O‘zbekiston | 12:30 / 20.06.2019
151776
2 daqiqa o‘qiladi

Otabek Murodov Bosh prokuror lavozimidan ozod etildi

Otabek Bahritdinovich Murodov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimidan ozod etildi.

Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, u O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 12-bandiga muvofiq lavozimidan ozod etilgan va uning o‘rniga Senat raisi Nig‘matulla To‘lqinovich Yo‘ldoshev O‘zbekiston Bosh prokurori etib tayinlangan.

Otabek Murodov 2018 yilning yanvarida Ixtiyor Abdullayev o‘rniga bosh prokuror bo‘lgandi.

Qayd etish kerakki, bu so‘nggi 4 yil davomida to‘rtinchi marta O‘zbekiston bosh prokurori o‘zgarishi bo‘lmoqda. 2000 yil fevralidan O‘zbekiston bosh prokurori bo‘lgan Rashid Qodirov 2015 yilning aprelida lavozimini tark etgan va uning o‘rnini Ixtiyor Abdullayev egallagandi. Abdullayev 2017 yil yanvarida Davlat xavfsizlik xizmati rahbari lavozimini egallagach, uning o‘rnida Otabek Murodov ish boshlagandi. Ayni vaqtda ikki sobiq bosh prokuror - Rashid Qodirov va Ixtiyor Abdullayevga qarshi jinoiy ish ochilgan va ularning ikkisi ham tergovda.

Senatning yangi raisi 21 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan yalpi majlis vaqtida prezident taqdimnomasiga muvofiq senatorlar tomonidan saylanishi kutilmoqda.

Nig‘matulla Yo‘ldoshev 1962 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Toshkent davlat yuridik institutini (hozirda universitet) tamomlagan.

Nig‘matulla Yo‘ldoshev

U 1987 yildan 2011 yilgacha prokuratura tizimida turli lavozimlarda ishlagan, xususan, 2008-2011 yillarda Bosh prokuror o‘rinbosari bo‘lgan.

Nig‘matulla Yo‘ldoshev 2011 yilda O‘zbekiston Adliya vaziri lavozimiga tayinlangan va bu lavozimda 2015 yil yanvariga qadar ishlagan.

U 2015 yil yanvarida prezident qarori bilan senator etib tayinlangan, 2015 yilning 22 yanvarida yashirin ovoz berish yo‘li bilan Senat raisi lavozimini egallagandi.

Mavzuga oid