O‘zbekiston | 14:10 / 20.06.2019
26905
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari»: biz monopol emasmiz!

Bugun, 20 iyun kuni Milliy matbuot markazida «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 noyabrdagi PF-5584-sonli «O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosi bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi.

Tadbir davomida «O‘zbekiston havo yo‘llari»ga nisbatan ko‘p ishlatiluvchi monopoliya masalasi ko‘tarildi va qachon bu holatga barham berilishi so‘raldi.

Bu savolga «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK direktori o‘rinbosari Umid Husanov javob qaytardi.

«Negadir shu masala ko‘p ko‘tariladi. To‘g‘ri, biz respublika hududidagi yagona aviatashuvchimiz. Lekin monopol tashkilot emasmiz! Biz hech kimga qarshi emasmiz, kelsin, aviakompaniya ochsin, marhamat – ishlasin. Aksincha, sog‘lom raqobatda rivojlanish bo‘ladi. Samolyot sotib olsin, uchuvchi topsin, zarur tashkilotlar bilan kelishsin, ishlayversin», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning so‘zlariga MAK moliyaviy iqtisodiy departamenti direktori Alisher Sattorov qo‘shimcha qildi.

«Loukoster, monopoliya bo‘yicha masalalarda ko‘pchilikni bitta masala qiziqtiradi. Arzon narxlar, qulay xizmat. Mana masalan, o‘tgan yil qish mavsumida biz eng ko‘p qatnov uyushtiriladigan Moskva yo‘nalishidagi narxlarni 80 yevrogacha tushirdik. Mana shuni loukoster alomatlari, monopoliya susaygani sifatida baholash mumkin. Qolaversa, Rossiyadan turistik oqim oshib bormoqda va ko‘pchilik bizning xizmatlardan foydalanmoqda. Holbuki, Rossiyadan bizga uchib kelishda 9ta aviakompaniya xizmat ko‘rsatadi. Demak bizni tanlashlari bejizga emas», deydi u.

Mavzuga oid