Iqtisodiyot | 17:20 / 05.07.2019
28751
10 daqiqa o‘qiladi

«Artel» uchun alohida imtiyozlar yo‘q». Kompaniya rahbariyati tanqidlarga javob qaytardi

«Artel» savdo belgisi ishlab chiqaruvchi korxonalar monopolistmi, ular soliq imtiyozlariga egami? Jurnalist Karim Bahriyevning Kun.uz saytida e'lon qilingan «Monopollar, proteksionizm va lobbistlar parvozi. Iqtisodiyotdagi ofatlar haqida» sarlavhali maqolasida ana shunday iddaolar ilgari surilgan edi.

«Artel vakillari ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida maqola muallifini va Kun.uz sayti vakilini kichik press-turga taklif etdi. «Artel injenering and management» MChJ direktori o‘rinbosari Dilshod Ro‘zmetov intervyu davomida kompaniya faoliyati haqidagi ma'lumotlarni taqdim etdi. 

YouTube

Tas-IX

— Assalomu alaykum, Dilshod aka. Biz «Artel» brendi ostida faoliyat olib borayotgan korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida gaplashishni rejalashtirgan edik. Birinchi savolimiz shuki, «Artel» monopolistmi?

— Bugungi kunda «O‘zi Artel kompaniyasi qayerdan paydo bo‘lgan?», «Artel qachon paydo bo‘lgan?» degan har xil savollar bor. Turli xil nashrlarda kompaniyani monopol tashkilot sifatida atab, noto‘g‘ri talqin qilishmoqda. «Artel» kompaniyasi 2011 yilda tashkil topgan. Kompaniyamiz boshida ishni maishiy oshxona plitalari hamda changyutgichlar ishlab chiqarish asosida amalga oshirgan bo‘lsa, bugungi kunda 15 turdan ortiq maishiy texnika vositalarining 500ga yaqin modelini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganmiz. Yillik ishlab chiqarish hajmi 4,5 mln dona mahsulotga teng.

Savolingizga to‘xtaladigan bo‘lsak, «Artel» monopol tashkilotmi?

O‘zi monopoliya tushunchasi qayerdan kelib chiqadi? Ma'lum bir hududda qonuniy yoki noqonuniy yo‘llar bilan biror mavqeni egallagan holda o‘ziga xos bo‘lgan, o‘zi bilan turdosh turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga yo‘l bermasdan, ularga turli noqonuniy yo‘llar bilan to‘sqinlik qilinishiga monopoliya deyiladi. Lekin bugungi kunda O‘zbekiston maishiy texnika bozorini tahlil qiladigan bo‘lsak, bozorda «Artel» brendi ostidagi mahsulotlardan tashqari, «Roison» brendi bor. Mahalliy ishlab chiqaruvchilardan «Sirius», «Konik», «Comfort», «Udur»... Bularni sanasa 20dan ortiq turdagi maishiy texnika ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud va ular ham biz bilan birgalikda bozorda raqobat qilmoqda va bozorda o‘z xaridorlariga ega bo‘lmoqda. Demak, O‘zbekistonda maishiy texnika mahsulotlarini faqat artel yetkazib bermaydi. Bugungi kunda bozorda bir mahsulotni ishlab chiqarayotgan 20dan ortiq ishlab chiqaruvchi mavjud. 

— «Artel» brendi ostida mana shu mahsulotlar ishlab chiqarilishi davomida qandaydir soliq imtiyozlari yoki prefensiyalar nazarda tutilganmi?

— Kuni kecha Kun.uz saytida va boshqa nashrlarda monopoliya va lobbizm to‘g‘risidagi maqola e'lon qilindi. U maqolada bir necha davlat tashkilotlari bilan birgalikda «Artel» kompaniyasi ham monopol tashkilot sifatida ko‘rsatilib, «ona ko‘kragini qo‘yib yuborishni istamayotgan chaqaloq» bilan qiyoslangan. Lekin maqolada aytilganidek «Artel» kompaniyasiga davlat tomonidan soliq imtiyozlari, bojxona imtiyozlari yoki boshqa turdagi imtiyozlar berilmagan. Maqolada «Artel» kompaniyasi bunday imtiyozlar mavjud bo‘lmaydigan bo‘lsa, umuman bankrot bo‘lishi yoki tugatilishi mumkin» degan fikrlar xalqqa noto‘g‘ri talqin qilingan. Shu maqoladan keyin intervyu berishga qaror qildik.

Bugungi kunda, misol uchun 2019 yilning olti oyligini oladigan bo‘lsak, «Artel» kompaniyasining o‘zi, ya'ni «Artel» brendi ostida mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning o‘zi soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha 316 mlrd so‘mga yaqin to‘ladi. Davlatga soliq bojxona bo‘yicha hamma to‘lovlar amalga oshirilgan.

Yana bir narsani ta'kidlamoqchi edim. Mana, «Artel» brendi ostida mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z faoliyati davomida shunchalik rivojlandiki, 8 yil davomida ishlab chiqarishlar kuchaydi, kengaydik. O‘sha paytda 500 kishi ishlagan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 10 mingdan ortiq odam «Artel» brendi ostida faoliyat yuritayotgan korxonalarda mehnat qilmoqda. O‘sha joydan oilasini boqyapti. Bu bilan nima demoqchiman. Shu kungacha davlat tomonidan «Artel» uchun hujjat bilan imtiyoz yoki alohida huquq berilmagan, bunday hujjat qabul qilinmagan.

Maqolada «Artel» kompaniyasiga ehtiyot qismlarni yig‘uvchi korxona sifatida ta'rif berilgan. Lekin ko‘pchilik biladiki, «Artel» kompaniyasi faqat yig‘ish bilan shug‘ullanmaydi, balki xomashyoni chuqur qayta ishlaydi. Maishiy texnika vositalarini qayta ishlash darajasi ya'ni mahalliylashirish darajasi kamida 50 foizni tashkil qilmoqda. Masalan, oshxona plitalarini olaylik. Oshxona plitalari uchun import qilib olib keladigan asosiy xomashyomiz bu - temir. Temir mahsuloti list, rulon shaklida Rossiya va boshqa davlatlardan olib kelinadi. Ularni olib kelgandan keyin shtamplash, ya'ni uni qoliplar asosida shaklga keltirish, listni va shaklga keltirilgan gaz plitasi qismlarini tegishli ravishda bo‘yash orqali metaldan tayyor mahsulot yaratish asosida ishlab chiqarish jarayonini tashkil qilganmiz.

Televizor ishlab chiqarishni oladigan bo‘lsak, bugungi kunda boshqa ishlab chiqaruvchilardan farqli ravishda, «Artel» kompaniyasida ishlab chiqarilayotgan televizorlarda uning ustki qoplamasi, plastik detallar to‘liq xomashyo ko‘rinishida keladi. Bundan tashqari televizorning boshqaruv organi hisoblanadigan plata qismini ham olib kelib o‘rnatganmiz, ya'ni ishlab chiqarish jarayoni faqat oxirgi bosqichdan iborat emas. Ya'ni o‘sha maqolada keltirilganidek «Artel» kompaniyasi yoki boshqa ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarni tayyor shaklda keltirib faqat to‘rtta gaykani burab qo‘yish orqali davlat tomonidan qandaydir imtiyozlarga ega bo‘lyapti degan gap to‘g‘ri emas. Kompaniya millionlab, milliardlab pullarni o‘z cho‘ntagiga olyapti degan gap noto‘g‘ri talqin. Bu fikrga biz umuman qo‘shilmaymiz.

Qo‘shimcha ravishda shuni ham ta'kidlab o‘tmoqchi edikki, biz shu paytgacha ochiq bo‘lganmiz. Ijtimoiy tarmoqlarda bizning ishlab chiqarish jarayonlarimizga oid videoroliklar bor. O‘sha tasvirlarda biz iloji boricha ishlab chiqarish jarayonini jamoatchilikka yetkazishni, bu yirik sex  emasligini ko‘rsatmoqchi bo‘lganmiz.

Undan tashqari, bu maqoladan keyin jamoatchilik fikrini to‘g‘ri tomonga yo‘naltirish maqsadida haftaning juma kunlari soat 14:00da ishlab chiqarish zavodlarimizda ochiq eshiklar kunini tashkil qilmoqchimiz. Istagan odam kelib, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishishi mumkin bo‘ladi.

Bugungi kunda «Artel» kompaniyasi alohida imtiyozga yoki bo‘lmasa boshqa turdagi ko‘rinishdagi maqomga ega emas va hamma ishlab chiqaruvchilarga yaratilgan bir xil maqomdagi, ya'ni belgilangan tartibdagi sharoitda faoliyat yuritmoqda. Bozorda bugungi kunda raqobatning o‘zi kuchli. Bu sohada 20dan ortiq ishlab chiqaruvchilar bor. Bozordagi raqobat shunda ko‘rinyaptiki, birinchisi narx, ikkinchisi sifat va uchinchisi - bu mahsulotni yetkazib bergandan keyin uning servis xizmatini tashkil etish. «Artel» kompaniyasi yuqorida ta'kidlaganimdek, davlatning etagiga yopishib olgan, yoki bo‘lmasam soliq to‘lovchilarning hisobidan yashab o‘sha «o‘z ona ko‘kragini qo‘yib yuborishni xohlamayotgan chaqaloq» sifatidagi korxona emas. Biz sog‘lom raqobat muhitida yashayotgan va iste'molchilarning talabidan kelib chiqqan holda, talabga taklif bergan holda o‘zimizning pozitsiyamizni marketing asosida ushlab turgan holatdagi kompaniyamiz. Bundan tashqari, ishlab chiqarish jarayoni faoliyatini tashkil etishda biz to‘liq ochiqmiz. Shu asosda mana ochiq eshiklar kunini ham tashkil qilmoqchimiz. Shuning uchun xohlagan odam, xohlagan tadbirkor kelib o‘z taklif va mulohazalarini, fikrlarini o‘rtoqlashsa, biz bundan judayam xursand bo‘lamiz.

Endi ish bor joyda kamchilik ham bo‘ladi. Agarda o‘zimiz ko‘rmayotgan kamchiliklarimiz bo‘lsa, bizga kelib, mana shunaqa kamchilikni to‘g‘rilasangiz yaxshi bo‘lardi deyilsa, biz bundan har doim xursand bo‘lamiz. Har doim bunday takliflarni kutamiz, eshitamiz va to‘g‘ri qarorlarni qabul qilib iste'molchilar foydasiga hal qilishga tayyormiz.

«Artel» kompaniyasi haqiqatdan milliy mahsulot va xalqqa yaqinligi ramzi sifatida barchani ochiq eshiklar kunida zavodga tashrif buyurishga taklif etadi.

Mavzuga oid