O‘zbekiston | 07:16 / 11.07.2019
6395
3 daqiqa o‘qiladi

Rieltorlik faoliyatiga litsenziya berish nega to‘xtatildi?

Foto: Shutterstock

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ma'lumot berishicha, rieltorlik faoliyatiga litsenziya berish o‘tgan yili 2018 yilning iyun oyida to‘xtatilgan.

2018 yil 11 aprelda qabul qilingan «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi PF-5409-sonli Prezident farmoniga asosan, tadbirkorlikning boshqa yo‘nalishlari qatorida rieltorlik faoliyatini litsenziyalash jarayonini soddalashtirish vazifasi qo‘yildi. Ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya va malaka sertifikatini berish Davlat raqobat qo‘mitasi zimmasida bo‘lgan.

Shuningdek, mazkur Farmonning 5-ilovasiga asosan, rieltorlik faoliyatini litsenziyalash 2018 yil 1 iyundan boshlab (ortiqcha ovoragarchiliklarni oldini olish maqsadida fuqarolar doimiy yashash joylaridan litsenziya olishlarini ta'minlash uchun) mahalliy davlat hokimiyati organlariga, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yuklatilgan.

Mazkur farmon ijrosini ta'minlash maqsadida Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan 2018 yil may oyida «Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida» gi  qarorga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish maqsadida mas'ul vazirlik va idoralar bilan kelishib, Vazirlar Mahkamasiga qaror loyihasi kiritilgan.

Bugungi kunda rieltorlik faoliyatini rivojlantirish hamda rieltorlik xizmatlari sohasini hududlarda rivojlantirish maqsadida hukumat tomonidan rieltorlik faoliyati uchun litsenziya berish tartibi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Bunda rieltorlik faoliyati uchun litsenziya va rieltorlik malaka sertifikati berish vakolati jamoat tashkilotlari (Rieltorlik tashkilotlar assotsiatsiyasi) tomonidan amalga oshirilishi yoki boshqa davlat organlari mas'ul bo‘lishi taklifi ham kiritilgan. Hozirda tegishli idoralar tomonidan hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, rieltorlik faoliyatini litsenziyalash va rieltorlarni sertifikatlashni tartibga solish jarayoni davom etmoqda.

Rieltorlik faoliyati respublika uchun nisbatan yangi soha bo‘lgani uchun uning qonunchilik bazasini xalqaro tajribani o‘rgangan holda shakllantirish birmuncha vaqtni talab qilyapti.

Ayni vaqtda, jami 272ta jismoniy va yuridik shaxslarga rieltorlik faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar berilgan bo‘lib, respublikaning barcha hududlarida rieltorlik tashkilotlari faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunda rieltor bo‘lish istagida bo‘lgan jismoniy shaxslar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan rieltorlar malaka sertifikatini olib, rieltorlik tashkilotlarida o‘z faoliyatlarini olib borishlari mumkin. Yuridik shaxs sifatida litsenziya olish jarayoni yuqorida aytilgan sabab tufayli vaqtincha to‘xtatilib turibdi.

Mavzuga oid