Tanqidga munosabat: Farg‘ona shahridagi ichimlik suvi quvuri ta'mirlanib, aholiga suv ta'minoti tiklandi
15 may kuni Kun.uz saytida Farg‘ona shahri, «Madadkor» MFY hududidagi Istiqlol va Said Ahmad ko‘chalari kesishmasida yotqizilgan quvur yetti yildan beri yorilib yotgani, oqibatda minglab kubometr ichimlik suvi isrof bo‘layotgani haqida xabar berilgan edi.
Maqolada yer ostidagi diametri 500 mm bo‘lgan quvurdan katta bosim bilan otilib chiqayotgan suv kanalizatsiya tarmog‘iga oqib ketayotgani hamda katta namlik tufayli yo‘l qismi cho‘kib, aholiga katta noqulaylik tug‘dirayotgani ko‘rsatilgan.
Shahar «Suvoqova» vakillari shaharning katta qismiga ichimlik suvi yetkazib beruvchi quvurni ta'mirlash uchun bir-ikki sutka davomida o‘sha hududga suv yetkazib berilmasligi uchun paysalga solinayotganini bildirishgandi.
Aholi vakillarining bizga fotosuratlarni jo‘natgan holda xabar berishlaricha, maqola Kun.uz saytida e'lon qilingach, o‘sha kunning o‘zida tegishli soha vakillari yetib kelib, ta'mirlash ishlariga kirishgan.
18 iyun kuni Farg‘ona shahrida bo‘lib, mummoli holat yuz bergan Istiqlol ko‘chasiga bordik. Darhaqiqat, Farg‘ona shahar «Suvoqova» korxonasi tomonidan kamchilik to‘la bartaraf qilinishi arafasida ekan.
Shahar «Suvoqova» korxonasi rahbari Mahmudjon Tojiboyev bizga quyidagicha axborot berdi: «Farg‘ona viloyat «Suvoqova» DUK Farg‘ona shahar filiali ishchi xodimlari mavjud kamchilikni bartaraf etish ishlari 16 iyun kuni soat 16 :00da boshlanib, 17 iyun kuni soat 17:00da yakuniga yetkazildi. Ta'mirlashdan oldin shaharning mana shu quvurdan suv ichadigan qismi mahalliy televideniye va radiosi orqali ogohlantirildi. Tarmoqda ish tashkil etilgan vaqt davomida esa aholining suvga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida, 3ta maxsus mashinalarda aholi xonadonlari, tashkilot va muassasalarga ichimlik suvi yetkazib berildi. Soha xodimlari tomonidan ish tashkil qilinishi natijasida Farg‘ona shahar, «Madadkor» MFY hududi Istiqlol ko‘chasidagi diametri 500 millimetrlik markaziy ichimlik suv tarmog‘ining 20 metr uzunlikdagi nosoz qismi almashtirildi.
Vaziyat O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hamda Farg‘ona viloyat hokimligi tomonidan to‘liq nazoratga olinib, ayni paytda suv tizimi faoliyati qayta ishga tushirildi va aholiga ichimlik suvi yetkazib bermoqda».
Biz borgan paytda suv quvurining nosoz qismi almashtirilib, aholiga suv berish ishlari boshlangan ekan. Quvurni to‘la ko‘mib, tekislash va aholiga noqulaylik tug‘dirmaslik uchun harakat davom etmoqda.
Elmurod Ermatov,
Farg‘ona
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
08:48 / 08.11.2024
Suv tannarxi oshib ketayotgan hududlar ma’lum qilindi
11:06 / 03.11.2024
Farg‘onada ariqdan erkak kishining jasadi topildi
21:48 / 28.10.2024
Qirg‘iziston qo‘shni davlatlarga qancha suv berayotganini e’lon qildi
12:00 / 26.10.2024