O‘zbekiston | 14:30 / 16.06.2019
57443
7 daqiqa o‘qiladi

Namunali uylar nima uchun qimmat? Senat raisi qurilish sohasidagi korrupsiya haqida gapirdi 

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston kapital qurilish sohasidagi ma'muriy-buyruqbozlik tizimi, qurilish materiallari yetkazib berishda sog‘lom raqobat muhiti shakllanmagani, yer ajratish bo‘yicha ariza 12 ta tashkilot tomonidan 60 kun mobaynida ko‘rib chiqilishi kabi qator omillar sohada korrupsiyaga barham berish imkonini deyarli yo‘qqa chiqaradi. 

Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev 15 iyun kuni korrupsiyaga qarshi respublika idoralararo komissiyasining kengaytirilgan majlisida shu haqda so‘z yuritdi. 

Yo‘ldoshevning aytishicha, bugungi mavjud amaliyotga ko‘ra, qurilish sohasida faoliyatni amalga oshirish uchun 4 turdagi litsenziyaga ega bo‘lish talab etiladi. Har bir litsenziyani berish alohida nizomlar bilan tartibga solinadi, litsenziyalarni berish muddatlari va ular uchun davlat bojlari miqdori ham har xil. «Umumiy», ya'ni universal litsenziyani olish imkoni yo‘q. 

Qolaversa, litsenziyalar faqat yuridik shaxslarga beriladi. Qurilish uchun yer maydoni ajratish bo‘yicha ham qator masalalar   dolzarbligicha qolmoqda. Xususan, qurilish ishlari uchun yer ajratish jarayonlari 60 kun davomida 12ta tashkilot ishtirokida kechadi. Shu holatning o‘ziyoq sohada korrupsiyaga barham berish kafolatlarini deyarli yo‘qqa chiqaradi.

Bundan tashqari, Yo‘ldoshevning ta'kidlashicha, qurilishni boshlash uchun boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni olish ham talab etiladi. Jumladan, quruvchi arxitektura-loyihalash topshiriqlarini qo‘lga kiritish uchun kamida 30 kun vaqt sarflaydi. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish jarayonlari ham deyarli shu tarzda kechadi. Keyin loyiha-smeta hujjatlarini kelishish jarayoni boshlanadi.

Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish bosqichi ham bor va buning uchun kamida 2 hafta vaqt zarur bo‘ladi. Qurilish bilan bog‘liq ishlarning ikkinchi bosqichi ham bor. U ham bo‘lsa, qurilish obektlarida inspeksiyaviy nazorat jarayonlari bilan bog‘liq. Bunday nazorat qurilishda 7 bosqichda amalga oshiriladi. Keyingi bosqich esa, qurilish obektini foydalanishga qabul qilish bilan bevosita bog‘liq va u kommunikatsiya tizimlariga ulanishning g‘oyat murakkab jarayonlarini ham qamrab oladi.

«Xo‘sh, ana shunday tarzda ba'zida asossiz ravishda chalkashtirilib, murakkablashtirilib yuborilgan jarayonlar korrupsiya holatlari bilan birga kechmasligiga kim kafolat beradi?» deya savol bilan murojaat qildi Senat raisi majlis ishtirokchilariga.

Yo‘ldoshev, qishloq joylarda namunali loyihalar asosida uy-joylar qurish bilan bog‘liq holatni o‘rganilib qator kamchiliklar aniqlanganini e'tirof etdi. 

«2016 yildagi o‘rganishlarimiz asosida qurilish materiallari va jihozlarni, jumladan deraza romlari, eshiklar va isitish moslamalari kabi qurilish materiallari va jihozlarni ishlab chiqarish uchun respublika bo‘yicha bor-yo‘g‘i bittadan korxona tanlab olingani va ular markazlashgan holda yetkazib berilgani tanqid qilingan, bu, o‘z navbatida, raqobat muhitini cheklashga olib kelgani mazkur qurilish materiallari va jihozlarning sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatib, aholi va pudrat tashkilotlarining noroziligini keltirib chiqargani ta'kidlangan edi. 

Qolaversa, katta hajmdagi qurilish jihozlarini qisqa muddatlarda tayyorlab berish uchun faqat bir korxonaning imkoniyatlari yetarli emas. Aksariyat hollarda noqonuniy ravishda boshqa sub'yektlarni buyurtmani bajarish uchun jalb etishga va shu tariqa korrupsiya bilan bog‘liq holatlarning davom etishiga sabab bo‘ladi», - deya qayd etdi Nig‘matulla Yo‘ldoshev.

Uning aytishicha, qurilish materiallarini faqat Toshkent shahri korxonalari ishlab chiqarishi, ularni joylarga yetkazib berishda ortiqcha yo‘l xarajatlarini keltirib chiqargan va qishloq joylarda namunaviy uylar tannarxining oshishi hamda sifatining yo‘qolishiga olib kelgan.

Senat raisining bildirishicha, Oliy Majlis yuqori palatasi 3 yil muqaddam, qurilish sohasidagi mavjud kamchiliklar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalarni ishlab chiqib, Vazirlar mahkamasi va boshqa idoralarga kiritgan. Ammo, bu muammolar barham topmagan, aksincha yanada jiddiylashgan.

«Biroq, 3 yillik tahlillarga qaraganda, bu muammolar barham topish o‘rniga bugun yana ham jiddiy tus olgan. Ya'ni, o‘sha paytda markazlashgan tarzda joylarga yetkazib beriladigan qurilish mahsulotlari va jihozlari 7tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 20tadan oshgan. Bunday markazlashgan tizimda korrupsiya uchun sabab va sharoitlarning yo‘qligiga kim kafolat beradi?!», - dedi Yo‘ldoshev. 

Bosh prokuraturadan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, 2017-2018 yillar va joriy yilning 4 oyi mobaynida qurilish sohasida qariyb 600 nafar shaxsga nisbatan 359ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Arzon uy-joylarning qurilishi yuzasidan qariyb 60 shaxsga nisbatan 30dan ziyod jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Senat raisi yig‘ilganlar e'tiborini kapital qurilish bilan bog‘liq yana bir holatga qaratdi. 

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 yanvardagi Farmoni bilan Davlat soliq va “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitalariga yuklatilgan bo‘sh turgan va  qurilishi tugallanmagan obektlarni aniqlash va xatlovdan o‘tkazish hamda ularning ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini oshirish vazifalari shu kunga qadar   bajarilmayapti.

Oqibatda mamlakat bo‘yicha bo‘sh turgan, qurilishi tugallanmagan, samarasiz foydalanilayotgan jami 39 mingga yaqin obektning yagona ma'lumotlar bazasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat soliq va “Yergeodezkadastr” qo‘mitalarida shakllantirilmagan. Mazkur obektlarning 11,6 mingtasining mulkdorlari tomonidan investitsiya loyihalari o‘z vaqtida taqdim etilmagan va “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilmagan», - deya ma'lumotlarni ochiqladi Yo‘ldoshev.

Birgina Andijon viloyatida qariyb 100ta davlat obektida zarur infratuzilmaga ega 90 gektar maydon va 163 ming kvadrat metr binolar bo‘sh turgani qayd etildi. Investor va tadbirkorlardan esa, bo‘sh turgan bino, samarasiz foydalanilayotgan yerlardan foydalanish bo‘yicha byurokratik to‘siqlar uchrayotganligi to‘g‘risida ko‘plab murojaatlar mavjud. Senat raisiga ko‘ra, «bunday mas'uliyatsizlik ham korrupsiyani yuzaga keltirayotgan omillardan biridir».

Mavzuga oid