Sport | 11:20 / 21.07.2019
40161
2 daqiqa o‘qiladi

Pakyao 40 yoshida chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi

21 iyulga o‘tar kechasi AQShning Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tgan boks oqshomida filippinlik 40 yoshli Menni Pakyao amerikalik 30 yoshli yengilmas bokschi Kit Turmanga (29-1, 22 KO) qarshi jangga chiqdi. 

Ushbu jang professional boksning yarim o‘rta (-66,68 kg) vazn toifasida WBA Super chempionlik kamari uchun tashkil etildi.

12 raundga mo‘ljallangan jangning birinchi raundida Pakyao Turmanni nokdaun holatiga tushirdi.

Ikkinchi raundda ham filippinlik bokschi zarbalar seriyasini namoyish etdi. Ammo Turman o‘ziga keldi va jangning ikkinchi qismida ustunlikni qo‘lga oldi va bir necha raundda ustun keldi.

Pakyao esa jang oxirida faollik ko‘rsatib, g‘alabani o‘z tomoniga og‘dira oldi va hakamlar qaroriga ko‘ra g‘olib deb topildi.

Hakamlarning ikki nafari g‘alabani filippinlik bokschiga berdi (115-112, 115-112), uchinchi hakam Kit Turman g‘alaba qozongan deb hisobladi (114-113).

Shu tariqa, Menni Pakyao 40 yoshida (bu uning 62-g‘alabasi bo‘ldi) WBA Super chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi. Bu u siyosiy faoliyati uchun tanaffus qilib ringga qaytganidan keyin qatorasiga uchinchi g‘alaba bo‘ldi.

Bu jang evaziga Pakyao 10 million dollar miqdorida gonorar oladi, jangdan oldin Pakyaoning faoliyatiga nuqta qo‘yishni va'da qilgan Turmanga esa natija qanday bo‘lishidan qat'i nazar 2,5 million dollar miqdoridagi gonorar kafolatlangandi.

Mavzuga oid