Jamiyat | 14:14 / 13.07.2019
43185
5 daqiqa o‘qiladi

Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi kuydirgi kasalligi haqida eslatma bilan chiqdi

Foto: ru.slovoidilo.ua

Dunyoning ko‘pchilik davlatlarida, jumladan O‘rta Osiyo davlatlari qatori O‘zbekistonda ham har yili yoz-kuz oylarida kuydirgi kasalligi qayd etilib turadi, deb xabar bermoqda Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi.

Kuydirgi hayvonlardan odamlarga yuqadigan, asosan o‘ziga xos yara (karbunkul), kamdan-kam hollarda esa o‘pka va ichak shakllarida namoyon bo‘ladigan hayvonlar va odamlarda uchraydigan o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. Ushbu kasallikning teri, o‘pka va ichak shakllari uchraydi, og‘ir hollarda septik turiga ham aylanishi mumkin. Eng ko‘p uchraydigan teri shakli o‘z vaqtida davolash choralari ko‘rilsa tuzalib ketadi.

Kasallikni kuydirgi bakteriyalari keltirib chiqaradi, kasallik hayvonlardan hayvonlarga va odamlarga yuqadi, biroq kasallikni odamdan odamga va odamdan hayvonlarga yuqishi aniqlanmagan.

Kuydirgi kasalligi odamlarga shu kasallikka chalingan hayvonlarni so‘yish, terisini shilish, go‘shtini maydalash, oshqozon-ichaklari va kalla-pochasini tozalashda, shuningdek kasallangan hayvonlarni parvarishlash jarayonlarida, yetarli termik ishlov berilmagan go‘sht mahsulotlarini iste'mol qilish natijasida yoki hayvon terilarini tashish, saqlash va qayta ishlash jarayonida yuqadi. Chorvachilik bilan shug‘ullanuvchilar, go‘sht mahsulotlarini qayta ishlovchilar va ovchilar ko‘proq kasallanadilar.

Kasallikning yashirin davri bir necha soatdan 14 kungacha, o‘rtacha 2-3 kun davom etadi.

Kasallik belgilari:

Teriga tushgan kuydirgi tayoqchasi dastlab terida qichishish va qizil dog‘ hosil qiladi. Dog‘ tugunchaga aylanib, bir necha soat ichida pufakcha hosil bo‘ladi. Doimiy qichishish oqibatida pufakcha yorilib, ichidan suyuqlik ajraladi (sachragan suyuqlik yangi pufakchalarni hosil qiladi). Yorilgan pufakcha o‘rnida qora rangli o‘zidan zardobli suyuqlik ajratib turuvchi, atrofi shishib ko‘tarilgan yara hosil bo‘ladi. Shu vaqtga kelib, yaraga yaqin joylashgan limfa tugunlari ham kattalashadi. Uning eng xarakterli belgisi yaralar og‘riqsiz bo‘ladi. Yara hosil bo‘lishi bilan tana harorati ko‘tariladi. Bemorning eti uvushadi, boshi aylanadi, ko‘ngli ayniydi, holsizlanadi. O‘pka shaklida qon qusadi, ichak shaklida esa ich ketishi qon bilan kuzatilib, bu holat 5-7 kun davom etadi.

Kuydirgining teri shakli

Yuqoridagi belgilar kuzatilganda tezda shifokorga murojaat qilish lozim!

Kuydirgi kasalligining oldini olishda quyidagi chora-tadbirlarga amal qilish kerak:

-         qishloq xo‘jalik hayvonlarini davriy veterinariya ko‘rigidan o‘tkazib turish;

-         molxonalarda veterinariya-sanitariya qoidalariga qattiq rioya etish;

-         hayvonlarni veterinariya nazoratisiz so‘ymaslik va go‘shtini aholiga tarqatmaslik;

-         kuydirgi bilan kasallangan hayvon go‘shtini dezinfeksiya qilish va zararsizlantirish;

-         kasal hayvonlar yotgan joylarni 2 foiz formalin, 20 foiz xlorli ohak eritmasi va boshqa vositalar bilan dezinfeksiya qilish, o‘lganlarni esa 2-2,5 metr chuqur qilib, ustiga 10 sm qalinlikda ohak solib ko‘mish yoki yoqib yuborish;

-         kuydirgi yarasiga ishlatilgan vositalarni dezinfeksiya qilish, o‘rin-ko‘rpalarni dezkameradan o‘tkazish;

-         chorvachilik, go‘sht kombinati, teri va qorako‘l zavodi ishchilari, veterinarlar, laboratoriya xodimlarini kuydirgi kasalligiga qarshi emlatish;

-         go‘sht, sut mahsulotlari bilan ishlashda e'tiborli bo‘lish, pichoqlar va taxtachalarni alohida bo‘lishiga qat'iy rioya etish talab etiladi.

Kuydirgi xastaligini oldini olishda sanitariya-profilaktika ishlarini kuchaytirish muhim vazifadir. Ya'ni qishloqlarda, maktablarda, chorvachilik korxonalarida, ovqatlanish shoxobchalarida, suv havzalarida kasallikning kelib chiqishini, oldini olish chora-tadbirlarini, shaxsiy va umumiy gigiyena qoidalariga amal qilishning ahamiyatini aholiga tushuntirish o‘ta muhimdir, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid