Jamiyat | 11:50 / 05.07.2019
17256
4 daqiqa o‘qiladi

«OAK Byulleteni» jurnalini chop qilish nega kerak? Yana OAK faoliyati haqida savollar

Bu tashkilot faoliyati haqida keyinroq to‘xtalmoqchi edimu, lekin duch kelayotgan noqulayliklar haqida yozib ketaverish kerak degan qarorga keldim. Bugun «OAK Byulleteni» haqida gapirmoqchiman.

OAK saytidagi ma'lumotga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish masalalari bo‘yicha «OAK Byulleteni» jurnalini nashr etadi. «OAK Byulleteni» jurnalida izlanuvchilarning dissertatsiya tadqiqotlari mavzulari, dissertatsiya annotatsiyasi bilan birgalikda doktorlik dissertatsiyalari himoya qilinishi, talabgorlarga ilmiy darajalar berilishi hamda ilmiy unvonlar berilishi to‘g‘risidagi axborot va boshqa ma'lumotlar ham beriladi. «OAK Byulleteni» jurnali o‘z xarajatlarini o‘zi qoplash asosida nashr etiladi. Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishda ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash maqsadida OAK faoliyati masalalari OAK veb-saytida va «OAK Byulleteni» jurnalida yoritiladi».

Jurnal ichidagi ma'lumotlar tashkilot saytida ham berilishini nazarda tutsak, bu jurnal nima uchun kerak? Boz ustiga, jurnal xarajatlarini OAKning o‘zi qoplar ekan. Saytga qo‘yilgan oxirgi sondagi ma'lumotlarga e'tibor bersangiz aksariyati e'lonlar ekanini ko‘rasiz.

Bu jurnal elektron ko‘rinishda tayyorlanib saytga qo‘yilsa ahamiyati qanday kamayib qoladi? Hozirgi holatida rangli, sifatli qilib chiqarilishining xarajatlari ancha bo‘lsa kerak. Xarajatlar tashkilotlarga obuna va ilmiy daraja olishga talabgorlar tomonidan qoplanishini hisobga olsak, shuncha mablag‘, qog‘oz behudaga sarf bo‘lmayaptimikan? Chop etilgan jurnallar foydalanilmay chang bosib yotadi, quruq e'lonlardan qanday foydalanasiz axir? Boz ustiga arxivi saytga joylashtirilgan bo‘lsa. Jurnalni sotib olishdan maqsad nima? Tezkor ma'lumotni qo‘lga kiritishmi? Qanday tezkor ma'lumot bor unda? Bu jurnalni chop etish ortidan ish bilan ta'minlanayotganlar bordir, lekin hozirgi zamonaviy axborot texnologiyalari rivojlanib turgan paytda elektron versiya bilan kifoyalanish kerak emasmikan? Qolaversa bu jurnal bir yilda faqat 4 marta chop etiladi, chop etilgunga qadar mavzusi e'lon qilinishini kutayotganlarga noqulaylik tug‘diradi-ku? OAKga bu borada murojaat qilganlarga mana bunday javoblar kelyapti.

Endi talabgorlar realizatsiya tugashini kutib turishlari yoki o‘zlari realizatsiya qilishlariga to‘g‘ri keladi. Hozir 2019 yilning iyul oyi, jurnalning 2-soni ham chop etilishi kerak, aslida. Agar shuni elektron formatdagina chop etilsa, uni rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazib, unga ISSN olib ovora bo‘lishning hojati yo‘q. OAK saytida tegishli bo‘lim ajratilsa kifoya. Bu endi oson ish emas, rasmiy hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini talab qiladi. OAKning o‘zini reforma qilish uchun loyiha tayyorlayotganini hisobga olsak, buyam bir taklif ko‘rinishida qabul qilinsa yomon bo‘lmaydi.

Umid qilamizki, OAK bunday to‘siqlarni talabgorlar yo‘lidan olib tashlashda davom etadi yoki bu jurnalni chop etish zarurligini yaxshilab asoslab beradi.

Erkinjon Karimov

Mavzuga oid