Sport | 15:12 / 27.07.2019
11649
2 daqiqa o‘qiladi

Dzyudo: Sharofiddin Lutfullayev Zagreb Gran-prisida oltin medalni qo‘lga kiritdi

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

Xorvatiyaning Zagreb shahrida o‘tkazilayotgan dzyudo bo‘yicha Gran-pri turkumiga kiruvchi nufuzli turnirning navbatdagi bahslarida 5 nafar o‘zbekistonlik sportchi ishtirok etdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Terma jamoamizga ushbu musobaqadagi dastlabki medalni - 60 kg vazn toifasidagi bahslarda ishtirok etgan Sharofiddin Lutfullayev taqdim etdi. Musobaqadagi ishtirokini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi bosqichdan boshlab, dastlab Sloveniya, Turkmaniston va qozog‘istonlik sportchilarni dog‘da qoldirgan Sharofiddin yarim final bahsida mo‘g‘ulistonlik raqibi Ariunbold Enxtayvanni ikki daqiqada ippon, sof g‘alaba evaziga mag‘lubiyatga uchratdi.

Hal qiluvchi bahsda britaniyalik Eshli Makkenzini ham ippon bahosi bilan mag‘lub etgan yurtdoshimiz musobaqaning oltin medalini va Tokio Olimpiadasi uchun qimmatli reyting ochkolarini qo‘lga kiritdi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

Bahslarda yana bir medalga eng yaqin kelgan sportchimiz Muhriddin Tilovov (- 66 kg) bo‘ldi. Dastlab Portugaliya, Togo, Ukraina va Italiya vakillaridan ustun kelgan Tilovov final yo‘llanmasi uchun bahsda ispaniyalik Alberto Martin Gayteroga yutqazib qo‘ydi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda ham sportchimizga biroz omad yetishmadi. Fransiyalik Kilian de Blouchga imkoniyatni boy berib qo‘ygan vakilimiz beshinchi o‘rin bilan cheklandi. Ushbu vaznda oltin medal yarim finalda sportchimiz ustun kelgan ispaniyalik Alberto Martin Gayteroga nasib etdi.

Dzyudochilarimizdan Diyora Keldiyorova (- 52 kg), Artyom Shturbabin (- 66 kg) va Diyorbek O‘rozboyev (-60 kg) musobaqani saralash bahslaridayoq yakunlashga majbur bo‘lishdi.

Mavzuga oid