Jahon | 19:59 / 08.07.2019
14518
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Atamboyev so‘roqqa chaqirtirildi

Foto: Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev mamlakat ichki ishlar vazirligi bosh tergov boshqarmasiga so‘roqqa chaqirtirildi. 

“U 9 iyul ertalab so‘roqqa kelishi kerak”, deb ma'lum qilingan boshqarmada.

Ta'kidlanishicha, chaqiriq qog‘ozini militsiya xodimlari Atamboyev uyi yonida u asos solgan Sotsial-demokratik partiya vakili Taalaybek Usubaliyevga topshirishgan. Atamboyev so‘roqqa guvoh sifatida chaqirtirilgan.

Qirg‘iziston parlamenti 20 iyunda prokuraturaga Atamboyevning nomiga bildirilgan ayblovlar ro‘yxatini topshirgan. Deputatlarning fikricha, sobiq prezident Bishkek issiqlik elektr markazini modernizatsiya qilishdagi korrupsiyaga, jinoiy guruh yetakchisi Aziz Batukayevning qalbaki tibbiy ma'lumotnomalar asosida ozod qilinishiga, hokimiyatni tortib olish va boshqa noqonuniy harakatlarga aloqador. Bosh prokuratura ushbu ayblovlarni qisman qo‘llab-quvvatlagan. Agar sud Atamboyevni aybdor deb topsa, unga umrbod qamoq jazosi berilishi mumkin.

Sobiq prezidentning o‘zi deputatlarning ayblovlarini tuturuqsiz deb atagan. Atamboyev agar uni qo‘lga olishga harakat qilinsa, qarshilik ko‘rsatib, qurol bilan o‘zini himoya qilishga va'da bergan. 

 

Mavzuga oid