Buxorodagi tarixiy hududda qahvaxona va turistik axborot markazi qurish uchun daraxtlar kesilmaydi
Kun.uz saytida Buxoro shahrining tarixiy qismida zamonaviy qahvaxona qurilishi e'tirozlarga sabab bo‘layotgani haqida maqola e'lon qilingan edi. Tahririyatga ushbu qahvaxona haqidagi qo‘shimcha ma'lumotlarni taqdim etishdi.
Ma'lum bo‘lishicha, Nodir Devonbegi madrasasi orqasidagi Mehtar Anbar va Bahouddin Naqshband ko‘chalari kesishmasida joylashgan daraxtzor maydonda 17 yildan buyon Fransiyada faoliyat yuritib kelayotgan buxorolik yosh tadbirkor Saidjon Maqsudov qahvaxona va turistik axborot markazi binosini qurishni mo‘ljallamoqda.
Tadbirkor 2018 yilda Buxoro shahar hokimiga mazkur obekt uchun yer maydoni ajratishni so‘rab murojaat qilgan va o‘z loyihasini taqdim etgan.
Loyihani Buxoroning shaharsozlik me'yorlariga to‘g‘ri keladigan, sayyohlar va mahalliy aholi ehtiyoji uchun zarur deb hisoblagan mutasaddi rahbarlar prezidentining 2017 yil 19 maydagi «2017–2019 yillarda Buxoro viloyati va Buxoro shahrining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–2980-sonli qarori asosida loyiha uchun 120 kvadrat metrdan iborat yer maydonini ajratib berishgan.
«Bahouddin Naqshband va Mehtar Anbar ko‘chalari kesishmasi hududidagi foydalanilmaydigan zaxira yerlari hisobidan ajratilgan yer maydonida qahvaxona va turistik axborot markazi qurishni mo‘ljallaganmiz. 1,2 sotix maydonida loyihani amalga oshirish uchun ishga kirishganimizga bir necha kungina bo‘ldi. Biroq, ayrim ijtimoiy tarmoqlar va Telegram kanallar orqali tarqalgan xabarlarda «Fransiyadan investor bo‘lishga da'vo qilayotgan bir aqlli odam, sayyohlik ma'lumot markazi bahonasida u yerda cafe qurishga qaror qildi. Tabiiyki, u daraxtlarni kesadi», degan noo‘rin iddao mavjud. Shunga qaramasdan, biz ortga chekinmadik», — deydi yosh tadbirkor Saidjon Maqsudov.
Mazkur obektni bino qilishga aloqador kishilarning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishlaricha, ijtimoiy tarmoqlarda obektning tasdiqdan o‘tmagan eski va xomaki rejasi tarqatilgan. Masalan, hozirgi rejaga ko‘ra, obektda yerto‘la qurish nazarda tutilmagan.
Quruvchilarga ko‘ra, obektni barpo etish mobaynida biror daraxtga yoki qadimiy obidaga shikast yetkazilmaydi. Chunki obekt loyihasi daraxtlarning mavjud joylashuvini hisobga olib loyihalashtirilgan.
Hozircha maxsus ruxsat bilan faqatgina ayrim daraxtlarning qurigan shoxlariga sanitar shakl berilgan. 4-5 oy ichida, yengil konstruksiyalardan barpo etilishi mo‘ljallanayotgan obekt uchun tadbirkorning o‘z hisobidan 2 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflanadi.
«Obekt ishga tushgach, turli xorij tillarida bemalol so‘zlasha oladigan, zamonaviy texnologiyalardan boxabar o‘n nafarcha yoshlarning ish bilan bandligi ta'minlanadi, — degan Saidjon Maqsudov. — Fransiyalik xalqaro maslahatchi Tunis Yuterjik loyihalarimning yaqin hamkorlaridan. Ushbu loyihaning eng kichik elementigacha chuqur o‘ylanib, xalqaro standartlarga mos ravishga keltirilgan. Uning zamirida Buxoro turistik salohiyatni yanada oshirish yo‘lida xizmat qiladigan ulkan maqsadlar yotibdi».
«Buxoro tarixiy markazi» YuNeSKOning Madaniy meros ro‘yxatidan o‘rin olgani va mazkur tarixiy markazda quriladigan har qanday yangi obekt Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi hududlararo Davlat inspeksiyasi tavsiyasi bilan barpo etilishi lozim. Obekt inspeksiya tomonidan ma'qullangan.
Barpo etiladigan obekt o‘z uslubi va ko‘rinishi bilan tarixiy obektlarga hamohang bo‘lishi, tarixiy meros obektlarining bemisl universal va umumbashariy qiymatiga (OUV) zarar yetkazmasligi, buning uchun YuNeSKO qoshidagi IKOMOS (ICOMOS — International Council on Monumens and Sites — yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni saqlash bo‘yicha xalqaro kengash) tavsiyalariga rioya qilish talab etiladi.
Shuhrat ShOKIRJONOV tayyorladi
Mavzuga oid
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
15:29 / 03.12.2024
Buxoro shahrining tarixiy qismida mototsikl va skuter kabilarning harakati cheklandi
11:04 / 02.12.2024
2025 yilda Rossiya shahrida Buxoro madaniyati kunlari o‘tkaziladi
17:27 / 30.11.2024