Jamiyat | 18:05 / 19.07.2019
67393
11 daqiqa o‘qiladi

Ochiq osmon ostida yashayotgan xorazmliklar. Shahar hududida «snos» ishlari avjiga chiqmoqda

Yaqinda Xorazm viloyati, Urganch tumani, Ashxobod mahallasida yashovchi bir nechta fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Murojaatda yozilishicha, ular yashab turgan hududda davlat va jamoat ehtiyoji uchun maqsadli qurilish ishlari boshlanishi rejalashtirilgan. Shu sabab hozirda buzish ishlari boshlab yuborilgan. Lekin aholini ko‘chirish, ularga mulk berish, zararlarini qoplash va boshqa masalalar bo‘yicha qonunlarga to‘liq amal qilinmayapti.

Murojaatni Urganch shahridan tashqaridagi aholi ko‘chib borgan joylarni o‘rganishdan boshladik. Bu yer Urganch tumaniga qarashli Chandirqiyot qishlog‘i deb nomlanarkan.

Avval qurilgan namunali uylar yaqinida yaqinda ko‘chib kelgan Ashxobod mahallasida yashagan ko‘plab xonadon vakillarini uchratdik. Ba'zilari hokimiyat tomonidan berilgan kompensatsiya puliga qurilish ishlarini boshlab yuborgan. Ustalar javlon urib ishlamoqda.

Ayrim fuqarolar eski uyi qoldiqlari bo‘lgan yog‘ochlardan chaylaga o‘xshash vaqtinchalik shiyponlar qurib olishgan. Shiyponning birinchi xonasida ovqat tayyorlashsa, ikkinchisida ovqatlanishadi, televizor ko‘rishadi. Boshqa biridan esa yotoqxona sifatida foydalanishadi. O‘zbekiston kelajaklari bo‘lmish bolalar tahsil oladigan shahar maktablariga shu yerdan qatnashmoqda. Hatto aholi o‘zi bilan maishiy texnikalarigacha olib kelgan. Aynishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni muzlatgichda saqlaydi-da. O‘sha yerdagi elektr ustunlaridan sim tortib tokdan ehtiyojlari uchun foydalanishmoqda. Ha, bu yerda rostdan ham insonlar yashamoqda.

Vaziyatni yanada chuqurroq o‘rganish uchun o‘sha yerda yashayotgan fuqarolarning bir nechtasi bilan suhbatlashdik. Ulardan biri Ashxobod mahallasi 584-uyda yashagan ayol bo‘lib, bundan 20 kun avval ko‘chib kelgan. Bu yerda farzandlari bilan yashaydi. Turmush o‘rtog‘i Rossiyaga ishlagani ketgan.

Uning aytishicha, ularning buzilgan uyi baholovchi tashkilot tomonidan 230 million so‘mga baholangan. Shundan 10 foizi (taxminan 24 million so‘mi) ko‘chirish, qurilish materiallari va boshqa xizmatlarga ushlab qolingan. Mahallada buzish ishlari 1,5 oy avval boshlangan bo‘lsa-da, haligacha ularga pul mablag‘i berilmagan. Ayol kunda moliya bo‘limi va boshqa tashkilotlarga qatnab sarson bo‘lmoqda. Ayolning aytishicha, shahar hokimi Shuxrat Abdullayevdan yordam so‘rab qabuliga borsa, odatda uni tinglamaydi.

Sal nariroqda oilasi bilan yashayotgan, ilgari Ashxobod mahallasi 502-uyda yashagan To‘ti Ibragimovadan ham izoh oldik.  Uning ikki yon qo‘shnisi namunali uy olib ko‘chib chiqqanidan so‘ng, ularning mulklari buzib tashlangan. Keyin bu oila ham shu yerga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan. Buzish ishlari haqida og‘zaki ogohlantirilgan. Ularning ham 142 million so‘mga baholangan mulkining qiymatidan 10 foizi ko‘chirish ishlari va boshqa xarajatlarga deb ushlab qolingan. Biroq ularga qolgan summaning yarmi (64 million so‘m) berilgan. Qolgan 50 foiz summa tegishli tashkilotlarga qarzi mavjud emas degan hujjatni topshirsa, 15 ish kunidan keyin berilishi tushuntirilgan.

«Turmushidan ajrab kelgan qizimning kasal farzandiga issiqlarda qarab o‘tiribman. Shu bolam uchun vaqtinchalik yaxshiroq joy ajratib beringlar desam dodimni hech kim eshitmadi», - dedi To‘ti Ibragimova. Ularga ham 4 sotix yer sizlarniki deb ko‘rsatilgan, lekin yerga egalik huquqini beruvchi birorta hujjat berilmagan. Yana bir nechta oila vakillari bilan uchrashdik. Ular ham deyarli xuddi shu gaplarni aytishdi.

Biz suhbatlashgan oilalarning aksariga yerga egalik huquqini beruvchi birorta hujjat berilmagan. Vaqtinchalik yashab turishga eskiroq bino bo‘lsa ham ajratilmagan. Ular ochiq osmon ostida chayla qurib yashashmoqda. Ko‘plariga kompensatsiya pullarining yarmi berilgan. Ko‘chirish ishlariga deb baholatilgan summaning 10 foizi ushlab qolinmoqda. Yana ba'zi fuqarolarga bir so‘m ham pul ajratilmagan hollar ham mavjud. Vaholanki, uylari allaqachon buzib tashlangan.

Ular bilan tuzilgan kelishuv shartnomalarini ko‘zdan kechirdik. Fuqaro Yuldashbay Kurambayev va shahar hokimi o‘rtasida joriy yilning 23 iyun kuni kelishuv shartnomasi tuzilgan. Maxsus komissiya xulosasi, Urganch shahar hokimi qarori va ushbu shartnomaga muvofiq Urganch shahar hokimi fuqaroning arizasiga asosan barcha qurilish materiallarini qiymatini chegirgan holda, uy-joyi (kvartira)ning ijara haqi bilan birga to‘liq kompensatsiya puli 143 042 000 so‘mni, 50 foiz miqdori oldindan beriladi. Qolgan qismi turar-joyi (kvartirasi) buzilib, ularning yer maydoni tozalanib, yangi qurilishga yaroqli holga keltirilib, bu haqda shahar komissiyasi tomonidan dalolatnomalar tuzilib taqdim qilinganidan keyin qoplab beriladi. Odamlar soni va boshqalardan qat'i nazar, 4 sotixdan yer maydoni ham ajratiladi deyilgan. Shuningdek, hokimlikka yer, pul, mulk va boshqa masalalar bo‘yicha hech qanday e'tiroz yo‘qligi yuzasidan fuqaro imzosi olingan.

Yuqoridagilarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganimizdan so‘ng, Ashxobod mahallasiga bordik. U yerda hali ham buzish ishlari davom etardi. Shahar hokimi Shuxrat Abdullayevdan tushuntirish oldik. U qo‘l ostidagi mas'ul shaxslar bo‘layotgan qurilish-buzish ishlari, kompensatsiya va boshqa masalalar yuzasidan tushuntirish berishini aytib o‘tdi.

«Urganch shahrining bosh rejasiga asosan Ashxobod mahallasi sanoat mintaqasi hududi hisoblanadi. Bu yerlarda 50-60 yillar avval aholi ko‘chib kelib o‘rnashib qolgan. Bu yer temiryo‘l o‘tgan 32 gektarli maydon hisoblanadi. Uylar umuman talablarga javob bermaydi, juda xarob holga kelib qolgan. Hozirda bu yerdagi aholi to‘liq ko‘chirilib, o‘rniga bir nechta ishlab chiqarish obektlari qurilishi rejalashtirildi. Misol uchun, umumiy maydonning 4 gektar qismiga texnopark quriladi. Loyiha to‘liq ishga tushirilsa, 1000 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

Hozirda aholiga berilgan Urganch tumani hududi bosh rejaga asosan keyinchalik shahar hududiga qo‘shib olinadi. Bu yerda 394 xonadonda 700 oila istiqomat qilib kelgan. Ularning ba'zilariga namunali uylar ajratilgan, qolganiga yer ajratilib kompensatsiya mablag‘lari berilmoqda», - dedi Urganch shahar bosh arxitektori Bahodir Otajonov.

So‘ngra Urganch shahar moliya bo‘limi mudiri o‘rinbosari Otabek Bobojonovdan izoh oldik.

«Hozirga qadar mahalla fuqarolariga 14 milliard 220 million so‘m berildi. Hammasi kelishuv shartnomasi bo‘yicha amalga oshirilmoqda. Avvaliga baholangan summaning yarmi berilmoqda. Komissiya talablari bajarilganidan keyin qolgani ham o‘tkazilmoqda. Puldan muammo bo‘lgani yo‘q.

Otabek Bobojonov

10 foiz mablag‘ masalasiga kelsak, uyi buzilganidan keyin qayta qurilishga ishlatilishi mumkin bo‘lgan materiallar qolmoqda. Ma'lum mablag‘lar ularning roziligi bilan shu materiallar uchun ushlab qolinyapti. U yerda foizlar har xil bo‘ladi. Ko‘chirishga texnika berilmoqda, yordamlashilmoqda», - dedi u.

Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qarori asosida «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida» nizom tasdiqlangan.

Uning 4-bandiga ko‘ra, tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yer uchastkasini olib qo‘yish, yer uchastkasida joylashgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlarni, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirib tashlash to‘g‘risidagi tegishli qarorlari nusxalarini bildirishnomaga ilova qilgan holda, buzish boshlangungacha 6 oydan kechikmay, imzo qo‘ydirib uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar mulkdorlarini qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi shart. Demak, mulkdor mulki buzilishidan kamida 6 oy avval yozma ravishda ogohlantirilishi kerak. Ular bu tartibga amal qilganmi? Afsuski, yo‘q.

Nizomning 12-bandiga ko‘ra, ayrim hollarda, buzilayotgan uy (kvartira), imoratlar, inshootlar va ko‘chirilayotgan dov-daraxtlar egasining xohishiga ko‘ra, uy-joyni buzishdan olingan materiallar tegishli tumanlar (shaharlar) hokimlari qaroriga binoan mulkdorga berilishi mumkin. Bu holda komissiya mulkdorga beriladigan buzishdan olingan materiallar qiymatini buzish vaqtida amalda bo‘lgan bozor narxlari bo‘yicha ularning eskirganligini hisobga olgan holda belgilashi kerak. Ya'ni mulk egasining xohishiga ko‘ra, buzishdan olingan materiallar qiymati hisobga olinishi zarur. Majburiy emas. Nizomda barchasi to‘liq va aniq tushuntirib qo‘yilgan.

Yoz faslining o‘rtasi, havo qiziganidan-qizib bormoqda. Boz ustiga Xorazm respublikadagi eng issiq mintaqalardan biri hisoblanadi. Bunday issiqda ochiq osmon ostida yashashning o‘zi bo‘ladimi? Nega shahar hokimligi bularni hisobga olmadi? Nega ularga vaqtinchalik yashab turish uchun joy berish choralarini ko‘rmadi?

Fuqarolarning ba'zilari uyi buzib tashlangan, ammo kompensatsiya pullarini hali olmaganini aytmoqda. Ularga pullari qachon to‘liq o‘tkazib beriladi? Hokimliklar qachon Vazirlar Mahkamasining 97-sonli qaroriga to‘liq amal qilishni boshlaydi?

Kuzdan keyin qish ham kelib qoladi. Lekin ulardan ba'zilarining boradigan joyi ham yo‘q. Oddiy mashinalar 100 million so‘mdan qimmatga sotilayotgan bir paytda berilgan bu pullarga 3-4 oy ichida 5-6 kishilik oila uchun ijaraga vaqtincha yashab va uy qurish mumkinmi? Bu savollarga hozircha to‘liq javob ololmadik.

Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirliklar va huquqni muhofaza qiluvchi  tashkilotlardan bu borada izoh kutib qolamiz va o‘sha yerdagi fuqarolarning keyingi taqdiri ham davlat nazoratiga olinadi degan umiddamiz.

Zafarbek Solijonov jurnalist,
Mirrahimov Mirvohid tasvirchi

Mavzuga oid