«Tuzkon ko‘lining suvi AES reaktorlarini sovitish uchun yetarli» - «O‘zatom» rahbari ko‘l suvi zararlanmasligi haqida gapirdi
Bugun, 28 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekistonning neft-gaz siyosati muammolari va istiqbollari, shuningdek, aholini energiya mabaalari bilan ta'minlash mavzusida brifing va jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda elektr energiya va issiqlik energiyasi, ko‘mir ishlab chiqarish, neft, gaz va ularni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlarni qazib olish, qayta ishlash, sotish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilindi.
OAV vakillari Jizzaxdagi Tuzkon ko‘lining suvi atom elektr stansiyasi reaktorlarini sovitish uchun yetish-yetmasligini so‘rashgan. Mutasaddilar yetarli ekanini tasdiqlashdi.
«Bunday hisob-kitoblar olib borilmoqda va biz sovitishning turli variantlarini ko‘rib chiqyapmiz», — deya aniqlik kiritgan «O‘zatom» agentligi bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Tadbir davomida sohilda atom elektr stansiyasi qurilishi kutilayotgan Tuzkon ko‘lining xavfsizligi masalasida savol berilgan.
«Biz qancha suv kerakligi va suvdan qanday foydalanilishi haqida juda ko‘p gapirdik. Bug‘ni ishlab chiqish, elektr energiyasini generatsiya qilish, sovitish uchun AES tomonidan sarf qilinadigan suv miqdori bizning hozirgi issiqlik elektr stansiyalarimizdagi suv sarfidan ko‘p emas. Ayni vaqtda atrof-muhitni ifloslantiradigan ajratmalar, oqindi suvlar bo‘lmaydi», — degan Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Mutasaddining ta'kidlashicha, Vengriyadagi quvvati 440 megavatt bo‘lgan va SSER texnologiyasi qo‘llaniladigan AESda suv Dunay daryosidan olinib, yana uning o‘ziga oqiziladi — bunda ekologiyaga hech qanday ta'sir bo‘lmaydi. U yerda bemalol baliq ovlashadi — AES sharofati bilan suv iliqlashib, u yerda baliqlar avvalgidan ham ko‘paygan.
«O‘zatom» rahbari AES ishga tushganidan keyin ham Tuzkonda avvalgidek cho‘milish mumkin bo‘lishini bildirdi: «AESdan tashqaridagi sohil bo‘yida yashash, ishlash, cho‘milish, suratga tushish mumkin bo‘ladi... Albatta, butun dunyoda bo‘lgani singari, bu yerda ham turkumlashtirilgan obektlarga xos cheklovlar bo‘ladi».
OAV vakillari bilan muloqot davomida Jizzaxdagi AESning ekologik toza bo‘lishiga qat'iy talablar qo‘yilishi ma'lum qilindi.
«Ekologik monitoring har bir perimetrda har bir yo‘nalish bo‘yicha olib borilmoqda. Bu AES atrofidagi bir necha kilometr maydonni ham o‘z ichiga oladi. AES qurilganidan so‘ng ekologik vaziyat yanada yaxshilanadi», degan Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Mavzuga oid
20:20 / 16.10.2024
AES direksiyasi rahbari: Ishlatilgan yadro yoqilg‘isi Rossiyaga olib ketiladi
19:38 / 08.10.2024
“2030 yilga borib gaz importi 10-11 mlrd kub metrga yetishi mumkin” - energetika vaziri
20:45 / 07.10.2024
Gazlashmagan hovlilar uchun ham elektr energiyasiga 50 foizlik chegirma berilishi mumkin
18:52 / 06.10.2024