Murojaat natijasi – Xatirchidagi ko‘prik qayta qurildi va qatnov tiklandi
Kun.uz saytida joriy yilning 27 mart kuni «Xatirchida ko‘prikning abgor ahvolidan aholi aziyat chekmoqda. Muammoni kim hal qiladi?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.
Unda Navoiy viloyati, Xatirchi tumani «Guliston» mahallasidagi tuman markazi bilan bog‘laydigan ko‘prik yaroqsiz holatga kelib qolgani, shu tufayli qatnov to‘xtatilgani, bu holatdan aholi aziyat chekayotgani, mutasaddilar bu muammoni hal etish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmayotgani jurnalistik surishtiruv asosida yoritilgan edi.
O‘rganishimiz davomida mahalla aholisi o‘z e'tirozlarini bildirib o‘tgan edi: «Ayni vaqtda mahallamizdan tuman markaziga o‘tadigan ko‘prikda harakat to‘xtatilgan. 2000 yilda qurilgan ko‘prik yaroqsiz holatga kelib qolgan. Mahallamizga kirish yo‘li yopilgan. Bu tuman markaziga ishga, o‘qishga va turli yumushlar bilan boradigan aholiga turli noqulayliklar tug‘dirmoqda. Axir mahallamizda ikki yarim mingdan ziyod kishi yashaydi. Qolaversa, quyi tomonda yana bir nechta mahalla va qishloqlar bor. Hozir aylanma yo‘l orqali tuman markaziga qatnayapmiz. Ammo bu yo‘l umuman talabga javob bermaydigan loy ko‘cha. Qolaversa, katta ariq bo‘ylab o‘tgan bu aylanma yo‘lda xavfsizlik ta'minlanmagan. Yaqinda bir avtomobil ariqqa tushib ketdi. Yomg‘ir yoqqan vaqtda o‘nlab mashinalar loyga botib qoladi. Shu bois, transport vositalari tuman markazidan mahallaga kelishni istamaydi. Ko‘prikni qisqa vaqtda ta'mirlashning imkoni bo‘lmasa, shu aylanma yo‘lga shag‘al to‘kib, biroz bo‘lsa-da, ta'mirlab berishsa bo‘ladi-ku?! Axir, aholi bu aylanma yo‘ldan qatnashga juda qiynalmoqda».
Shundan so‘ng ushbu tanqidiy maqolaga Navoiy viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi o‘z munosabatini bildirib, tahririyatga bu masala yuzasidan tegishli chora-tadbirlar olib borilayotgani haqida ma'lumot bergandi.
Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati esa «Kun.uz»ga «Guliston» mahallasidagi tuman markazi bilan bog‘laydigan yaroqsiz holatdagi ko‘prikni qayta qurish ishlari boshlanganini ma'lum qilgan edi.
Mahalla aholisining tahririyatga ma'lumot berishicha, ayni vaqtda ko‘prikni qayta qurish ishlari yakuniga yetib, qatnov tiklangan.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
12:16 / 01.11.2024
Navoiyda odamlar daromadini ko‘paytirish masalasi ko‘rib chiqildi
21:27 / 31.10.2024
Navoiy davlat universiteti tashkil etildi
21:16 / 31.10.2024
Prezident Navoiy viloyatida yirik va strategik loyihalar bilan tanishdi
16:28 / 31.10.2024