O‘zbekiston | 16:39 / 13.07.2019
23770
19 daqiqa o‘qiladi

«MAK faqatgina ichki yo‘nalishlarda monopoldir». «O‘zbekiston havo yo‘llari» maxsus bayonot bilan chiqdi

Foto: KUN.UZ

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi shu kunlarda milliy aviatashuvchi chiptalariga narx belgilash, charter va muntazam parvozlar tushunchasini to‘g‘ri talqin qilmaydigan va mamlakat fuqaro aviatsiyasi bilan bog‘liq boshqa masalalar ko‘tarilgan bir nechta maqola va postlarni diqqat bilan o‘rganib chiqdi, deyiladi MAK xabarida.

Milliy aviakompaniya o‘zini O‘zbekiston Respublikasining korporativ fuqarosi deb biladi va uning jamoasi bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan «O‘zbekiston havo yo‘llari» oldiga qo‘yilgan va soha infratuzilmasini tubdan takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirish ustida ish olib bormoqda. Biz ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi barcha nashr va chiqishlarni bizga xizmat sifatini yaxshilashga yordam beradigan jamoatchilik fikrini aks ettiruvchi ko‘zgu, deb bilamiz, deyiladi ma'lumotda.

«Biroq, fuqaro aviatsiyasi, xususan «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi borasidagi ba'zi tushunchalarni to‘g‘ri talqin qilmaydigan mualliflar ham bor. Biz maqolalar mualliflari, blogerlar, onlayn-nashr va ommaviy axborot vositalari vakillarini yig‘ib, ularning savollariga yuzma-yuz uchrashuvda javob berishga tayyormiz. Hozir esa, shu kunlarda yuzaga kelayotgan savollar bo‘yicha noto‘g‘ri ma'lumot tarqalmasligining oldini olish maqsadida javob berishni joiz, deb topdik.

Aziza Umarovaning ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan materiallaridan: «Oddiy odamlar ta'tilda xorijga ucha olmaydi, chunki monopol-aviatashuvchi O‘zbekistonga raqobatchi qo‘ymaydi», - deya davom etadi MAK o‘z bayonotida.

Bildirilishicha, 2018 yilga kelib O‘zbekistonga uchadigan xorijiy aviakompaniyalarning soni 2017 yilga nisbatan 14 dan 18 gacha (28% ga) ortgan. Xorijiy aviakompaniyalar tomonidan amalga oshirilgan reyslar soni 6 833 dan 9 657 ga (41% ga) o‘sgan. «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasidan tashqari, xalqaro havo tashish bozorida o‘n sakkizta xorijiy aviakompaniya dunyoning 9 ta mamlakatidan O‘zbekiston Respublikasining Toshkent va boshqa aeroportlariga tijoriy qatnovlarni amalga oshiradi. «Aeroflot», Asiana Airlines, Korean Air, China Southern, Kam Air, Rossia, S7, Turkish Airlines, Ural Airlines, Yakutiya, NordWind, Red Wings, Iraero, Buta Airways (Azal Airlines), Somon Air, Fly Dubai, UTair shular jumlasidan. Misol tariqasida O‘zbekiston va Qozog‘istonga parvoz qiluvchi xorijiy aviakompaniyalarning qiyosiy jadvalini keltirish mumkin.

2019 yildan boshlab Fly Dubai (BAA) va Buta Airways (Ozarboyjon) kabi loukoster aviakompaniyalar O‘zbekistonga parvoz qilishni boshladi. Rossiya Federatsiyasidan past budjetli aviakompaniyalar tamoyili asosida Red Wings, NordWind va Yuteyr parvoz qilmoqda.

2019 yilning yozidan sayohat agentliklari bilan birgalikda Sharm-al-Shayxga arzon narxlardagi yo‘llanmalarni taklif qilayotgan «Al Masria» (Misr) charter aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlarini yo‘lga qo‘ydi.

«Bizning aviatashuvlar bozorida bunday aviakompaniyalar ishlayotganini bilamiz va ularni sanab, nomini keltirish marketing va reklama nuqtai nazaridan to‘g‘ri emasdir. Har bir aviakompaniya bozorda o‘zini o‘zi taqdim etishi kerak. Biroq, biz O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarida ijtimoiy tarmoqlardagi ma'lum bir nashrlardan so‘ng noto‘g‘ri fikr shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bunga jur'at etdik.

Qayd etilgan aviakompaniyalarning parvozlar geografiyasi va qatnovlar soniga qarab, aksariyat yo‘nalishlarda biz ular bilan tenglik asosida ishlayotganimizga ishonch hosil qilish mumkin.

Yo‘lovchilarda esa, tanlash imkoniyati mavjud.

Yunalishlarda bevosita raqib bo‘lmagan holatda xorijiy aviakompaniyalar muqobil, ya'ni alternativa sifatida tranzit tashuvlarni taklif etmoqda. Bu qanday tamoyil asosda shakllanishi quyida aks ettiriladi.

Hindiston, Fransiya, Germaniya, Italiya, Latviya, AQSh, Yaponiya va boshqa davlatlarning aviatashuvchilari O‘zbekistonga paritet qatnovlarni amalga oshirish huquqiga egaligini va O‘zbekiston tomoni ularni rad etish uchun yuridik huquqqa ega emasligini ham ta'kidlab o‘tishni istardik.

A.Umarova fuqarolarning ta'tilga uchib keta olmasligining sababini topdi: «Oddiy fuqarolar ta'tilda xorijga ucha olmaydi, chunki monopol-aviatashuvchi O‘zbekistonga raqobatchi qo‘ymaydi». Va bunda Turkiya alohida qayd etilgan. Shu joyda muallifning ushbu fikrlar va qarashlariga nisbatan kelishmaslikni o‘zimizga ep bildik. Ushbu yo‘nalishda Turkish Airlines bilan juda jiddiy raqobat bor. Ular, nafaqat Toshkentga/dan, balki Samarqandga/dan ham qatnovlarni amalga oshiradi (yana raqobatchimiz haqida gapiryapmiz, bunga bizni Internet tarmog‘idagi bahs-munozaralar majbur etdi). Shuningdek, Istanbulga qiyosiy narxlar jadvalini keltirib o‘tamiz», - deyilgan izohda.

MAKning bildirishicha, fikrlovchi mushtariy O‘zbekiston bozorida raqobatning rivojlanishiga MAK to‘sqinlik qilmayotganini osongina anglashi mumkin, chunki Milliy aviakompaniya xorijiy aviatashuvchilarning O‘zbekistonga parvoz qilishiga qarshilik qila olmaydi. Chunki ushbu vakolatlar O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligiga yuklatilgan.

Bundan tashqari, uning matnida yana quyidagi so‘zlar keltirilgan: «Bizda charter reyslar, loukosterlar va mahalliy muqobil aviakompaniyalar yo‘q. (Xohlovchilar juda ko‘p)». Respublikada alternativ aviakompaniyani yaratish masalasi MAK vakolatiga kirmaydi. Bunda «O‘zbekiston havo yo‘llari»ni ayblash noto‘g‘ri deb, hisoblaymiz. Aviakompaniya O‘zbekiston bayrog‘i ostida yo‘lovchi va yuk tashuvlarini amalga oshiradi, parvozlar geografiyasini kengaytiradi hamda havoda va yerda yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlaydi, deyiladi bayonotda.

Monopol aviatsiya xizmatlari borasida ta'kidlanishicha, MAK faqatgina ichki yo‘nalishlarda yagona aviakompaniyadir (monopoldir). Agar kimdir mamlakat ichida tashuvlarni tashkil etish bo‘yicha taklif bilan chiqsa, bunda ham MAK bu jarayonga qarshilik qila olmasligi aytiladi. Shu bilan birga, fuqarolar aviakompaniya raqobatlashayotgan yer usti transportidan foydalanish imkoniyatiga egalar.

«Endi charter qatnovlarga to‘xtalsak. Post muallifi: «Har yoz mavsumida maftunkor «Havo yo‘llari»miz Antaliyaga amalga oshiradigan standart reysini «charter» deb atab, unga chiptalarni Istanbulgacha bo‘lgan reys qiymatida sotadi. Joylar esa doim aniq bir turfirma orqali bron qilinadi».

Keling, charter nima ekanligiga aniqlik kiritaylik. Charter qatnovlari sayyohlik operatorlari tomonidan sayyohlik mavsumi davomida tashkil etiladi, muntazam qatnovlar esa, aviakompaniyalar tomonidan tashkillashtiriladi.

Yozgi mavsumda mahalliy sayyohlik agentliklari charter qatnovlariga buyurtma berish uchun aviakompaniyaga murojaat qilishadi. Odatda, Antaliya, Bodrum, Issiqko‘l kabi mashhur yo‘nalishlarga qatnovlar amalga oshiriladi. Aviakompaniya majburiyatiga samolyot, uchuvchi tarkibi xamda parvoz xavfsizligini ta'minlash kiradi. Yo‘lovchilar uchun aviatashuvning yakuniy narxlanish masalasi bilan sayyohlik agentliklari shug‘ullanadi. Charter qatnovining asosiy buyurtmachisi (sayyohlik agentlik) joylarning bir qismini boshqa sayyohlik agentliklariga sotishga taqdim etadi.

Shuning uchun, «har yoz mavsumida biz sevgan» «Havo yo‘llari» so‘zini «Antaliyadagi standart parvoz» deb atashadi ...», kabi iboralarni keltirish noto‘g‘ri. «Havo Yo‘llaridan charter» deb ta'kidlash - bu tushunchalarni «ochiq chalkashtirish» nega kerakligi tushunarli emas.

Shu bilan birga, shunday jumla keltirilgan: «O‘zbek turfirmalari o‘tgan safar o‘zlari charter reyslarni yo‘lga qo‘yishni taklif etgandi, biroq ular qat'iy rad javobini oldi. Faqat «O‘zbekiston havo yo‘llari» uchadi». Bu nimani anglatishini tushunish uchun bu jumlani bir necha marta qayta o‘qish kerak bo‘ldi. Ammo biz, muallif vaziyatni to‘liq va oxirigacha tushunmagan yoki bunday noto‘g‘ri tashviqot yoki fitnalar bilan o‘quvchilarni adashtirishga uringan degan xulosaga keldik», - deyilgan MAK xabarida.

Mahalliy aviakompaniyaga ichki qatnovlardagi aviachiptalar narxi borasida ham savollar ko‘p ekani aytiladi. Xususan, fuqarolarda respublika ichida raqobat yo‘qligi uchun MAK yuqori narxlarni belgilamoqda, degan fikr tug‘ilmoqda. Quyidagi jumlani o‘qib, aksariyat kishilar buni haqiqat, deb qabul qilishlari, va ehtimol, samolyotda uchishdan bosh tortishlari mumkin, agar o‘zlari shaxsan ma'lumotni tekshirmasalar: «Gap faqat Turkiya qirg‘oqlari haqidagina emas. Siz va bizning hayotimiz haqida mulohaza yuritmoqdamiz. Nukusdan Toshkentgacha bo‘lgan chiptalar 100 dollardan ortiq turishi haqida», deyilgan xabarda.

Bildirilishicha, o‘zini hurmat qilgan har qanday jurnalist yoki shaxs muayyan faktlarni yoki raqamlarni keltirishdan oldin, ma'lumotni qayta-qayta tekshirib, to‘liq va ishonchli ma'lumotni taqdim etadi.

«Bu holatda, A.Umarova saytning bronlash bo‘limiga kirish uchun vaqt topa olmaganga o‘xshaydi. Saytda hamma ma'lumot ochiq. Biz erinmasdan biletlarni sotib olish va bronlash saytlaridan Nukus-Toshkent qatnoviga skrin tasvirlarni oldik. Ayni paytda, masalan, 15 iyul sanasi holatiga bronlashning barcha 10 ta klassiga (ekonom klass) biletlar sotilmoqda, eng arzonidan (404 391 so‘m, ya'ni taxminan $47 dollar), to eng qimmatigacha (924 322 so‘m. $107). Barcha narxlarni quyidagi rasmda ko‘rishingiz mumkin. Xalqaro amaliyotdan kelib chiqqan holda, har bir tarif uchun ma'lum joy ajratilgan. Tabiiyki, fuqaro qancha oldinroq aviachipta sotib olsa, bilet shuncha arzonga tushadi. Qatnov kuni yaqinlashgan sari tariflar qimmatlashadi.

Nima uchun muallif fuqarolarni aynan va faqat eng qimmat narx haqida xabardor qilayotgani uning vijdoniga havola», - deya davom etadi MAK.

Eng past va eng yuqori tariflar orasida bir necha takliflar mavjud. Parvoz vaqti - 1 soat-u 20 daqiqa.

O‘zbekiston va Qozog‘istonning aviatsiya bozoridagi, masalan, Toshkent - Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxi ko‘rib chiqilgan (parvoz vaqti 50 daq.).

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK veb-saytida - $ 11

Qozog‘istonda xuddi shunday yo‘nalishda ikkita aviakompaniya «Nur-Sulton-Pavlodar» qatnovlarini amalga oshiradi, parvoz vaqti 50 daqiqa.

Aviachiptalarni Qozog‘iston aviakompaniyalar sayti orqali sotib olish quyidagicha: ($ 1 = 382,693 dollar) $ 40,65 va $ 112. Bu eng arzon tariflar.

Yana bir misol. Urganch - Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi 385 ming so‘mdan boshlanadi. Parvoz vaqti - 1 soat-u 30 daqiqa. Biroq, «Nur-Sulton - Almati» yo‘nalishi bo‘yicha eng arzon aviachipta o‘sha sana va o‘sha parvoz vaqti bilan (1 soat 35 min.) – 344 ming so‘mni tashkil etadi. Ushbu narx Qozog‘iston loukosteri tomonidan taqdim etilgan. E'tibor bering, loukoster. Barcha ko‘rsatilgan narxlarni ochiqlikcha tekshirish mumkin, deyiladi izohda.

MAKning ichki yo‘nalishdagi faoliyati bo‘yicha rejalari: ayni damda reyslarning sonini ko‘paytirish va tariflarni qo‘shimcha ravishda optimallashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

«Viloyatlardagi yopiq yoki bo‘sh aeroportlar haqida». Bunday iborani og‘riqsiz o‘qish mumkin emas, agar haqiqiy vaziyat bilan tanish bo‘lmasang. O‘zbekistonda 11 ta aeroport mavjud: Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Urganch, Navoiy, Termiz, Qarshi va Nukus shaharlarida. 2019 yilning 1-yarim yilligi natijalariga ko‘ra, viloyat aeroportlaridan (Toshkent shahridan tashqari) 9 302 qatnov amalga oshirilib, 969 427 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan, 2018 yilning shu davrida esa, 8 620 ta qatnov amalga oshirilib, 717 629 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan.

O‘tgan yili MAK Qarshi shahriga uchmagan (ammo aeroport shtat jadvaliga muvofiq faoliyat yuritgan, xorijiy aviakompaniyalar u yerga parvoz qilgan) va Andijon aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagi samolyotlarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagani sababli vaqtincha yopilgan bo‘lsa-da, statistika ma'lumotlariga ko‘ra boshqa aeroportlar ishini faol amalga oshirib kelgan.

Ma'lumot uchun: 27 iyuldan boshlab Qarshiga/dan aviakompaniyaning xalqaro va mahalliy qatnovlari rejalashtirilgan.

Hozirgi vaqtda Termiz va Andijon aeroportlarida uchish-qo‘nish yo‘laklarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmoqda.

Shu bilan birga, xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilish maqsadida Nukus aeroportida «ochiq osmon» tamoyili joriy etilgan. Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, bu tamoyil respublikaning boshqa mintaqaviy aeroportlarida ham qo‘llaniladi.

A.Umarovaning Rossiyadagi mehnat muhojirlari to‘g‘risida yozganini o‘qish (Qozog‘iston dashtlari orqali yurganda tiriklay insonlari bilan yongan avtobuslar) juda qiyin va achinarli, deyilgan ma'lumotda.

MAK bayonotida aytilishicha, uning so‘zlarida aholining barqaror kayfiyatini buzishga urinishni ko‘rish mumkin. Sodir bo‘lgan voqea – oilalardagi katta fojiadir, ammo bu hodisani qanday qilib aviakompaniya bilan bog‘lash mumkin? Bunday falokat har qanday yo‘nalishda, nafaqat xalqaro avtobus yo‘nalishida, balki istalgan mamlakatning ichki yo‘nalishida ham sodir bo‘lishi mumkin. Aksariyat mamlakatlarda, loukosterlar bo‘lsa ham, fuqarolar avtobus tashuvlaridan faol foydalanadilar (AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya va boshqalar), deyiladi.

Agar xalqaro qatnovlardagi aviachiptalarning narxiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ko‘plab yo‘nalishlarga (Moskva, Sankt-Peterburg, Qozog‘iston, Seul, Dushanbe) qatnovlar soni oshirildi va barcha turdagi xarajatlar (aviatsiya kerosinlari, aeroportlar, aviakompaniya to‘lovlari) oshganiga qaramasdan, MAK o‘z tariflarini pasaytirmoqda. Rossiya Federatsiyasining shaharlarida ishlayotgan mehnat muhojirlarimiz uchun mavjud tariflarning 50% gacha chegirmalar qo‘llaniladi.

«Mana «Havo yo‘llari»ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovi va «Air Astana»ning Olmaota orqali qatnovi uchun narxlar. Nega to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnov to‘xtab o‘tish bilan amalga oshiriladigan qatnovdan qimmat? Chunki aksariyat yo‘nalishlarda (nafaqat Tbilisi) Olmaotaga uchib borish (yoki masalan Chimkentdan) Toshkentdan qaraganda arzon. Chunki u yerda raqobat, bizda esa, monopoliya” - bu Yuliy Yusupov postidan iqtibos. U aviatashuvlar sotuvi bo‘yicha saytdan skrin joylashtirgan.

Shunisi qiziqki, muallif o‘sha 4 yo‘lovchi uchun Olmaotadan Tbilisiga bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnov narxiga qaramagan.

Bu haqiqatan ham, aniqlashtirishni, tushuncha berish zarurligini talab etuvchi mavzu.

Buning uchun esa, shu o‘rinda raqobat sharoitida ko‘pgina aviakompaniyalarning marketing siyosati qanday ko‘rilishi haqida gapirib o‘tish zarur, deya ta'kidlaydi MAK.

Aviakompaniyalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchayotgan yo‘lovchilardan ortgan joylarni to‘ldirish uchun tranzit yo‘lovchilarni jalb qiladi. Bunday sharoitlarda xorijiy aviakompaniya uchun boshqa mamlakatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lovchini reysdan-reysga o‘tib amalga oshiriladigan parvozga jalb qilishning yagona usuli pastroq narxlarni taklif qilishdan iboratdir.

Aytilishicha, Yuliy Yusupovning keltirilgan 4 yo‘lovchi Toshkentdan Tbilisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchganda chipta narxi 12 mln. 131 ming so‘m bo‘lib, uchish vaqti 3 soat 40 daqiqa tashkil qiladi. Olmaota orqali uchganda esa chipta narxi 11 mln. 751 so‘mni tashkil etadi. Faqatgina parvoz vaqti 8 soat 20 daqiqa va ortga 21 soat 55 daqiqani tashkil etadi. Demak, to‘rt yo‘lovchi uchun 380 ming so‘m tejaladi.   

Yo‘lovchilar miqdori va sanalar xuddi shu kabi bo‘lganda, Olmaotadan Tbilisiga to‘g‘ri uchadigan reys Toshkentdan Tbilisiga qaraganda qimmatroq bo‘lib, 13 million 809 ming 786 so‘mga to‘g‘ri kelmoqda.

«Shulardan kelib chiqqan holda, hurmatli mualliflar, biz sizlardan ma'lumotni obektiv yondashgan holda o‘rganib, so‘ngra keng ommaga xolisona yetkazishingizni so‘raymiz.

Qayd etish joizki, ushbu maqola aviakompaniya mutaxassislarini asosiy xizmat vazifalari barobarida vaqt ajratgan holatda tayyorlandi. Biz ijtimoiy tarmoqdagi aviakompaniyaga nisbatan bo‘layotgan ayblovlarga javoban indamasligimiz mumkin edi. Lekin biz Milliy aviatashuvchini yo‘lovchilar, matbuot va ijtimoiy tarmoq ishtirokchilari bilan faol muloqotga kirishgan holda o‘z ish uslubini sezilarli darajada o‘zgartirgan O‘zbekistonning korporativ fuqarosi, deb hisoblaymiz.

Sizning taklif-mulohazalaringiz har doim inobatga olingan va bundan keyin ham olinadi. Aviakompaniya va aeroportlar bo‘yicha barcha ma'lumotlar bizning e'tiborimizda. Agar aviakompaniyada aybli holatlar bo‘lsa, ularni to‘g‘rilash chora-tadbirlari ko‘rib chiqiladi.

Lekin, haqiqat atayin qoralab ko‘rsatilsa, biz shunga yarasha javob qaytarish hamda to‘g‘ri va aniq ma'lumotni yetkazishga mas'ulmiz. Biz mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi materiallarni chop etuvchilar aniq va xolisona ma'lumotga ega bo‘lishi uchun yuqorida zikr etilgan postlar va boshqa maqolalar mualliflari bilan uchrashishga, barcha savollarga javob berishga tayyormiz», - deya yakunlanadi MAK xabari.

Mavzuga oid