Jamiyat | 17:31 / 29.06.2019
5857
3 daqiqa o‘qiladi

Alisher Qodirov: partiyamiz tizimida ayollarning bir soat kamroq ishlashiga sharoit yaratib berish amaliyotini sinovdan o‘tkazyapmiz

Kecha, 28 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosida 30 – iyun «Yoshlar kuni» munosabati bilan O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi bir guruh yoshlar hamda OAV vakillari ishtirokida ochiq muloqot tashkil qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Unda siyosiy partiyaning yangi saylangan rahbari Alisher Qodirov yoshlar va jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob berdi. 

Tadbir davomida davlat va nodavlat tashkilotlarida xodimlarning mehnat qonunchiligida belgilanganidan ko‘p vaqt ishlashi masalasida savol berilgan.

«Mehnat qonunchiligiga bir xilda amal qilinmasligi haqiqatda og‘riqli masala. Bunda ayniqsa, turli tashkilotlarda ishlovchi ayollar ko‘proq qiynalishadi. 

Men bir muddat avval respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazida ishlagan paytimda davlat va nodavlat tashkilotlarida ishlovchi ayollarning o‘zi, oilasi va farzandlariga ko‘proq vaqt ajratishlari uchun sharoit yaratish maqsadida ularning belgilanganidan bir soat kamroq ishlashini taklif qilgandim.

Milliy qadriyatlarni himoya qilish partiyamizning asosiy maqsadlaridan biridir. Qadriyatlarimizda ayolga hurmat alohida o‘rin tutadi. Shu boisdan, Milliy tiklanish partiyasiga rahbar bo‘lib kelganimdan so‘ng viloyat bo‘limlariga tavsiya xati yubordim. Ya'ni korxona-tashkilotlardagi ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasida tuziladigan jamoa shartnomalariga ayollarning istagidan kelib chiqib bir soat qisqartirilgan ish vaqtini belgilash bo‘yicha qoida kiritishni taklif qilyapmiz. 

Taklifga ko‘ra, agar partiyamiz tizimida ishlovchi ayollar o‘zi istasa belgilanganidan bir soat kamroq ishlashi va ko‘proq vaqtini o‘zi va oilasi uchun ajratishi mumkin. Qaytaraman, bu majburiyat emas, tavsiya», deydi partiya rahbari.

Alisher Qodirovning aytishicha, bir nechta hududiy bo‘limlarda sinovdan o‘tkazilgan mazkur amaliyot o‘zining yaxshi samarasini bergan. Xususan, ayollarning ishga bo‘lgan munosabati, qarashi yaxshi tomonga o‘zgardi, ish unumi oshdi, o‘zlarining aytishicha, endi ular farzandlari tarbiyasiga ko‘proq vaqt ajratmoqdalar.

Mavzuga oid