Buxoroda «Qovun sayli» o‘tkazildi va g‘olib dehqonlar taqdirlandi - video
Buxoroda an'anaviy «Qovun sayli» o‘tkazildi. Mustaqillikning 28 yilligi munosabati bilan, 23-bor tashkillashtirilgan an'anaviy sayil mirishkor dehqonlar, polizkor fermerlar, tomorqa yer egalarining haqiqiy mahorat namoyishiga aylandi.
1996 yildan buyon katta uyushqoqlik bilan tashkil etib kelinayotgan «Qovun sayli»da «Ko‘kcha», «Amiri», «Novvoti», «Bo‘rikalla», «Kampirchopon», «Dahbedi», «Sherozi», «Toshloqi», «Gulobi», «Barginay» kabi o‘ttizga yaqin bir-biridan xushxo‘r nav taqdim etildi.
Bu yilgi sayilda viloyatning barcha tumanidan kelgan 235 ta fermer xo‘jaligi tomonidan tanti dehqonlarimiz mehnati mahsuli — 2125 tonna qovun-tarvuz shaharliklar dasturxoniga tortiq qilindi. Bundan tashqari, turli meva-sabzavotlar, asalchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Buxoro shahrining diqqatga sazovor markazi Abu Ali ibn Sino nomidagi favvoralar xiyobonida bo‘lib o‘tgan besh kunlik «Qovun sayli» nafaqat shaharliklar va mehmonlarni, balki chet eldan tashrif buyurgan sayyohlarni ham befarq qoldirmadi.
Bu yilgi «Qovun sayli» chinakam bayram tusini oldi. Unda qatnashgan har bir tuman uchun alohida maydon, joy hozirlanib, o‘sha hudud folklor-etnografik ansambllari diltortar kuy-qo‘shiqlari, konsert repertuari bilan yig‘ilganlar ko‘nglini xushladi.
Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, sayilda alohida o‘rnak ko‘rsatgan dehqon-mirishkorlar rag‘batlantirildi. «Eng fidoyi qovunchi dehqon» nominatsiyasida Qorako‘l tumanidagi «Jo‘rabobo» fermer xo‘jaligi rahbari Muhammad Jo‘rayev, «Eng yosh dehqon» nominatsiyasida Jondor tumanidagi «Chinnixonim zamini» fermer xo‘jaligi rahbari Shermuhammad Rajabov g‘olib deb topilib, ikkinchi darajali diplom va zamonaviy muzlatkich bilan taqdirlandi.
«Eng ko‘p shogird tayyorlagan usta dehqon» nominatsiyasida Vobkent tumanidagi «Xudoyberdi Qodir» fermer xo‘jaligi rahbari Qodir Xudoyberdiyev, «Eng yaxshi qovun turlarini ekkan fermer» nominatsiyasida Qorovulbozor tumanidan «Nazir Dilshod» fermer xo‘jaligi rahbari Nodir Vohidov, «Eng ko‘p ish o‘rni tashkil qilgan fermer» nominatsiyasida esa Buxoro tumanidagi «Oybek» fermer xo‘jaligi rahbari Sanoqul Nabiyev g‘olib deb topildi va ularga uchinchi darajali diplom va zamonaviy rangli televizor topshirildi.
Yakunda «Qovun sayli»ning bu yilgi mutlaq g‘olibligiga Peshko‘ tumanidagi «Bahor barakasi» fermer xo‘jaligi rahbari Sherali Umarov munosib ko‘rildi. Unga va yuqori darajadagi tashkilotchilik qobiliyati — namunaviy pavilon tayyorlagani bois Kogon tumani jamoasiga mukofot tarzida «Lochin» yuk tashish mototsikllari topshirildi.
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
12:01 / 09.11.2024
Buxoroda 16 yoshli bola o‘nlab shaxslar nomiga kredit olib, onlayn qimorga tikib yubordi. U qamoqqa olingan
11:34 / 06.11.2024
Buxoroda 1 mlrd so‘mdan ziyod elektrdan noqonuniy foydalangan tadbirkor aniqlandi
15:04 / 03.11.2024
Buxoroda xotiniga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs qamoqdan ozod qilinib, shartli jazo tayinlandi
20:48 / 09.10.2024