Jahon | 18:10 / 25.07.2019
34463
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda 118ta bolani asrab olgan ayol 20 yilga qamaldi

Foto: WEIBO

Xitoyda "mehribon ona" nomi bilan tanilgan, 118ta bolani asrab olgan Li Yansya ismli ayol shantaj va tovlamachilikda ayblanib 20 yilga qamaldi.

U shuningdek, 2,67 million yuan (393 ming dollar) jarima to‘laydigan bo‘ldi va besh yil muddatga barcha siyosiy huquqlardan mahrum etildi.

Uning asosiy sherigi Syuy Tsi 12,5 yarim yilga qamaldi, uch yilga siyosiy huquqlardan mahrum etildi va 1,2 million yuan (176 ming dollar) jarima to‘laydigan bo‘ldi. Ushbu ish bo‘yicha yana 14 kishi 1 yildan to‘rt yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.

Li Yansya keyingi 15 yil davomida xayriya va bolalarga yordam berishi bilan Xitoyda taniqli shaxs, telekanal va gazetalarning qahramoniga aylangandi. Tergovda aniqlanishicha, ayol va uning sheriklari bolalardan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalangan.

Ma'lum bo‘lishicha, o‘tgan asrning 80-90-yillarida u yetarlicha boy ayol bo‘lgan va 1996 yilda birinchi yetim qizni asrab olgan. Ayol intervyularidan birida yetimlarni asrab olishni istashini, “Muhabbat qishlog‘i” deb nomlanuvchi bolalar uyini qurish uchun bor mol-mulkini sotganini aytgan.

Ammo 2018 yilda “Muhabbat qishlog‘i” 4 yildan buyon hech qanday tekshiruvlardan o‘tmagani ma'lum bo‘ldi va noqonuniy faoliyat yuritishda gumonlandi.  

Tergov davomida aniqlanishicha, ayolning turli banklarda 45ta hisob raqami bo‘lib, ularda 20 million yuan (2,9 million dollar) pul bo‘lgan, u shuningdek, Land Rover va Mercedes-Benz avtomobillariga egalik qilgan.  

Ayol va uning sheriklari bolalardan o‘z maqsadlarida foydalanishgan. U turli muassasalar muhrlarini qalbakilashtirgan. Bundan tashqari, bolalar uyi tarbiyalanuvchilari va xodimlariga ijtimoiy nafaqa olish uchun hujjatlarni soxtalashtirgan. Nafaqa olayotganlardan to‘rt nafari vafot etganida hukumatga xabar bermagan va ular uchun ijtimoiy ta'minot olishda davom etgan. U shu yo‘l bilan 26 kishi uchun 500 ming yuandan ortiq (73,5 ming dollar) pul olgan.

Shu bilan birga, ayol 2014-2018 yillar davomida bolalar uyi hisob raqamidan o‘z hisob raqamiga 610 ming yuan (89 ming dollar) o‘tkazgan.

Mavzuga oid