Surxondaryoda xususiy firma xodimlari va DXX chegara qo‘shinlari harbiylari o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqdi. DXX rasmiy ma'lumot berdi
Joriy yilning 5 iyul kuni soat 16:00da Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani chegara hududida xizmat faoliyatini olib borayotgan chegara naryadlari tomonidan noqonuniy ravishda Davlat chegarasi belgilangan hududga katta tezlikda, ichida bir qancha fuqarolar bilan harakatlanayotgan 4 dona transport vositalariga to‘xtash ishorasini berganida, ular harbiy xizmatchilarning “To‘xta” buyrug‘iga bo‘ysunmasdan yo‘lini davom ettirgach, ushbu sohada xizmat faoliyatini olib borayotgan boshqa chegara naryadlari tomonidan mazkur transport vositalari majburiy to‘xtatilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi DXX chegara qo‘shinlari xabar berdi.
Video: Youtube
Mazkur transport vositalari tekshirilganda, unda harakatlanib kelayotgan fuqarolar, Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan, Sh. Komilov rahbarligidagi «Only Tea» xususiy firmasining ishchilari ekanligi, shuningdek, ular Davlat chegarasida kovrak o‘simligini terish uchun chegara hududiga harakatlanayotganligi aniqlangan.
Shundan so‘ng, transport vositalarida bo‘lgan xususiy firma xodimlari va DXX chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Chegarachilar tomonidan firma ishchilarini belgilangan hududga kiritish bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma berilmaganligini bildirib, ularni ortga qaytishi va tegishli ruxsatnoma bilan kelishlari tushuntirilgan. Ammo, firmaning mas'ul xodimlari hokimlik va tumani IIB tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ro‘kach etib, DXX chegara qo‘shinlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni mensimagan holda harakatlanish qismida harbiy xizmatchilar bo‘lishiga qaramasdan transport vositasida chegara hududi tomon harakatlanmoqchi bo‘lgan. Buyruqqa bo‘ysunmagan fuqarolarni to‘xtatish va harbiy xizmatchilarning shaxsiy xavfsizligini ta'minlash maqsadida, chegara naryadi tarkibi tomonidan osmonga qarata ogohlantiruvchi o‘q uzilgan.
Bo‘lib o‘tgan voqeaga aniqlik kiritish maqsadida ushbu holat DXX Chegara qo‘shinlari mas'ullari tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida, Qumqo‘rg‘on tuman hokimining qaroriga asosan, mazkur «Only Tea» xususiy firmasiga kovrak o‘simligini yig‘ish uchun Bobotog‘ tog‘ tizmalarining chegara hududidan joy ajratilgan. «Only Tea» xususiy firmasi rahbari Sh. Komilov 2019 yil 1 iyul kuni Qumqo‘rg‘on tumani IIBdan chegara hududida bo‘lish uchun murojaat etgan va tegishli ruxsatnoma olgan.
Shu bilan bir qatorda, u 2019 yil 20 iyun va 4 iyul kunlari DXX chegara qo‘shinlariga qarashli 9222-sonli harbiy qism qo‘mondonligiga xat orqali kovrak o‘simligini terish uchun tegishli ruxsatnoma olish maqsadida murojaat etgan. Biroq, murojaat qo‘shimcha o‘rganuv talab etganligi va harbiy qism tomonidan unga javob xati berilmasdan turib, xususiy firma ishchilari hokim qarori va tuman IIB tomonidan berilgan ruxsatnomaga tayangan tarzda chegara rejimini buzishga harakat qilgan.
Ta'kidlanishicha, hokimlik qarori va ichki ishlar bo‘limi ruxsatnomalari Davlat chegarasi hududlarida faoliyat olib borish va bo‘lish uchun yetarli asoslar hisoblanmaydi. Chunki O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasida chegara oldi mintaqasiga kirish (chiqish), u yerda bo‘lish va har xil turdagi faoliyatlarni olib borish DXX chegara qo‘shinlarining ruxsati bilan amalga oshirilishi belgilangan.
Bundan tashqari, DXX chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarining harakatlari qonuniy bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonunining 25 va 28-moddalari talablariga muvofiq harakat qilganlar.
Mamlakatimizda joriy etilgan normativ-huquqiy hujjatlarning talablari fuqarolar tomonidan o‘z manfaatini ustun qo‘ymagan holda huquqiy madaniyat nuqtai nazaridan o‘z faoliyatlarini olib borsalar, bu kabi tushunmovchiliklar o‘z-o‘zidan bartaraf etilib, yuridik shaxslar faoliyati yanada jadallashishi tabiiydir, deyiladi DXX chegara qo‘shinlari xabarida.
Mavzuga oid
23:25 / 09.11.2024
Samarqandda Qurolli kuchlar xizmatchisi, soliqchi, Milliy gvardiya va kadastr xodimlari pora bilan ushlandi
16:46 / 09.11.2024
Uchta viloyat va Toshkent shahrida giyohvand modda savdosi bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi
10:23 / 07.11.2024
DXX: Qo‘qonda xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari ozodlikdan mahrum etildi
14:41 / 06.11.2024