Farhod Ermanov bilan suhbat – Xorazmdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, aholi va tadbirkorlarni tashvishga solayotgan, yechimini kutayotgan dolzarb muammolar
2018 yil aprel oyida Farhod O‘rozboyevich Ermanov Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan, 2018 yil noyabr oyida bu lavozimga tasdiqlangan edi.
Farhod Ermanov o‘tgan 1 yildan ortiq vaqt ichida viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lgani, tadbirkorlikni rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday chora tadbirlar amalga oshirilgani, shuningdek, aholini tashvishga solayotgan boshqa ko‘plab muammolar bo‘yicha Kun.Uz jurnalistlari Sardor Yusupov va Zafar Solijonov savollariga javob qaytardi.
- Muhtaram Farhod O‘rozboyevich, avvalo Kun.Uz mushtariylari bilan ochiq muloqot qilishga rozi bo‘lganingiz uchun sizga minnatdorchilik bildiramiz. Xorazm viloyatida ish boshlaganingizga bir yildan oshdi. O‘tgan davrda qanday ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda, kelajakda xorazmliklarni nimalar kutmoqda, dastlab shular haqida gapirib bersangiz.
- Hozirda viloyatimizda har bir sohada islohotlar olib borilmoqda. Xorazmni rivojlantirish uchun qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat va turizmga e'tibor qaratish eng asosiy yechimlar sifatida qaralmoqda.
Iqtisodiyotni rivojlantirish avvalo sanoatni rivojlantirishdan boshlanadi. O‘tgan yili Pitnakdagi «General Motors» zavodining ishlab chiqarish quvvati oshirildi. 2018 yili 40 ming dona avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu yil ko‘rsatkich 60 ming donaga yetdi. Viloyatimizda yiliga 250 ming tonna paxta xomashyosi olinyapti, shundan 85 ming tonna paxta tolasini ishlab chiqaryapmiz. Hozirgi kunda bu tolaning 46 foizini qayta ishlayapmiz. Yanada ko‘proq tolani o‘zimizda qayta ishlash uchun yangi fabrikalar ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Tadbirkorlar va investorlarga yetarli sharoitlarni yaratish viloyatdagi barcha tuman va shahar hokimlarining asosiy vazifasiga aylandi. Shu yilning sentyabrida Hazorasp tumanida joylashgan erkin iqtisodiy zonada turkiyalik investor bilan erkak va ayollar kiyimlarini ishlab chiqaruvchi korxonani ishga tushirish rejalashtirilgan.
Viloyatimizning turizm sohasidagi salohiyati ham baland. O‘tgan yili chet ellik turistlar soni 130 mingdan oshiq edi, bu yil ularning soni 5-6 oy ichida 100 mingdan oshdi. Ularni qabul qiluvchi mehmonxonalar soni ham ortmoqda.
- Tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida hali ham ko‘plab to‘siqlar bor. Tahririyatimizga kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi tadbirkorlarga yer ajratish muammosi bilan bog‘liq. Bu muammolar bo‘yicha izoh bersangiz.
- Ayrim hollarda tuman yoki shahar yer ajratish bo‘yicha komissiyasining e'tiborsizligi, xatolari tufayli tadbirkor zarar ko‘rmoqda. Ekin ekilishi lozim bo‘lgan maydondan ham yerlar ajratib berilgan. Bu tegishli normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha mumkin emas. Afsuski, ekin maydonlarini auksionga chiqarish hollari hanuz uchrab turibdi. Biz bunday holatlar bartaraf etilishiga harakat qilyapmiz. Aholi soni ortmoqda, agar hamma yerga bino quraversak, ertaga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekish uchun yerni qayerdan topamiz? Shuning uchun eniga emas, bo‘yiga o‘sishimiz kerak. Barchasi hozirda nazorat ostida va kerakli chora ko‘rilib, ularning ishlari, albatta, ijobiy hal etiladi.
- Bu yildan e'tiboran Xorazm viloyati markazi Urganch shahrida, tuman markazlarida obodonchilik, qurilish ishlari jadallashtirildi. Natijada aholi murojaatlari orasida mulkiga kompensatsiya berilishi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar asosiy o‘ringa chiqdi. Fuqarolarning muammosi qanday hal qilinadi?
Hozirda shaharda ham, qishloqlarda ham «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida qurilish ishlari avj olmoqda. Bu ishlar qattiq nazorat ostiga olingan. Aholida «men qayerga ko‘chirilaman, mulkim nima bo‘ladi?» degan savollar paydo bo‘lmasligi uchun buzishdan avval ogohlantirish berilmoqda. Ko‘chadigan joyi hal etilib, kompensatsiyasi qoplanganidan keyingina ko‘chirish ishlari boshlanmoqda. Lekin «zararim qoplanmadi, muammo ijobiy hal qilinmadi» deb aytadigan bo‘lsa, uni eshitib, muammosini albatta hal etishga harakat qilyapmiz. Har biri bilan shartnoma tuzilmoqda, kelishuv bitimida taraflar xohishi inobatga olinmoqda.
- Bozorlar va ularning rekonstruksiya qilinishi, tadbirkorlarning mulkiga kompensatsiya to‘lanishi bilan bog‘liq ishlar o‘z yechimini kutayotgan dolzarb muammolardan biri bo‘lib turibdi. Katta shov-shuvga sabab bo‘lgan «Xorazm beklari» MChJga tegishli bo‘lgan mehmonxonaning buzib tashlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan ish yuzasidan sud tomonidan chiqarilgan qaror qachon bajariladi?
«Xorazm beklari» MChJ va shahar hokimligi o‘rtasidagi nizo sudda ko‘rildi. Taraflarga kelishuv bitimi taklif qilindi. Ajrim qabul qilindi. Bu ham ijobiy hal bo‘lishini shaxsan o‘z nazoratimga olaman.
Hazorasp tumani bozori bo‘yicha shaxsan o‘zim borib, qilingan ishlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Loyiha 90 foizga bajarilgan. Hozircha bozorning bir kompleksida qurilish ishlari qolgan. Mustaqillik bayrami kunigacha bozorni to‘liq ishga tushirish choralari ko‘riladi.
- Xorazmliklarni tashvishga solayotgan asosiy muammolardan biri yo‘l va ko‘priklarning holati bilan bog‘liq. Ularni ta'mirlash uchun qanday ishlar rejalashtirilgan?
- Yo‘l yaxshi bo‘lmagan joyga investor ham kelmaydi. O‘zimiz agar yo‘l yomon bo‘lsa to‘yga ham bormaymiz, gapning ochig‘i shunday. Yo‘l muammosi O‘zbekistondagi eng katta muammo hisoblanadi. Viloyatimizda asfalt zavodi bor. Kuniga 2 ming tonna asfalt ishlab chiqarish quvvatiga ega. Buning uchun kamida 4 vagon bitum kerak bo‘ladi. O‘tgan yil davomida 7 ming tonna bitum olganmiz. Bu yil esa 6 oy ichida 7 ming tonna bitum oldik. Demak bu yil mablag‘lar rejali va maqsadli sarflansa, yo‘l ta'mirlash ishlari 2 baravarga oshirilishi mumkin.
Bundan tashqari, tuman va shahar hokimlariga yo‘llarni tekislash va sozlash bo‘yicha ko‘rsatmalar ham berilgan. Xitoy qo‘shma korxonasi yordamida texnikalar olib kelingan, hududlarga tarqatilgan.
- Xorazm viloyatida aholini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan uzluksiz ta'minlash ishlari qanday yo‘lga qo‘yilgan? Mavjud muammolar qachon bartaraf etiladi?
- Aholi uchun ham, ishlab chiqarish va boshqa sohalar uchun ham tabiiy gaz muhim hisoblanadi. Lekin bizda belgilangan limit mavjudligini unutmasligimiz kerak. Bu bozor iqtisodiyoti, eksport hisobiga valuta hajmlarini oshirish zarurligi kabi muhim faktorlarga borib taqaladi. Gaz bilan ta'minlash har yili 15 foizga qisqartirib borilayotgan edi. O‘tgan yili bu ishlar to‘xtatildi. Agar hududni gaz bilan ta'minlash mumkin bo‘lsa, uni qayta ko‘rib chiqyapmiz.
Elektr mummosiga keladigan bo‘lsak, bizda Taxiatosh issiqlik energiya stansiyasi mavjud. U yerda hozir kapital ta'mirlash ishlari ketyapti. Bu yil bitta blogi ta'mirdan chiqadi, keyingi yili yana bir agregati ishga tushadi. Agar IES to‘liq ishga tushirilsa, Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyati hududi elektr toki bilan to‘liq ta'minlanishi mumkin bo‘ladi.
- Xorazm viloyatida Respublika miqyosidagi musobaqada ishtirok etuvchi yagona «Xorazm» futbol klubi bor. Uning mavqeini tiklash uchun nimalar qilinyapti? Bundan tashqari, Urganch shahridagi Xorazm sport-majmuasi (sobiq Olimpiya stadioni) 2015 yildan beri foydalanilmasdan o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. U qachon ishga tushiriladi?
- Sport davlatni dunyoga tanitadi. Futbol klubimiz Superligada o‘ynashini biz ham xohlaymiz. Buning uchun yetarli sharoit kerak. Universiada sabab Xorazm sport-majmuasida qurilish ishlari boshlangan, lekin mablag‘lar talon-taroj qilingan. Aybdorlar sudlanib, o‘z jazosini olishgan. Prezidentimiz viloyatga kelgan vaqtlarida stadionni qayta ta'mirlashga yetarli mablag‘ ajratilishi haqida ko‘rsatma berdi. Hozirda ta'mirlash ishlari davom etmoqda. Bitkazilib, albatta klubga topshiriladi.
- Xorazmda bir yillik faoliyatingiz davomida orttirgan taassurotlaringiz, tajribalaringiz, xorazmliklar haqida fikringiz bilan o‘rtoqlashsangiz. Ularga murojaatingiz, tilaklaringiz bo‘lsa, bildirsangiz.
- Xorazm xalqi intiluvchan. Hamma topshiriqlarni bajarishga harakat qiladi. Shuni bildimki, bu yerdagilarga katta nazorat kerak emas. Shunchaki, ularga sharoit yaratilsa, yo‘nalish berib turilsa, maqsadga erishiladi. G‘urur bilan ayta olaman, Xorazm oldin ham mash'al bo‘lgan, keyin ham mash'al bo‘ladi. Buning uchun prezidentimizga sodiq bo‘laylik, xalq duosini olaylik va OAV vakillari bilan hamkorlikda ishlashni davom ettiraylik. Hammaga sog‘lik-salomatlik va oilaviy xotirjamlik tilayman.
Eslatma, intervyuning to‘liq talqini bilan videolavha orqali tanishishingiz mumkin.
Video: Youtube
Video: Mover (tas-ix)
Mavzuga oid
12:07 / 09.11.2024
Xorazmda mevaga kira boshlagan intensiv bog‘ buzib tashlandi
10:50 / 28.10.2024
Xorazmda ayrim loyihalar uchun Polsha texnologiya va investitsiyalari jalb qilinadi
16:26 / 16.10.2024
Xorazmda yana reyderlik. Sholikorlar hosilini tortib olish ommaviy tus olganmi?
18:40 / 18.09.2024