O‘zbekiston | 12:45 / 19.06.2019
108313
5 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyati hokimi MIB boshlig‘ini haqoratlab, unga tahdid qilgandi. Byuro rahbariyati holat bo‘yicha izoh berdi

Bugun, 19 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlari va jurnalistlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida OAV xodimlari MIB faoliyatini takomillashtirish, asossiz qarzdorlik to‘lovlarini undirish kabi holatlar va sohadagi mavjud qator kamchiliklar va ularni bartaraf etish choralari yuzasidan savollar berishdi.

Savollardan biri Farg‘ona viloyati MIB rahbari bilan ro‘y bergan hodisa yuzasidan bo‘ldi.

«Farg‘ona viloyati hokimining (Shuhrat G‘aniyev) viloyat MIB rahbariga (Akmal Karimov) nisbatan qo‘pol gaplari internetda tarqaldi.

Biz viloyat hokimi bilan bog‘landik. U internetda tarqalgan gaplar eski gapligini, hozirda byuro rahbari bilan aloqasi yaxshiligini aytib o‘tdi.

Biz bu borada qat'iy chora ko‘rish bo‘yicha murojaat qilmaganmiz. Shu jumladan, Farg‘ona viloyati MIB boshlig‘i ham hech qayerga murojaat qilmagan», deya Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori o‘rinbosari Sodiqjon Berdialiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

May oyi oxirida «Ozodlik» radiosi Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev tomonidan o‘tkazilgan majlislardan birida olingan audioni tarqatgandi.

Xabarda bu audio 2019 yilning 22 may kuni viloyat hokimligida o‘tkazilgan majlisda yozib olingani aytilgandi.

Audioxabarda viloyat hokimi Majburiy ijro byurosi va Soliq idorasi boshliqlariga ularning «ichagini sug‘urib, boshiga salla qilish» bilan tahdid qilganini eshitish mumkin.

«Bekor hazillashyapsan ikkalang. Umring 5 yil, 10 yil qamoqda o‘tadi. Sen MIB boshlig‘i bo‘lasanmi, boshqa bo‘lasanmi, undan nari bo‘lasanmi, sen nomardlarni.

Bizning odamlarimiz nima bo‘ladi? Bizning ko‘chalarimiz nima bo‘ladi? Suvimiz nima bo‘ladi, obod qishlog‘imiz nima bo‘ladi? Pulni qayerdan olaman?», deydi hokim.

Keyin u tanqidga uchragan rahbarlarga tushuntirish xati yozib berishni tayinlagan.

«Xatni yozib berasiz, uka. Biz bu pulni tushirib bera olmaymiz, kechirasiz, bu qo‘limizdan kelmaydi, deb yozasiz, keyin sizni bezovta qilmaymiz», deya yumshoq ohangda gapiradi u.

Keyin u yana dag‘dag‘a qilishga o‘tadi.

«O‘zimni bosib turibman. Ichagingni olib, boshingga salla qilib qo‘yish qo‘limdan keladi, lekin o‘zimni bosib turibman.

Men bu ahvolni keng jamoatchilikka ham yetkazaman. Sen nomardlar, soliq boshlig‘i - Toshkent shahar fuqarosi, MIB boshlig‘i - Toshkent shahar fuqarosi. Farg‘onada lavozimga tayinlanib, farg‘onaliklarni botqoqqa botiryapti, deb men senlarni muhokama qilaman, sen imoningga o‘t tushgurlarni. Sen nomardlarni.

Ozgina imkoniyat topilsa men senlarni qamataman. Soliq boshlig‘iyam, MIB boshlig‘iyam javobgar bo‘lasan. Xudo degin, may oyi rejasini bajaraylik - 400 million so‘m. 

Bajarilmasa, ikkalang javobgar bo‘lasan, javobgar qilaman, jinoiy javobgarlikka torttiraman. Nimaiki imkoniyat topsam, jinoiy javobgarlikka torttiraman, qanaqa harakat qilib bo‘lsayam. Ogohlantirib qo‘yaman ikkalangni.

Menga unaqa sotqinlar kerak emas. Bular sotqin. Bular kulyapti biz farg‘onaliklar ustidan. Kulyapti bular.

Nomard bo‘lmasa 3 milliard 700 million so‘mdan 229 million pul undiradimi? Butun dor tagidan qochganlar yig‘ilgan», deydi viloyat hokimi.

Ma'lumot uchun, 2018 yilning dekabrida Yunusjon Zoxidovich Nasimjanov  Farg‘ona viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangandi. U 1967 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1991 yili Toshkent davlat texnika universitetini, 1997 yili Toshkent moliya institutini tamomlagan. Ma'lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – iqtisodchi.

Farg‘ona viloyati MIB boshlig‘i Akmal Shavkatovich Karimov qachondan buyon bu lavozimdaligi, shuningdek qachon va qayerda tug‘ilgani to‘g‘risida ochiq manbalarda ma'lumotlar yo‘q.

Mavzuga oid