Jahon | 00:45 / 10.07.2019
24099
2 daqiqa o‘qiladi

Parijda Saudiya Arabistoni podshohi qizi ustidan sud ishi boshlandi

Foto: AFP

Parij sudi Saudiya Arabistoni podshohi Salmonning qizi Hassa bint Salmon va uning tansoqchisi Rani Saudiy ishi bo‘yicha sud jarayonini boshladi. Ularning ikkisi 2016 yilda podshohning qizi uyida ta'mirlash ishlarini bajargan misrlik Ashraf Idni tahqirlashda ayblanmoqda.

BBC News telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, malika va jabrlanuvchi sud majlisiga kelmagan.

Sudyalar oldida faqatgina malikaning tansoqchisi javob bergan. Malikaning advokatlari uni g‘amxo‘r, kamtarin va odobli ayol sifatida ta'riflashgan va misrlik ishchini tuhmat qilayotganlikda ayblashgan. Tansoqchi ham o‘z aybini tan olmagan. 

Misrlikning aytishicha, u malikaning vannaxonasini suratga olayotganda malika buning ustidan chiqib qolib, tansoqchisiga uni kaltaklashni buyurgan. Tansoqchi ishchini kaltaklab, uni bog‘lab, malikaning oyoqlarini o‘pishga majbur qilgan. Ishchining aytishicha, u vannaxonada ishlarni boshlashdan oldin u yerdagi buyumlarning joyini suratda muhrlamoqchi bo‘lgan. Biroq malika ishchiga ishonmay, uni haqoratlagan. Malikaning fikricha, u suratlarga tushib qolgan va ishchini bu suratlarni mo‘maygina pulga sotmoqchi bo‘lishda ayblagan.

Misrlik bilan yuz bergan voqeadan keyin malika Fransiyani tark etgan va hozir xalqaro qidiruvga berilgan. Taxmin qilinishicha, u Saudiya Arabistoniga qaytgan va u yerda uy qamog‘ida saqlanmoqda.

Mavzuga oid