Senat raisi korrupsiya bu illatning oldini olish kerak bo‘lgan idoralarda ham uchrab turganidan xavotir bildirdi
Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev korrupsiyaga qarshi kurashuvchi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va sud hokimiyati xodimlari orasida ham pora olish-berish holatlari uchrayotganidan tashvish bildirdi. Yo‘ldoshev, Senatda bo‘lib o‘tgan korrupsiyaga qarshi kurash idoralararo komissiyaning kengaytirilgan majlisida shu haqda so‘z yuritdi.
U majlisda ishtirok etayotgan davlat mulozimlari e'tiborini ular boshqarayotgan tizim hamon korrupsiyadan xalos bo‘la olmaganiga qaratdi.
«Bugungi majlisda ishtirok etayotgan rahbarlarning diqqatini ular boshqarayotgan tizim hamon korrupsiya illatidan xalos bo‘lmaganiga qaratmoqchiman. Xususan, mamlakatda davlat xizmatchilari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarga qaramasdan, birgina 2018 yilda mana shunday og‘ir jinoyatni sodir etgan 2 ming nafarga yaqin mansabdor shaxsning jinoiy javobgarlikka tortilganini qanday tushunish mumkin?!», - deya savol yig‘ilganlarga yuzlandi Senat raisi.
U, shuningdek, Bosh prokuraturadan olingan ma'lumotlar bilan ham o‘rtoqlashdi. Unga ko‘ra, o‘tgan yili 116 nafar bank rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari hamda bosh hisobchilariga nisbatan 68ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini banklar rahbariyati qanday izohlaydi?!
Xalq ta'limi vazirligi tizimida qariyb 150 xodimga nisbatan 103ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, shundan 24tasi poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatdir. Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi 93 shaxsga nisbatan qariyb 70ta jinoyat ishining qo‘zg‘atilgani sohada olib borilayotgan davlat siyosatining to‘liq ro‘yobga chiqarilishiga qo‘yilgan to‘siqdir. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 11 nafar mas'ul mansabdor shaxsiga nisbatan o‘tgan yilda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
«Eng xavotirli jihat shundaki, korrupsiyaga qarshi kurashning oldingi saflarida turuvchi, bunga bevosita mas'ul bo‘lgan idoralarning o‘zida ham korrupsiyaga to‘liq barham berishga erishilmayapti. Xususan, 2018 yilda 39 nafar ichki ishlar tizimi xodimi, 10 nafardan ziyod prokuratura xodimi, 2 nafar davlat bojxona tizimi xodimi, 1 nafardan sudya va advokatga nisbatan poraxo‘rlik jinoyati uchun ish qo‘zg‘atilganini hech narsa bilan izohlab bo‘lmaydi. Eng achinarlisi, bunday misollarni deyarli barcha davlat organlari faoliyatida uchratish mumkin», - dedi Nig‘matulla Yo‘ldoshev.
Mavzuga oid
12:30 / 06.11.2024
AQShda Trampning respublikachilari Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
15:55 / 24.10.2024
“5 yilda 440 ga yaqin qonun muhokama qilindi” - Senat raisi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
13:04 / 23.10.2024