Iqtisodiyot | 15:00 / 16.06.2019
50785
14 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston investorlarni qanday jalb qilishi kerak? Yoxud Prezident farmonini pisand qilmayotgan sud

O‘zbekiston iqtisodiyotiga mulkiy (binolar, inshootlar, dastgohlar va h.k.), insoniy (malaka, insonlar salomatligi) kapitallarni oshirish, shuningdek, mamlakatning innovatsion salohiyatini yuksaltirish uchun investitsiyalar suv va havodek zarur. Investitsiyalar ko‘p jihatdan iqtisodiy o‘sish va insonlar farovonligini oshirish manbaidir.

Bu holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning o‘rni juda muhim, chunki xorijiy investor qoida tariqasida nafaqat mablag‘, zamonaviy texnologiyalar, bebaho ishlab chiqarish va tijorat tajribalarni ham olib keladiki, ularning sharofatidan qisqa muddat ichida jahon standartlariga mos va xos raqobatbardosh ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin.

Mamlakatimizda investitsiyalarni jalb qilish borasidagi ahvol, yumshoq qilib aytganda, shunchaki abgor. Jahon bankining baholashicha, O‘zbekistonda aholi jon boshiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish darajasi sobiq ittifoq davlatlari orasidagi eng past ko‘rsatkichni qayd etgan. 2000–2017 yillarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof oqimi mamlakatning bir nafar fuqarosi boshiga 300 dollardan sal ko‘proqni tashkil etgan. Taqqoslash uchun: Estoniyada bu ko‘rsatkich 19,5 ming dollarga teng, Qozog‘istonda esa 9 ming dollardan ortiqroq. 2017 yilda O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalarning sof oqimi 96 million AQSh dollaridan sal kamroq miqdorni tashkil etdi, ya'ni bir kishi boshiga taqriban 3 dollardan to‘g‘ri keladi. Estoniyada 2017 yilda bo‘ ko‘rsatkich 1182 dollarni tashkil etgan.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning aholi jon boshiga sof oqimi, AQSh dollarida

Manba: Butunjahon banki ma'lumotlari

Xususiy xorijiy (jumladan, ichki) investitsiyalarning oqimi nimalarga bog‘liq?

Birinchidan, investorlar biznes yuritish sarf-xarajatlariga e'tibor qaratishadi. So‘nggi yillarda ushbu sarf-xarajatlarni qisqartirish borasida talay ishlar amalga oshirildi: valuta bozori erkinlashtirildi, naqd pullarni berish uchun ma'muriy to‘siqlar olib tashlandi, bank va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasi erkinlashtirilmoqda, biznesni rivojlantirish yo‘lidagi ma'muriy to‘siqlar bartaraf etilmoqda, soliq islohoti amalga oshirilmoqda.

Ikkinchidan, investorlarni ularning mulk huquqi nechog‘lik himoyalangani qiziqtiradi. Investor biznesga o‘zining pullari, mehnati, tajribasi va o‘z innovatsion ishlanmalarini tikadi. Bu holatda u juda ko‘plab risklarni o‘z zimmasiga oladi. Biznes turli sabablar: talab kutilganidek katta bo‘magani, bozorda kuchli raqobatchilar yoki investorning mahsulotini siqib chiqaradigan yangi mahsulotlar paydo bo‘lgani tufayli ziyonli bo‘lib qolishi mumkin. Bunday tijoriy risklar bozor iqtisodiyoti sharoitida tabiiy hol. Ularni ishbilarmonning o‘zi, aytaylik, marketing dasturlari yoki ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash orqali boshqarishi kerak.

Biroq, tabiiy bozor mexanizmlarining ta'siri tufayli yuzaga kelgan risklardan tashqari, mulk huquqini poymol qilish bilan bog‘liq boshqa risklar guruhi ham bor. Ishbilarmonlarda ularni kamaytirish imkoniyati juda past va cheklangan. Shu sababli mulk huquqini himoya qilish — bu davlatning eng asosiy majburiyatlaridan biri sanaladi. Faqat davlatda bu funksiyani to‘laqonli bajarish uchun qurollar to‘plami bor: bular — qonunchilik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud tizimi va boshqalar. Modomiki samarali iqtisodiyotga ega bo‘lishni istar ekan, davlat o‘z qudratiga tayangan holda quyidagilarni amalga oshirishi kerak (shart):

  • Barqaror, shaffof, biri boshqasini inkor etmaydigan qonunchilik;
  • Mansabdor shaxslarning o‘zboshimchaligi oldini oluvchi, ijroiya hokimiyatini vakillik va sud hokimiyatlari, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari nazoratiga bo‘ysundiruvchi, bo‘lingan hokimiyatlarga ega, ularni tiyib va posangi bo‘lib turuvchi tizim;
  • Qonunlarning bajarilishini ta'minlash va iqtisodiyot sub'yektlari huquqlarini himoya qilishga chog‘langan samarali va mustaqil sud tizimi;
  • Biznes yuritish uchun teng va adolatli shart-sharoitlar.

«Bozor junglisi»ga qadam bosar ekan, tadbirkor davlat uning investitsiyalarini himoya qilishiga ishonib, o‘z «fronti orti»dan ko‘ngli to‘q bo‘lishi kerak. Kimdan? Firibgarlardan, banditlardan, nohalol sheriklardan. Eng asosiysi — davlatning o‘z vakillaridan.

Chunki ko‘pgina hollarda xususiy mulk huquqini poymol qilayotganlar mansabdorlarning o‘zi bo‘lib chiqmoqda, ular o‘zlarining turli maqsadlari yo‘lida xususiy mulk muhofazasida turishi kerakligini unutib qo‘yishmoqda. Gohida bu maqsadlar juda balandparvoz ohangga ega, ayrim vaqtlarda esa aniq korrupsion xarakter bo‘y ko‘rsatadi. Lekin, mulk huquqi «ezgu maqsadlar» bilan poymol qilingan paytlarda ham bu hol investitsion muhitga ulkan ziyon yetkazadi, mamlakat iqtisodiyotini investorlar uchun jozibasiz qilib qo‘yadi, binobarin, mamlakatni kelajakdan ayiradi.

Nega O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalar kelmayapti?

Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyotining past darajadagi investitsion jozibadorligiga sabab — xususiy mulk huquqini muhofaza qilish mexanizmlarining o‘ta kuchsizligi, aytishim mumkinki, falajligidir. Bugungi kunda biz nimalarga egamiz:

  • Beqaror, noshaffof, murakkablashtirilgan, taqiqlovchi va bir-birini inkor qiluvchi, mansabdorlar istagan paytda ularni o‘z foydasiga burib yuborishi mumkin bo‘lgan qonunchilik (bunga yana ko‘plab qonunosti hujjatlarini ham qo‘shing);
  • Ijroiya hokimiyatining tiyib turish tizimiga ega bo‘lmagan, chegaralanmagan hokimiyati;
  • Samarasiz va mustaqil bo‘lmagan sud tizimi;
  • Biznes yuritishning teng bo‘lmagan shart-sharoitlari, halol raqobat qoidalari buzilishi.

So‘nggi yilarda bu sohada vaziyatni o‘nglash uchun talay ishlar amalga oshirildi. Biroq, taassufki, keskin burilishga erisha olmadik.

«Sovplastital» ishi

Mening qo‘limga mulk huquqini muhofaza qilish muammolarini ko‘zgudagidek aks ettiradigan hujjatlar kelib tushdi. Bu ishni o‘rganib, investorlar nega O‘zbekistonni chetlab o‘tishlarini osongina anglash mumkin. Gap «Sovplastital» — bir vaqtlar mamlakat kimyo sanoati yetakchisi bo‘lgan kompaniya haqida bormoqda.

Kompaniya italiyalik hamkorlar bilan qo‘shma korxona sifatida uzoq 1987 yilda tashkil etilgan. Xorijiy investorlar tomonidan taklif etilgan texnologiyalar plastmassadan rang-barang assortimentdagi buyumlar: kundalik ro‘zg‘or buyumlaridan tortib, sun'iy gullargacha ishlab chiqarish imkonini bergan. 1990 yilda korxona SSSR kimyo sanoati tizimida plastmassadan yasaladigan buyumlarning 25 foizini ishlab chiqargan.

Korxona rahbariyati butun dunyodan eng ilg‘or qayta ishlash texnologiyalarini keltirib, rangli shisha, keramika, chinni, yangi yil assortimenti buyumlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan edi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nafaqat mamlakat ichida, xorijda ham sotilayotgandi.

Korxonada 2007 yilgacha 1000dan oshiq odam mehnat qilib, ular nafaqat ishlab chiqarish jarayonida band edilar, shuningdek intellektual mulk yaratishayotgandi. O‘zining faoliyat davrida korxona 590dan ortiq sanoat mulki, 480ta sanoat namunalari, 100dan ortiq ixtirolarni ro‘yxatdan o‘tkazgan. O‘zbekiston fan va texnika davlat qo‘mitasi 1996 yilda kompaniyaning intellektual mulkini qariyb 4 million dollarga baholagan.

2008 yilda valuta konvertatsiyasi yopilishi xomashyo olib kirish imkoniyatini chekladi, ishlab chiqarish hajmini qisqartirdi va bular kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlari keskin yomonlashuviga olib keldi. Qiyinchiliklarga qaramasdan, korxona ishlashda davom etdi.

2017 yilga kelib, korxona aksiyalari davlatga ham (30 foizi), xususiy investorlarga, jumladan, aksariyati ikkilamchi bozorda bu qimmatbaho qog‘ozlarni xarid qilgan xorijiy investorlarga ham tegishli edi.

2017 yilda korxonani shunchaki qonuniy egalaridan tortib olib qo‘yishdi. Tortib olganda ham allaqayoqdagi banditlar emas, mulk huquqi himoyasida turishi kerak bo‘lgan mansabdorlarimiz olib qo‘yishdi. Asos — uzoq 1997 yildagi go‘yoki «noto‘g‘ri» xususiylashtirish.

O‘shanda Davlat mulklarini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi va «Sovplastital» kompaniyasi bilan tuzilgan bitimga ko‘ra, korxona aksiyalari qo‘yidagicha taqsimlangan: davlatga — 30 foiz, mehnat jamoasiga — 60 foiz, xorijiy kompaniyalarga — 10 foiz. Bunday yondashuv xususiylashtirish qoidalari va amaliyotiga to‘la mos bo‘lgan. Xususiylashtirishdan so‘ng davlatga tegishli bo‘lmagan ko‘plab aksiyalar o‘z egalarini qimmatbaho qog‘ozlarning ikkilamchi bozoridagi bitimlarga asosan o‘zgartirgan.

Nega endi oradan 20 yil o‘tgach bu bitimni to‘satdan noqonuniy deb topishga qaror qilishdi? Nimaga asosan? Men sudga kiritilgan da'vo arizalarini (ular — ikkita) o‘qib ko‘rib, bu asoslarni topa olmadim.

Boz ustiga, xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish talabi yozilgan da'vo arizasi amaldagi qonunchilikka ziddir. Gap shundaki, 2017 yilning 17 yanvar kuni qabul qilingan, Prezidentning PF-4933-sonli «Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki obektlarini sotishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida aniq-tiniq qilib yozib qo‘yilgan: «2. Quyidagilar taqiqlansin… davlat organlari, shu jumladan nazorat, huquqni muhofaza qilish organlari va sudlar tomonidan xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan, obektlar qiymatini baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalarini o‘rtaga qo‘yish».

Da'vo arizasi esa 2017 yilning 5 mayida berilgan. Ya'ni, prezident farmoniga ochiqdan-ochiq bepisandlik qilinmoqda.

Lekin sudni bu holat zarracha tashvishlantirmaydi va u nihoyatda tezkorlik bilan (2017 yilning 31 mayida) kompaniya ustav fondida davlat ulushi huquqi 96,67 foiz, degan qaror chiqarib beriladi. Qaror masalaning mohiyati chuqur o‘rganilmasdan chiqariladi, chunki sud iltimosnomalar chegarasidan nariga o‘tmagan. «Sovplastital» himoyasi uchun turib bergan Savdo-sanoat palatasining qarshi arizasi ko‘rish uchun qabul ham qilinmagan.

Xo‘sh, qaror nima asosida chiqarildi? Aniqlanishicha, SSSR parchalangach, korxonaga egalik qilgan ittifoq vazirligining mulklari O‘zbekiston ixtiyoriga o‘tishi kerak ekan. Xo‘p, yaxshi, SSSR 1991 yilda tarqaldi va korxona davlatimiz ixtiyoriga o‘tdi, ham deylik. Lekin bu yerda 1997 yilda o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qoidalar bilan o‘tkazilgan va Davlat mulk qo‘mitasining tegishli hujjatlari bilan mustahkamlangan xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqishning nima aloqasi bor? Sud negadir bu hujjatlarning hammasini, jumladan, mulk huquqiga davlat orderini ham qonuniy kuchga ega emas deb topdi.

Xususiylashtirishning mazmun-mohiyati ham aslida davlat mulkini nodavlat mulk qilish emasmi? 1997 yildagi qonunbuzarliklar nimalardan iborat bo‘lgan ekanki, Davlat mulk qo‘mitasining qarorlari bekor qilinsa? Men bu savollarga javob topa olmadim. Chunki ular yo‘q. Faqatgina 1991 yilda «Sovplastital» mulkining 96,67 foizi davlatga tegishli bo‘lganini (boshqa dalillar yo‘q!) hisobga olib, sud korxonaning 1997 yilda xususiylashtirilgani haqidagi qarorni bekor qilmoqda. Absurd!

Eng asosiysi, sud qarori ishga mulklari davlat ixtiyoriga tortib olingan aksiyadorlarni jalb qilmasdan o‘tkazilgan. O‘zi mulk davlat ixtiyoriga o‘tkazilishining uch xil ko‘rinishi bor: milliylashtirish (natsionalizatsiya), rekvizitsiya va musodara qilish. Milliylashtirish va rekvizitsiya tovon puli to‘lashni taqozo etadi (bu narsa qilinmagan), mulkni musodara qilish esa, Fuqarolik kodeksining 204-moddasiga ko‘ra faqat sodir etilgan jinoyatlar yoki boshqa huquqbuzarlik yuzasidan amalga oshiriladi. Aksiyadorlar qanday jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etishgan?

Boz ustiga, ikkilamchi bozorlarda korxonaning aksiyalarini xarid qilgan aksiyadorlarning aybi nimadaligi umuman tushunarsiz. Nega ular uchinchi shaxslarning go‘yoki noqonuniy xatti-harakatlaridan jabr ko‘rishlari kerak?

Bu maqola mavzusi nuqtai nazaridan nimalarni bilib olmoqdamiz?

1. O‘zbekistonda mulkni hech qanday qonuniy asoslarga ega bo‘lmasdan turib, hattoki prezident farmoniga ters bo‘lsa-da, tortib olish mumkin.

2. Sudlar qonun himoyasida tura olishmaydi, aksincha, yuqoridan tushirilgan har qanday qarorni imzolashga tayyor.

3. Sud qarorlariga ko‘ra formal jihatdan hech qanaqasiga aybsiz bo‘lgan mulkdorlarning huquqi himoya qilinmaydi.

4. Tadbirkorlarda o‘zining mulk huquqini himoya qilish uchun ta'sirli mexanizmlar yo‘q.

Xulosa: toki biz mulk huquqini ta'sirchan himoyalay olish tizimini yarata olmas, tadbirkorlarning huquqlarini muhofaza qilish va poymol qilmaslikni o‘rgana olmas ekanmiz, uzoq muddatli hamda yuqori texnologiyali loyihalar bilan chinakam investorlar kelishini kutib ham o‘tirmasligimiz kerak.

Yana bir narsa. Davlat o‘zining noto‘g‘ri, huquqlarni poymol qiluvchi qarorlarini qayta ko‘rib chiqishni o‘rganishini istar edik. Bu bilan investorlarga ularning huquqlari himoyasiga tayyorligini ko‘rsatib qo‘ygan bo‘lar edi.

Yuliy YuSUPOV,
iqtisodchi

P.S. «Sovplastital» kompaniyasi bilan bog‘liq batafsilroq maqolani Kun.uz’ning keyingi chiqishlarida o‘qiysiz.

Mavzuga oid