O‘zbekiston | 11:50 / 25.06.2019
25156
3 daqiqa o‘qiladi

«Olmaota - Toshkent - Olmaota» reysi bekor qilindi

Qozog‘istonning Olmaota shahridan Toshkentga va Toshkentdan Olmaotaga poyezd reyslari bekor qilindi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati ma'lum qildi.

«Texnik sabablarga ko‘ra, 2019 yil 25 iyun kuni Olmaota - Toshkent - Olmaota yo‘nalishidagi №001/002-sonli poyezd Toshkentga kelishi va undan jo‘nab ketishi amalga oshirilmaydi. Mazkur yo‘nalishlar uchun chiptalarni sotib olgan yo‘lovchilar temir yo‘l kassalariga yo‘l hujjatlari (chiptalari)ni taqdim etgan holda ularga chiptalarning qiymati to‘laligicha qaytariladi», deyiladi xabarda.

Qozog‘istonning Aris shahridagi harbiy qismda joylashgan o‘q-dori omborxonasida portlashlar poyezdlar harakatiga ta'sir qildi. Qozog‘istonning «Temiryo‘l yo‘lovchi tashuvi» kompaniyasi 13ta yo‘lovchi poyezdi, xususan, «Ufa—Toshkent» (№382) va «Samarqand—Nur-Sulton (Ostona)» (№252) poyezdlari qatnovini vaqtincha to‘xtatgandi.

24 iyunda 44,3 ming kishi yashaydigan Aris yaqinidagi harbiy qismda o‘q-dorilar portlashi yuz berdi. Voqea sababi va tafsilotlari aniqlashtirilmoqda. Shahar aholisi evakuatsiya qilingan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, voqea oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, 70 dan ko‘proq kishi jarohat olgan, ulardan 15 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Portlashlar yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Arisdagi portlashlar tufayli «Ufa—Toshkent» yo‘nalishida harakatlangan poyezd Turkistonda to‘xtab turgani to‘g‘risida ma'lumot bergan.

«O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yil 24 iyun kuni Qozog‘istonning Aris shahridagi favqulodda vaziyat munosabati bilan Ufa shahridan Toshkent shahriga harakatlanayotgan va ichida O‘zbekiston fuqarolari yo‘lovchi va bortprovodniklar bo‘lgan 382-son temir yo‘l reysi to‘xtatib qo‘yilgan. Ayni paytda poyezd Turkiston shahri temir yo‘l vokzalida turibdi va yo‘nalish bo‘yicha harakatlanishga ruxsat berilishini kutmoqda.

Vaziyat Bosh konsulxona nazoratiga olingan. Poyezd yo‘lovchilariga suv va oziq-ovqat berilmoqda. Poyezdning qachon harakatni davom ettirishi Aris shahridagi vaziyat barqarorlashishiga bog‘liq. 

Konsullik-huquqiy departamenti Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur vaziyatlarda O‘zbekistonning Nur-Sulton shahridagi Elchixonasiga (tel. :  +7-717-295-42-52) yoki Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasiga (tel. :  +7-727-291-11-78) murojaat qilishlari mumkinligini eslatadi», deyiladi vazirlik xabarida

Mavzuga oid