Jamiyat | 17:20 / 01.08.2019
11779
6 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng navoiylik hunarmandga o‘rmon xo‘jaligi amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Boshqalar hamon sukutda

Kun.uz saytida joriy yilning 22 iyul kuni «Navoiylik hunarmand: Viloyatdagi byurokratik to‘siqlardan to‘ydim» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Maqolada navoiylik hunarmand Jahongir Irgashevning faoliyatida duch kelayotgan muammolari yoritilgan edi.

«Tol novdalaridan buyum yasash bilan shug‘ullanaman. 25-maktab internatida imkoniyati cheklangan tarbiyalanuvchilarga ham o‘z hunarimni o‘rgatib kelmoqdaman. Ammo xomashyo doim muammo bo‘lgani uchun yer olib «Amerika toli»ni o‘zim yetishtirishni maqsad qildim. Juda ko‘p ovoragarchiliklar bo‘ldi. Tashabbusimni hech kim qo‘llab-quvvatlamadi. Ancha sarson bo‘lganimdan keyin Karmana tumanidagi Navoiy davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli hududdan ijara asosida uch gektar yer ajratishdi. Zarafshon daryosi qirg‘og‘iga yaqin hududdan. Shu yerni olishga majbur bo‘ldim. Keyin mablag‘ masalasidan ham ancha qiynaldim. Bankdan mablag‘ ajratilishi ham oson bo‘lmadi. Daryo bo‘yida «Amerika toli»ni ekdim. Ammo muammolar juda ko‘p. Navoiy davlat o‘rmon xo‘jaligi bilan tuzgan shartnomamiz ham mukammal emas. Pudratchining manfaatlariga ko‘p tomonlama zid. Bularning hammasi hunarmand uchun byurokratik to‘siqlar. Shu tufayli hozir faoliyatim ham boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Hunarmandni viloyatda hech kim qo‘llab-quvvatlamaydi», – deya o‘z e'tirozlarini bayon etgandi biz bilan suhbatda J.Irgashev.

Hunarmandning murojaatini o‘rganish davomida tegishli tashkilotlar mutasaddilari hunarmandga amaliy yordam berishga va'da berishgandi.

Ushbu tanqidiy maqolada keltirilgan vajlar yuzasidan olib borilgan chora-tadbirlar haqida Kun.uz tahririyatiga Navoiy viloyati o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi va Navoiy davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan ma'lumot taqdim etildi.

«Navoiy davlat O‘rmon xo‘jaligi joriy yilning 22 iyul kuni Kun.uz saytida e'lon qilingan «Navoiylik hunarmand: «Viloyatdagi byurokratik to‘siqlardan to‘ydim» sarlavhasi ostidagi maqola bilan tanishib chiqdi.

Maqolada ko‘rsatilgan muammo va e'tirozlarni o‘rganib chiqish maqsadida Navoiy viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi hamda Navoiy davlat o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tuzildi. Shu kunning o‘zida ishchi guruh murojaatnomada ko‘rsatilgan yer maydoniga borib hunarmand J.Irgashev faoliyati va u bilan bog‘liq muammolarini o‘rganib chiqdi.

O‘rganishlar jarayonida ma'lum bo‘ldiki, haqiqatdan xam J.Irgashev 2018 yil may oyida Navoiy davlat o‘rmon xo‘jaligi Karmana bo‘limi 1043 konturidan 3 ga yer maydonini 10 yillik muddatga pudrat shartnomasi asosida foydalanishga olgan. Shu kunga qadar shartnoma shartlari to‘liq bajarilgan.

Ishchi guruh yer maydonini ko‘zdan kechirganida 1 ga yer maydoniga savat yasash uchun «Amerika toli» ekilgan, 2 ga yer maydoniga esa poliz va sabzavot ekinlari (qovun, tarvuz va qovoq) ekilgani aniqlandi.

Hozirda ishchi guruhi tomonidan hunarmand J.Irgashevga O‘rmon xo‘jaligi tomonidan ko‘chatlarni va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ekish hamda yetishtirishda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

Yangi shartnoma tuzilayotgan vaqtda hunarmandning manfaatlari inobatga olinadi», — deyiladi ma'lumotnomada.

Tanqidiy maqoladan xulosa chiqarib, o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari tomonidan hunarmandga amaliy yordam ko‘rsatilayotgani yaxshi, albatta. Ammo hunarmand bir qator muammolardan shikoyat qilgandi va bu maqolada yoritilgandi. O‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari amalga oshirgan ishlar orqali hunarmand muammolarining bir qismi ijobiy hal bo‘ldi, deyish mumkin, xolos.

Xo‘sh, viloyatdagi boshqa tegishli tashkilotlar nega hunarmandning muammolari yuzasidan sukut saqlamoqda. Jumladan, J.Irgashev hunarmandchiligi yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmayotgani bois tol novdasidan yasagan hunarmandchilik mahsulotlarini sotishga ham qiynalayotganini ta'kidlagandi. Qolaversa, u o‘z hunarini maxsus maktab internatidagina imkoniyati cheklangan bolalarga ham o‘rgatib kelmoqda.

Nega bu jihatlar e'tiborga olinib, hunarmand qo‘llab-quvvatlanmayapti? Viloyat savdo-sanoat palatasi, «Hunarmand» uyushmasi mutasaddilari va joiz bo‘lsa, mahalliy kengashlar deputatlari nega bu borada jim? Yoki «qachon a'zolik badalini to‘lab, a'zo bo‘lasan, keyin sening muammong bilan qiziqamiz», qabilida qo‘l qovushtirilib turilaveriladimi? Yoxud hunarmand ta'kidlaganidek, viloyatda loqaydlik va byurokratik to‘siqlar ildiz otib ketganmi?

Kun.uz hunarmand J.Irgashevni qiynayotgan qator masalalarga Navoiy viloyatidagi boshqa tegishli tashkilotlar ham e'tibor qaratishiga, unga amaliy yordam berilishiga ishonch bildiradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid