O‘zbekiston | 11:50 / 26.07.2019
32775
8 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz nashri propiska masalasida Ichki ishlar vazirligiga so‘rov kiritdi

So‘nggi kunlarda Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiskaga kirish masalasida ko‘plab tortishuv va nizolar bo‘lmoqda. Jumladan, bu kabi nizolar sekin-astalik bilan sudlarga ko‘chmoqda. Ya'ni qonunlarda belgilab qo‘yilgan huquqlari davlat organlari tomonidan asossiz buzilayotganidan norozi bo‘lgan fuqarolar o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishni so‘rab, ma'muriy sudlarga murojaat qilmoqda. Ahamiyatli tomoni, ular birin-ketin sudda yutib chiqishmoqda ham. Kun.uz sayti ana shunday sud jarayonlarining ayrimlari haqida avval ham xabar bergan edi.

Mantiqan olganda fuqaro propiska bo‘yicha sudda g‘alaba qozondi, degani, ichki ishlar organlarining noqonuniy harakatlari rasman tasdiqlandi degani. Shu sababli mazkur holatlarga izoh olish maqsadida Kun.uz nashri rasmiy so‘rov bilan Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildi.

So‘rovning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi

Ichki ishlar vaziri P.R.BOBOJONOVga

Hurmatli Po‘lat Razzoqovich!

Joriy yilning 24 iyun kuni «Kun.uz» nashrida «Birgalikda uy sotib olgan fuqarolar propiska masalasida sudda yutib chiqdi» sarlavhali xabar e'lon qilindi.

Xabarda uch nafar fuqaro Toshkent shahrida birgalikda umumiy mulk huquqi asosida uy-joy sotib olgani, lekin Yashnobod tuman IIB FMB M va FRB ularni Ro‘yxatning 1-bandiga muvofiq propiska qilishni asossiz rad etgani, natijada fuqarolar Yashnobod tuman ma'muriy sudiga ariza bilan murojaat qilgani bayon etilgan. Sudning hal qiluv qaroriga binoan, Yashnobod tuman IIB FMB M va FRB mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari g‘ayriqonuniy deb topilib, uning zimmasiga shikoyat yo‘llagan fuqarolarni (3 nafar) tegishli manzil bo‘yicha Ro‘yxatning 1-bandiga muvofiq doimiy propiska qilish majburiyati yuklangan.

Bundan tashqari, Yashnobod tuman IIB FMB M va FRBdan fuqarolar foydasiga 202 730 so‘m (davlat boji uchun to‘langan to‘lov) undirilishi belgilangan.

Shuningdek, joriy yilning 3 iyul kuni saytimizda «Oilali ekanligi uchun propiska rad qilingan fuqaro ham sudda yutib chiqdi» sarlavhali xabar nashr qilindi.

Xabarda ota-onasi Toshkent shahridan yangi uy-joy sotib olgan va 1-bandga o‘tgan fuqaro, ota-onasi orqali farzand sifatida 2-band bilan Toshkent shahriga doimiy propiskaga kira olmagani bayon etilgan. Fuqaroning arizasiga tuman IIB FMB M va FRB rad javobini berib, bunga asos sifatida Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining 14.12.2017 yildagi №22/25297-sonli ko‘rsatma xatida oilasi bor voyaga yetgan farzandlar 2-band bilan propiskaga kiritilmasligi qayd etilganini bayon qilishgan.

Ammo Yashnobod tuman ma'muriy sudining 29 may kunidagi hal qiluv qarori bilan fuqaroning da'vosi to‘liq qanoatlantirilib, Yashnobod tuman IIB FMB M va FRB mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari g‘ayriqonuniy deb topildi hamda tashkilot zimmasiga shikoyat yo‘llagan fuqaroni tegishli manzil bo‘yicha Ro‘yxatning 2-bandiga asosan doimiy ro‘yxatga qo‘yish majburiyati yuklandi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda 2, 5, 9—11-bandlariga muvofiq Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida doimiy propiska qilingan fuqarolar doimiy propiska qilingan (lavozimida turgan) kundan boshlab uch yil o‘tgandan keyin turar joy sotib olgandan keyin, ushbu turar joyga Ro‘yxatning 1-bandi bo‘yicha doimiy propiska qilish to‘g‘risida ariza berishganda tumanlardagi IIB FMB M va FRB turli vaj va bahonalar bilan ularning propiskasini 1-bandga o‘tkazib berishni rad qilayotgani haqida xabarlar chiqmoqda. Vaholanki amaldagi tartib bo‘yicha ularning doimiy propiskasi 1-bandga o‘zgartirilishi kerak edi. «Kun.uz» nashri bevosita ushbu masalani o‘rganib, haqiqatdan amaliyotda shunday muammolar mavjudligi haqida yetarli dalillar to‘pladi.

Hurmatli Po‘lat Razzoqovich!

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, shuningdek «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonunning 35-1-moddasiga binoan, quyidagi savollarni o‘z ichiga olgan so‘rovga Ichki ishlar vazirligi tomonidan batafsil ma'lumot olishda amaliy yordam berishingizni so‘raymiz:

1. Birgalikda umumiy mulk huquqi asosida uy-joy sotib olgan fuqarolarni 1-band bilan propiskaga kiritishni noqonuniy ravishda og‘zaki asosda rad qilish holatlarini bartaraf etish uchun vazirlik qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

2. Amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish kiritilmagan bir paytda, tumandagi mas'ullarning bunday rad javobi ularning o‘zboshimchalik bilan qilayotgan tashabbusimi yoki ularga respublika yoxud shahar miqyosidagi yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan taqiq qo‘yish to‘g‘risida norasmiy ko‘rsatma berilganmi?

3. OAV vakillari bilan o‘tkazilgan brifingda Toshkent shahar IIBB mas'ul xodimi umumiy mulk huquqi asosida uy-joy sotib olib, 1-band bilan propiskaga kirish holatlarini «lazeyka» deya baholagan va tez orada qonunchilikka bu bo‘yicha o‘zgartirish kiritish mumkinligini bayon qilgan edi. Ushbu masalada qonunchilikka o‘zgarish kiritish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar qaysi bosqichda va aynan loyihada qanday o‘zgarishlar nazarda tutilmoqda?

4. Sudning qarori bilan oilasi bor voyaga yetgan farzandlar 2-band bilan propiskaga kiritilmasligi to‘g‘risidagi qoida aks etgan Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining 14.12.2017 yildagi №22/25297-sonli ko‘rsatma xati noqonuniy ekanligi rasman tasdiqlandi. Shunga ko‘ra, ushbu noqonuniy ko‘rsatma xati vazir yoki boshqarma boshlig‘i tomonidan bekor qilindimi yoxud haliyam kuchda turibdimi?

5. Kelgusida oilasi bor voyaga yetgan farzandlarni 2-band bilan propiskaga kiritishni asossiz rad etish holatlarining oldini olish maqsadida vazirlik qanday amaliy choralar ko‘rdi? Quyi bo‘g‘inlarga tegishli topshiriqlar berildimi?

6. Garchi qonun hujjatlarida aniq ko‘rsatilgan bo‘lsa ham, 2, 5, 9—11-bandlariga muvofiq doimiy propiskaga kirgan hamda keyinchalik tegishli tartibda uy-joy sotib olgan fuqarolarni 1-band bilan propiskaga kiritishni noqonuniy rad qilish holatlarining oldini olish maqsadida vazirlik qanday ishlarni amalga oshirmoqda? Bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha quyi bo‘g‘inlarga tegishli ko‘rsatmalar chiqarilganmi?

7. Fuqarolarni doimiy propiskaga kirishi yuzasidan bergan arizalariga asossiz rad javoblari qaytarib, ularni ortiqcha ovora qilgan, sansalorlikka yo‘l qo‘ygan mas'ullarga nisbatan qanday choralar ko‘rildi?

Ushbu savollarga tez orada batafsil javob olishda ko‘rsatadigan amaliy yordamingiz va hamkorligingiz uchun «Kun.uz» nashri nomidan oldindan minnatdorchilik bildiramiz.

Tahririyatdan: «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonunning 35-1-moddasiga binoan, OAVning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir so‘rovi ko‘pi bilan yetti kun muddatda ko‘rib chiqilishi lozim. Shunga ko‘ra, tahririyat tez orada Ichki ishlar vazirligi tomonidan batafsil javob olishga umid bildiradi hamda vazirlik munosabatini sayt orqali mushtariylarga e'lon qiladi.

Mavzuga oid