OAVda Turkmaniston prezidenti o‘limi haqida xabarlar tarqalmoqda. Uning «g‘oyib bo‘lishi» onasining ahvoli og‘irlashgani bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin
OAVda Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov vafot etgani to‘g‘risida xabar tarqalmoqda. Bu haqda dastlab «Govorit Moskva» Yevrosiyo muammolari monitoring markazi direktori Aslan Rubayevga tayanib xabar bergan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkmaniston prezidentining o‘limi haqida Ashxobodda ishlaydigan biznesmenlar ma'lum qilgan.
«Bu aniqmi, deb so‘raganimizda, ular maxsus xizmatlarda ishlaydigan tanishlari bu haqda aytgani, voqea Berdimuhammedov ta'tilga chiqqanida yuz berganini ma'lum qilishdi», degan Rubayev.
5 iyuldan keyin omma oldida ko‘rinish bermagan Gurbanguli Berdimuhammedov ijod bilan mashg‘ul bo‘lish uchun 15 iyul kuni ta'tilga chiqqani ma'lum qilingandi.
U 5 iyul kuni hukumat yig‘ilishi o‘tkazgan va qator farmonlarni imzolagan. 6 iyul kuni mamlakatga Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini kelgan, prezident esa uni qabul qilmagandi.
Turkmaniston prezidentining o‘limi haqida ilk xabarlar 20 iyul kuni arab davlatlari hayotini yoritishga ixtisoslashgan ElMurid telegram-kanalida tarqalgandi.
«Svobodnyy Turkmenistan» YouTube-kanali ham Ashxaboddagi muxbiriga asoslangan holda prezident 20 iyul kuni vafot etgani to‘g‘risida xabar tarqatgan, o‘limga o‘tkir buyrak yetishmovchiligi sabab bo‘lgani aytilgandi.
Ayni vaqtda mintaqadagi nashrlarning barchasi siyosatchining o‘limi haqida faqat birgina manba - ekspert Aslan Rubayevga asoslanib xabar tarqatmoqda va bu xabar boshqa manbalar tomonidan rasman tasdiqlanmayapti.
Ma'lumotlar olish uchun yopiq bo‘lgan Turkmaniston tomoni esa tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirgani yo‘q - ma'lumot na tasdiqlanmoqda va na inkor etilmoqda.
FreedomHouse Turkmanistonni — jahondagi axborot olish uchun eng yopiq mamlakatlardan biri sifatida qayd etgan, bu mamlakat hayoti haqidagi norasmiy manbalar xorijiy nashrlarda chiqadi. Shu vaqtgacha «Arkadag‘»ning tibbiy holati haqida OAVda rasmiy ma'lumot berilmagan.
«Xronika Turkmenistana» manbasiga ko‘ra esa Turkmaniston prezidentining «g‘oyib bo‘lishi» uning onasi Germaniyaga og‘ir ahvolda olib ketilgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
May oyida ham prezident vafoti haqida xabarlar tarqalgan, lekin keyinroq aslida uning onasi Ogulabat Berdimuhammedova og‘ir xastalikka chalingani va unga qarash uchun Ashxobodga turkiyalik shifokorlar yetib kelgani ma'lum bo‘lgandi.
«Xronika Turkmenistana» xabariga ko‘ra, prezidentning onasi 10 kundan buyon Germaniyada davolanayotgan edi.
OAV ma'lumotiga ko‘ra, prezident samolyotini oxirgi marta 12 iyul kuni Germaniya hududida ko‘rishgan.
Berdimuhammedov 1957 yilda Ashxobodda tug‘ilgan. U 2006 yil dekabrida Saparmurod Niyozov (Turkmanboshi) vafot etgach hokimiyatga kelgan - 2007 yil 14 fevralida Turkmaniston prezidentiga aylangan. U 2017 yilgi saylovlarda 97 foiz ovoz olib, uchinchi muddatga qayta saylangandi. Bu saylovdan oldin esa mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritilib, prezidentlik muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirilgandi.
To‘ldirish: Prezident o‘limi haqida xabarlar tarqalayotgan bir mahalda «Turkmenistan: zolotoy vek» nashrida prezident tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklagani to‘g‘risidagi xabar paydo bo‘ldi.
Mavzuga oid
16:23 / 28.10.2024
Turkmaniston Rossiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi
22:15 / 25.10.2024
BMT Markaziy Osiyoni «Tinchlik, ishonch va hamkorlik hududi» deb e’lon qildi
18:51 / 12.10.2024
Ashxoboddagi ko‘chaga prezidentni davolagan nemis shifokorining nomi berildi
13:35 / 08.10.2024