O‘zbekiston | 15:50 / 06.07.2019
26970
2 daqiqa o‘qiladi

Rustam Rajabov: Yengil mashinalar sifatsiz bo‘lsa, GM o‘z serveriga ulanishni yopib qo‘ygan bo‘lar edi

Foto: KUN.UZ

Uzauto Motors ishlab chiqarayotgan avtomobillar sifatsiz bo‘lganida GM rahbariyati bu zavodni o‘z dasturlari bilan ta'minlashni to‘xtatgan bo‘lar edi. Uzauto Motors bosh direktori v.b. Rustam Rajabov «O‘zavtosanoat» AJ tarkibiga kiruvchi korxonalarga uyushtirilgan press-sayohat doirasida shunday bayonot berdi. Uning aytishicha, yangi avtomobillar sifati GM standartiga mos kelmaganida kompaniya o‘z dasturlarini taqdim etishni to‘xtatgan va zavod ham o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan bo‘lardi. 

«Zavodda mana juda ko‘p axborot va innovatsion texnologiyalardan foydalaniladi. Qanchalik murakkab tizim ishlamoqda. Aksar ishlab chiqarish jarayoni avtomatlashtirilgan va uyg‘unlashtirilgan. Bundan tashqari axborot xavfsizligi ham yuqori darajada ta'minlanadi. 

Yana bir gap. Avtomobillar bort kompyuteriga maxsus dastur o‘rnatish jarayoni flashing deyiladi, o‘sha kerakli dastur GM kompaniyasining serveridan keladi bizga.  Shu bilan birga, zavodning avtomatlashgan jarayoni-yu, ishlab chiqilayotgan avtomobillar sifatini nazorat qilish kabi boshqa-boshqa amaliyotlarni boshqarish uchun minglab IT mahsulotlar bor. 

Shu o‘rinda, aytish joizki, bizning GM bilan kelishuvimizga muvofiq, agar biz ishlab chiqarayotgan avtomobillar sifatsiz bo‘lganida yoki GM standartiga muntazam javob bermasligi kuzatilganida, Amerika kompaniyasi serverni uzib qo‘ygan bo‘lar edi. Hozircha, bunday holat qayd etilgani yo‘q», - dedi Uzauto Motors bosh direktori v.b. Rustam Rajabov.

Mavzuga oid