Jamiyat | 08:30 / 28.07.2019
38141
6 daqiqa o‘qiladi

Samarqand tumanida ishlayotgan korxona binosi «bo‘sh bino» sifatida tanlovga qo‘yilib, sotib yuborilgan

Samarqand tumanidagi O‘rtashiq qishlog‘ida joylashgan, 2017 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan mazkur korxonada 40 kishi doimiy ish bilan ta'minlangan. Qurilishda ishlatiladigan 17 turdagi alyuminiy profili ishlab chiqarilgan. Ammo 2018 yilda bino tanlov asosida sotib yuborilgan.

«Salkam qirq kishini ish bilan ta'minlagan, tuppa-tuzuk ishlab turgan korxonamni ko‘r-ko‘rona «nol» qiymatda sotib yuborishdi. Vaholanki, tegishli me'yoriy hujjatlarda qarorida tashlandiq, hech kim foydalanmaydigan davlat tasarrufidagi joylar «nol» qiymatda berilishi ko‘zda tutilgan edi. Biz bu joyga 2017 yildan uch tomonlama shartnoma tuzib, investitsiya kirib, yirik suv inshooti, elektr tarmog‘i tortib keldik, salkam qirq million so‘mga transformator o‘rnatdik. Xitoydan 5 milliard so‘mlik ishlab chiqarish uskunalari olib keldik. Endi esa, hammasidan ayrilib o‘tiribmiz», — deydi «KOMFORT DIZAYN» korxonasi rahbari Behbud Usmonov.

«Bugungi kungacha muammo yuzasidan viloyat hokimligi, prokuratura va boshqa organlarga murojaat qilganman. 2018 yil avgust oyida viloyat hokimi qabulida bo‘lib muammoni aytganimda hokim «qanday qilib ishlab turgan korxona  bo‘sh bino bo‘lishi, qanday qilib «nol» qiymatda berilishi mumkin?» deya tanqid qilib, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat boshqarmasining o‘sha vaqtdagi rahbari Sobir Xolmatovga muammoni hal qilish yuzasidan qat'iy topshiriq bergandi. Ammo ertasi kuniyoq boshqarma bizni binodan majburiy chiqarish bo‘yicha sudga da'vo arizasi kiritdi. Boshqarmasi boshlig‘ini izlab borganimizda esa arizasini yozib ishdan ketganini eshitib hech narsaga tushunmay qoldik», — deydi Behbud Usmonov.

Ayni vaqtda bo‘sh turgan binolar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tanlovga qo‘yiladi.

Bo‘sh turgan va foydalanilmaydigan binolar bo‘yicha ma'lumot esa tuman hokimligi tomonidan taqdim etiladi.

Samarqand tumani hokimligi mutasaddilari tadbirkorning oldindan shu binoda ishlab turganini e'tirof etgan holda, bu viloyat miqyosidagi muammo ekani, tenderni viloyat idoralari o‘tkazishini, Samarqand tumani hokimligi binoni «bo‘sh turgan», deya ma'lumot bermaganini ma'lum qildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasida bo‘lganimizda esa aynan Samarqand tuman hokimligi tomonidan 2018 yil 19 yanvarda yuborilgan xat bilan tanishdik. Unda (kuni-kecha vazifasidan bo‘shatilgan) tuman hokimi Shuhrat Jamolov imzosi bilan yuqoridagi tadbirkor faoliyat ko‘rsatib kelgan bino «Bo‘sh turgan bino» sifatida taqdim etilgan. Ammo bundan tadbirkorning ham xabari bo‘lmagan.

Shu sababdan, tadbirkorning yuqori idoralarga murojaati yuzasidan tashrif buyurgan hokimlik vakillari ishtirokidagi dalolatnomaga «Samarqand tumani hokimligiga e'tirozim yo‘q», mazmunida qo‘l qo‘yib beravergan. (Bugungi kunda ayrim idoralarda muammoni hal etish o‘rniga tadbirkordan «bu idoraga e'tirozim yo‘q», deb yozdirib olish holatlari ham uchraydi).

Muammo yuzasidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz G‘ofurov ma'lumot berdi. Yuqorida aytilganidek, tanlovga qo‘yiladigan binolar ro‘yxati mahalliy hokimliklar tomonidan taqdim etilib, boshqarma ijrochi vazifasini bajaradi.

A.G‘ofurovga ko‘ra, «KOMFORT DIZAYN» korxonasi faoliyat ko‘rsatayotgan bino viloyat injiniring kompaniyasi balansida bo‘lgan. Injiniring kompaniyasi (balansda saqlovchi), davlat mulkini ijaraga berish markazi (ijaraga beruvchi) va «KOMFORT DIZAYN» MChJ (ijaraga oluvchi) o‘rtasida 2018 yil uch tomonlama shartnoma tuzilgan. (Tadbirkorning aniqlik kiritishicha, har yili yanvar oyida bir yillik shartnoma tuzib kelingan).

2018 yil 14 fevralda viloyatdagi foydalanilmayotgan, bo‘sh turgan obektlarni investitsiya majburiyatlari qabul qilish sharti bilan viloyat hokimi qarori chiqqan. Mana shu qaror ilovasida «KOMFORT DIZAYN» MChJ binosi ham bo‘lgan. Ana shu qarordan bir yarim oy o‘tib, 2018 yil 27 martda yuqoridagi uch tomonlama shartnoma muddatidan oldin bekor qilingan. Ya'ni, rostdan ham ishlab turgan bino «foydalanilmayotgan, bo‘sh bino» sifatida tanlovga qo‘yilgan.

Bugungi holat shuki, ikki oydan beri tadbirkorning faoliyati to‘xtab qolgan. Bino eshiklariga qulf osilgan.

Ikki oydan beri ishsiz qolgan ishchilar esa tadbirkorga hamon qo‘ng‘iroq qilmoqda — korxonamiz ishi tiklanadimi?

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda xuddi shu muammo yuzasidan tadbirkor Prezidentga ham murojaat qilib chiqdi. O‘ylaymizki, tadbirkorning muammosi hal etiladi va unga bu noqulaylikni keltirib chiqargan omillar o‘rganilib, holatga huquqiy baho beriladi.

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid