O‘zbekiston | 08:50 / 08.07.2019
4787
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston YeXHT Ipak yo‘lini qo‘llab-quvvatlash guruhiga qo‘shildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Parlament Assambleyasining Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan hamda xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lida barqaror rivojlanishga ko‘maklashish va bu yo‘nalishda parlamentlar rolini oshirish masalalariga bag‘ishlangan 28-yillik sessiyasi ishida ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, YeXHT PA 28-sessiyasining birinchi kuni yalpi majlisda Assambleya raisi Georgiy Tsereteli o‘z nutqida xavfsizlik, taraqqiyot, demokratiya, atrof muhitni himoya qilish, aholi turmushini yaxshilash, sifatli davlat boshqaruvini ta'minlash masalalarini ilgari surishda qonun chiqaruvchilar alohida o‘rin tutishini ta'kidlagan.

Foto: senat.uz

O‘zbekiston delegatsiyasi tegishli qo‘mitalar ishida ishtirok etish bilan birga Ipak yo‘lini qo‘llab-quvvatlash guruhi majlisida ham qatnashdi. 2017 yilda ta'sis etilgan mazkur Qo‘llab-quvvatlash guruhida YeXHTning 24ta ishtirokchi mamlakati borligini qayd etish lozim. Guruhning asosiy vazifasi transport yo‘laklarini rivojlantirishga, savdo va tashuv tartib-taomillarini soddalashtirishga, shaxslar, tovarlar va xizmatlar erkin va xavfsiz harakatlanishiga ko‘maklashishdir. Tadbir yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning Ipak yo‘lini qo‘llab-quvvatlash guruhiga qo‘shilgani e'lon qilindi.

Respublikaning ushbu guruhga qo‘shilishi transport-logistika infratuzilmasini, shuningdek muhim savdo yo‘nalishlari bo‘ylab joylashgan mamlakatlarning iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan jarayonlarni qonunlar chiqarish bilan qo‘llab-quvvatlash uchun salohiyat va imkoniyatlarni ancha kengaytirish imkonini berishi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi parlament delegatsiyasining ushbu Guruh faoliyatiga qo‘shilgani mamlakatimizning transport-logistika salohiyatini oshirishga, xalqaro va mintaqaviy o‘zaro aloqalarni ta'minlashga oid vazifalarni hal qilishga qaratilgan sa'y-harakatlarining mantiqiy davomi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil may oyida “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumidagi nutqida Ipak yo‘lidagi tashabbuslarning ro‘yobga chiqarilishi mintaqani rivojlantirishning muhim omili hisoblanadi, deb ta'kidlagan edi.

Sessiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi YeXHT PA Doimiy qo‘mitasining majlisida ham ishtirok etdi. Uning yakunlari bo‘yicha Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Roberto Montellaning vakolatlari muddati uzaytirildi.

Parlament a'zolari uchta umumiy qo‘mita a'zolari tarkibini tasdiqladi, 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan YeXHT PA budjetini qabul qildi va 29-yillik sessiyasi o‘tkaziladigan joy – Vankuver shahri (Kanada) belgilandi. 

Mavzuga oid