OTV vakili: «Jamoatchilik nazorati bo‘lmasa, qaysi o‘qituvchi pora olayotganini bila olmaymiz»
10 iyul kun Oliy Majlis Senati Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining 2019 yil birinchi yarmidagi faoliyati yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda oliy ta'lim muassasalaridagi poraxo‘rlik masalasi ham muhokama etildi.
Huquq himoyachisi Nodira Bo‘ldiyevaning qayd etishicha, O‘zbekistondagi bir qator oliygohlarda, xususan, Buxoro muhandislik va texnologiyalar instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, bir qator OTMlarning yuridik fakultetlarida talabalardan pora talab etish holatlari uchraydi. Ammo universitetda ta'qibga duch kelishdan qo‘rqqan talabalar o‘qituvchini «tutib berish»dan hayiqadi.
Oliy ta'lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Otabek Bozorov mazkur holatga o‘z munosabatini bildirdi. «Hammamiz korrupsiya bor ekan, deymiz. Bundan xabarimiz bor. Lekin hech kim amaliy harakat qilmaydi, taklif bermaydi.
Mamlakatda antikorrupsion tizimni yo‘lga qo‘yish maqsadida oltita yo‘nalishda kommissiya ish olib boryapti. Shu yo‘nalishlardan biri ta'limdagi korrupsiya. Oliygohlarda pora oldi-berdisi bo‘lishini bilamiz. Lekin aynan kim pul olayotganini nega talabalar aytmaydi? Qaysi o‘qituvchi qancha pul olayotganini biz fol ochib bila olmaymiz-ku. Jamoatchilik nazorati bo‘lishi kerak. Falonchi pora olayotgan bo‘lsa kerak, degan faraz bilan birovni tutib ololmaymiz», — dedi u.
Shuningdek, anjumanda ma'lum qilinishicha, Rossiyaning Uzoq sharq federal universitetida tahsil oluvchi o‘zbekistonlik talabalar u yerdagi o‘zlariga nisbatan noqonuniy mexanizmlardan jabr ko‘rmoqda. «U yerda neft va gaz fakultetida tahsil oluvchi o‘zbek talabalari uchun yozilmagan talab bor. «Ichki tartib» bo‘yicha talabani boshqa fakultetga o‘tkazishga harakat qilishadi. Istamaganlarni esa imtihonlardan yiqitib, universitetdan haydashga urinishadi. Kursdan qoldirish, hech qanday sababsiz bahoni qo‘ymaslik hollari ham uchraydi. Bu talabalarning huquqini kim muhofaza qiladi?» ─ deydi anjumanda ishtirok etgan inson huquqlari bo‘yicha tashkilot vakili.
Zayniddin Nizomxo‘jayevning qayd etishicha, O‘zbekistonning Rossiya federatsiyasidagi elchixonasida bu masala ko‘tarilmagan. «Ko‘pincha konsullik va elchixonalarning ziddiyatli holatlarda fuqarolarga yordam bera olmasligiga chet elga ketganlarning o‘zi sabab bo‘lib qoladi. O‘qishga kirgan deb hujjatlarini rasmiylashtirgan, lekin o‘zi o‘qishga qatnamaganlar ham bor. Chet elga o‘qishga borgan talabalar O‘zbekiston konsulligiga borib, ro‘yxatdan o‘tishi shart. Ro‘yxatdan o‘tmasa, konsul kim qayerda ekanligini bilmaydi. Bu fuqaro bilan muammo yuzaga kelganda esa uni himoya qilish ancha murakkablashadi. Ular konsullik bilan muloqotni saqlab turgan bo‘lsa, haq-huquqini himoya qilish mumkin bo‘ladi», — dedi u.
Mavzuga oid
15:21 / 24.07.2023
Maktab o‘qituvchilariga 7,8 mlrd so‘mlik ta’til pullari undirib berildi
07:31 / 14.07.2023
Yangi ishga kirayotgan xorijiy til o‘qituvchilariga B2 darajadagi sertifikat majburiy bo‘ladi
18:39 / 27.06.2023
O‘qituvchilarning ta’tili 56 kun etib belgilandi
20:40 / 22.06.2023