Jizzaxda yosh ijodkorlar uchun mahorat maktabi - Zomin seminari bo‘lib o‘tmoqda
Kecha, 3 iyul kuni Jizzax viloyati Zomin tumanidagi "O‘riklisoy" oromgohida yosh ijodkorlarning Respublika seminari boshlandi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, "Ijod" jamoat fondi hamda Jizzax viloyat hokimligi tomonidan tashkil qilingan mazkur tadbirda 200 ga yaqin yosh ijodkorlar, adabiyotshunos olimlar va boshqa taniqli ijodkorlar ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Anjumanda yosh ijodkorlar uchun badiiy adabiyotning nazm, nasr, dramaturgiya, badiiy publitsistika, badiiy tarjima, bolalar adabiyoti va adabiy tanqid kabi yo‘nalishlarida mahorat darslari o‘tkazilmoqda.
"Yosh ijodkor o‘z iste'dodiga bo‘lgan ishonch va shubha tuyg‘ulari orasida yashaydi. Bu hodisa esa har bir iste'dodga xos. Ijodkor ilhom kelganda va shu ilhom bilan yaxshi biror asar yoza olganida iste'dodiga ishonchi ortadi, ammo u o‘ziga tanqidiy ko‘z bilan qaragan, ijodini jahon adabiyoti qoliplariga solgan paytda iste'dodiga nisbatan shubhalar ortib ketadi. Ko‘pchilik ijodkorlar mana shunday tanqidiy qarash va yirik qoliplar o‘lchovida o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. Bunga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz.
Ko‘p ijodkorlar o‘zidan Navoiy, Pushkin, Tolstoy yoki Heminguey chiqmasligini bilib ijod olamini tark etadi. Holbuki jahon miqyosida bo‘lmasa-da katta yozuvchilar chiqishi mumkin. Chunki adabiyotda har bir yozuvchining o‘z o‘rni bor.
Bu seminarlar ijodkorning o‘z iste'dodiga to‘g‘ri qarash va to‘g‘ri bahoni qo‘ya olish imkonini beradi”, dedi O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
Seminarning mahorat darslari qismida taniqli yozuvchi va shoirlar o‘zbek adabiyotida yetishib chiqayotgan yosh ijodkorlarga xos umumiy qiyofa borasida ham to‘xtalishdi. Xususan, yozuvchi Sobir O‘nar fikricha, seminardagi yoshlar ichida yangicha fikrlaydigan, adabiyot haqida jiddiy o‘ylovchi va bu olamning yukini his qiluvchi yoshlar bor, ammo ularning barchasiga xos kamchilik - ular juda kam o‘qishadi, o‘qiganlari orasida katta badiiy asarlar kam.
"Ular asosan Muhammad Yusuf ijodi bilan tanish, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Shavkat Rahmonlarni esa yaxshi bilishmaydi", deydi u.
Yozuvchi Bahodir Qobul esa ijodkorlarga Navoiyni ko‘proq o‘qishni tavsiya qildi.
Yozuvchining aytishicha, Navoiyni o‘qish, tushunish uchun avvalo Qur'on va Hadis ilmini bilish kerak. Busiz Navoiyni anglash mumkin emas.
Seminarda adabiy tanqid yo‘nalishi treneri sifatida ishtirok etayotgan Bahodir Karimov ishtirokchilarning adabiy tanqid masalasidagi savoliga quyidagicha javob berdi: "Adabiy tanqid nima? U - zamonaviy adabiy muhitni baholash. Xo‘sh, nega bugungi o‘zbek adabiyotida adabiy tanqidning o‘rni sezilmayapti? Chunki bugun gazeta va jurnallar yoki OAVning boshqa turlarida adabiy namunalar soni ko‘payib ketdi. Biz umumiy xulosa berishga ulgura olmayapmiz. Ijodkorlarni esa hammasini ham taniyvermaymiz.
Nazarimda, adabiy tanqidchi bo‘laman degan yosh ijodkorga o‘qish, fikr mashaqqatini, tanqidni o‘rgatishimiz kerak. Umuman, bu yo‘nalishga kirayotgan kishi borki, adabiyotning nazariy bilimlari bilan juda yaxshi qurollanib olishi kerak. Busiz uning kelajagi yo‘q ", deydi adabiyotshunos olim.
Zamonaviy o‘zbek she'riyatining taniqli vakillaridan biri Xosiyat Rustamova esa yosh ijodkorlar va ularning ijodi borasidagi o‘z kuzatishlarini quyidagicha ifodaladi: "She'r yozgan har bir kishi bu shoir degani emas. Men ana shu haqiqatni yoshlarga tushuntirishga harakat qildim. Men ularda kuzatayotgan kamchilik bu - dangasalik. Bu nimada ko‘rindi? Ular chet tillarini bilishmaydi. Ulardan so‘rayman, nahotki sizlarga katta asarlarni o‘z tilida o‘qish qiziq bo‘lmasa, deya. Chunki har qanday asar tarjimon tilida albatta o‘zgaradi. Tarjima asarda o‘quvchi yozuvchini emas, tarjimonni o‘qiydi.
Axir, o‘z vaqtida Shavkat Rahmon ham o‘qishni istagan asarining haqiqiy sehrini sezish uchun ispan tilini o‘rgangan edi".
Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari shu kabi mahorat darslari, qiziqarli mushoira kechalari bilan davom etmoqda.
Seminar ertaga o‘z ishini yakunlaydi.
Ilyos Safarov
Mavzuga oid
07:26 / 23.08.2024
Qariyb 1,4 mlrd so‘mlik elektr energiyasini o‘g‘irlagan shaxs ushlandi
18:36 / 12.08.2024
Zomindagi osma dor yo‘li 18 avgustgacha yopildi
12:14 / 03.07.2024
Zomin qo‘riqxonasidagi fotoqopqonga Turkiston silovsini muhrlandi
20:40 / 22.06.2024