan boshlab.
Insultning oldini olish choralari qanday?
Insultdan profilaktika avvalo hayot tarzini muvofiqlashtirishdan boshlanadi. Nufuzli Mayo Clinic tadqiqot uyushmasi ekspertlari fikriga ko‘ra, birinchi navbatda:
1. Vazningizni nazorat qiling
Ortiqcha vazn o‘zi bilan birgalikda insult xavfini oshiruvchi bir necha omillarni olib keladi. Bular qatoriga arterial qon bosimi, yurak qon-tomir kasalliklari va diabetning rivojlanishi ham kiradi. Atigi 4-5 ortiqcha kilogrammdan xalos bo‘lish ham insultdan qochish imkoniyatlaringizni sezilarli darajada oshiradi.
2. Sabzavot va mevalarni ko‘proq tanovul qiling
Kuniga kamida 4-5 porsiya. Olma, karamli salat, grillda tayyorlangan sabzavotlar va boshqalar. O‘simliklar arterial bosimni tushiradi va tomirlarning elastikligini yaxshilaydi.
3. Chekishdan voz keching
Chekuvchilar bor joylardan ham. Chekishning passiv turi aktiv turi bilan mos ravishda tomirlarga o‘z ta'sirini ko‘rsatadi.
4. Muntazam jismoniy mashqlar bilan shug‘ullaning
Jismoniy faollik insultning barcha turlari xavfini kamaytiradi. Ayniqsa ochiq havoda: yurish, yugurish, suzish, velosipedda uchish, yengil harakatli fitness...
Mashqlar tizimli ta'sir ko‘rsatadi. Vazn yo‘qotishga qon tomirlari va yurakning umumiy holatini yaxshilaydi, stressni kamaytiradi. Iloji boricha kunlik mashqlaringiz davomiyligini 30 daqiqaga yetkazishga harakat qiling.
5. Alkogoldan uzoq yuring
Ichish ayniqsa arterial gipertoniya bilan og‘ruvchi bemorlarga xavfli.
6. Tarkibida transyog‘ mavjud mahsulotlardan kamroq iste'mol qiling
Transyog‘lar tomirda tromblar hosil bo‘lish ehtimolini oshiradi. Shuning uchun fastfud, tayyor pishiriqlar, chipslar, kreker va margarinlardan kamroq tanovul qilgan ma'qul.
7. Qon bosimingizni nazorat qiling
Qon bosimingiz 130/80 darajadan ortishiga yo‘l qo‘ymang. Agar shunday holat ro‘y bersa, darhol terapevt bilan maslahatlashing.
8. Diabetni o‘tkazib yubormang
Kasallikni erta bosqichlarida sezdiruvchi alomatlar mavjud. O‘zingizga e'tiborli bo‘ling.
Afsuski, insult oldini to‘liq olishning iloji yo‘q. Shuning uchun, profilaktikadan tashqari u bilan o‘zingiz yoki atrofdagilar duch kelganda zudlik bilan nimalar qilish kerakligini ham bilib qo‘ygan ma'qul. Bu haqda keyinroq...
Mavzuga oid
08:14 / 13.10.2024
Olimlar qon guruhi va erta insult xavfi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi
21:25 / 02.11.2021
Toshkentda o‘pkasi pnevmoniyadan 65 foiz zararlangan, infarkt va insultga chalingan og‘ir bemor muvaffaqiyatli operatsiya qilindi
07:55 / 01.05.2020
«30–40 yoshlilarda hech qachon bunchalik ko‘p insult ko‘rmaganmiz» - COVID-19 patogenezida yangi burilish
11:55 / 25.03.2020