«O‘zbek tilida paydo bo‘lgan yangi so‘z» - Bosh vazir selektorda «snos» masalasiga to‘xtaldi
Shu yil 27 iyunda imzolangan «Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta'minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan videoselektorda Bosh vazir Abdulla Aripov «snos» masalasiga to‘xtalib o‘tdi.
«O‘zbek tilida yangi so‘z paydo bo‘ldi – «snos». Prezidentimiz mazkur masala yuzasidan juda katta e'tiroz bildirdi, bu bo‘yicha yangi qaror loyihasini tayyorlayapmiz. Asossiz buzilishlar taqiqlandi. Joylarda mahalliy rahbarlar, yomon niyatda qilmagan, yaxshi niyatda bo‘lsa-da «Obod qishloq»deb odamlarning uyini buzib yuborgan holatlar bor.
Bundan keyin buzish bo‘yicha uning qanchalik zarurati, ehtiyoji, qurilish normalari, arxitektura normalari va hokazolar bo‘yicha mening birinchi o‘rinbosarim Ochilboy Ramatov boshchiligidagi ishchi guruh ko‘rib chiqadi. Iqtisodiy jihatdan to‘g‘riligi bo‘yicha Moliya vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi ishchi guruh ko‘rib chiqadi. Undan keyin bosh vazirga kiritilib, qabul qilingan qaror bo‘yicha amalga oshirilishi mumkinligini e'lon qildik. Bularni rasmiylashtirish bo‘yicha bugun-erta hukumat qarori qabul qilinadi», — deya bosh vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
O‘zbekistonda 2018 yil 29 martidan prezident farmoni asosida «Obod qishloq» dasturi asosida hududlarda aholining turmush darajasini oshirish maqsadida infratuzilmalarni yangilash ishlari olib borilmoqda. Lekin ayrim hollarda joylarda mahalliy rahbarlarning aholiga kompensatsiya mablag‘larini to‘lamasdan buzish ishlarini boshlashi kuzatilmoqda. Internetda tez-tez turli hududlarda aholiga nisbatan adolatsizlik qilingan holatlar yoritilmoqda.
Iyul oyida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida va Xorazm viloyatining Urganch tumani hududida bu borada aholi va hokimlik o‘rtasida jiddiy mojarolar yuzaga keldi.
26 iyul kuni Urganch shahridan ko‘chirib yuborilgan aholi norozilik aksiyasiga chiqib, Urganch-Xonqa yo‘lini to‘sib qo‘ygach, 27 iyul kuni prezident kelib chiqqan tushunmovchilikni joyiga chiqib o‘rganish, tahlil qilish va ijobiy hal etish uchun bosh vazir Abdulla Aripovni mazkur hududga yubordi. Bosh vazir Chondirqiyot qishlog‘i hududiga ko‘chirib yuborilgan odamlar bilan uchrashdi va ular bilan suhbatlashdi, ularga kompensatsiya mablag‘lari to‘lab berildi.
Mavzuga oid
18:33 / 04.11.2024
Abdulla Aripov Shanxayda Xitoy bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi
18:17 / 04.10.2024
Bosh vazir Abdulla Aripov shaxmat federatsiyasiga raislik qiladi
22:17 / 01.10.2024
Abdulla Aripov Yerevanda Eron birinchi vitse-prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazdi
13:42 / 28.09.2024