Jamiyat | 20:10 / 01.08.2019
8771
4 daqiqa o‘qiladi

«Xarid uchun chek berilmayapti, naqd pullar bankka topshirilmayapti» - Samarqandda xarid cheki masalasida brifing bo‘lib o‘tdi

Hududlarda 100 o‘rinli yangi va zamonaviy bog‘chadan har oyda 10tasini qurish uchun qancha mablag‘ ketadi deb o‘ylaysiz? Yoki aytaylik, 60 km yo‘lni barcha standartlar bo‘yicha sifatli asfalt qilish uchun-chi?

50 milliard so‘m! Samarqanddagi chakana savdo nuqtalari naqd pullarni nazorat kassa mashinalari orqali o‘tkazmasdan, xalqqa chek taqdim etmasdan, soliqlarni yashirib, jamiyatga har oy shuncha ziyon yetkazishmoqda. Bu haqda Samarqand viloyat matbuot uyida bo‘lib o‘tgan, viloyatda tashkillashtirilgan «Xarid chekini talab qilib oling!» aksiyasiga bag‘ishlangan brifingda viloyat hokimining o‘rinbosari Jamshid O‘roqov ma'lum qildi.

Hokim o‘rinbosarining ma'lum qilishicha, viloyatda bir oyda 850 milliard so‘m naqd pul maosh va boshqa to‘lovlar uchun bankdan olinadi.

«Ayrim tashkilotlar ish haqini hamon «konvert» usulida berishda davom etayotgani e'tiborga olinsa, viloyatda bir oyda xarid uchun aylanadigan pullar 1 trillion so‘mdan oshadi. Dehqon bozorlarida chek berilmasligi hisobga olingan taqdirda ham, bir oyda viloyatda 700 milliard so‘m savdoga chek taqdim etilishi kerak. Lekin chek orqali qilingan savdolar 100 milliard so‘mga ham yetmayapti. Buning ortidan 50–60 milliard so‘m soliq budjetga tushmayapti», — dedi u.

Ayni paytda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarga to‘xtalar ekan, viloyat hokimi o‘rinbosari shunday dedi: «Viloyatdagi 67 mingdan ziyod tadbirkorlik sub'yektlari mavjud bo‘lib, shuning 13 mingtasi vaqtinchalik faoliyat ko‘rsatmayapti. Faoliyat ko‘rsatib turgan 54 mingdan ziyod korxonadan 14 mingtasi naqd pul bilan savdo qiluvchi yoki uning evaziga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalardir. Ularning hammasida ham nazorat kassa mashinalari bor deb bo‘lmaydi. Borlaridan ham 2,5 mingtasi bir oy mobaynida aqalli bir marta kassa mashinasini ishlatmagan».

Davlat soliq inspeksiyasining bu borada olib borayotgan ishi haqida qisqacha tushuntirish berib o‘tildi.

«Viloyatimizda 1000ga yaqin davlat soliq inspeksiyasi xodimlari bo‘lsa, ularning 300 nafari chakana savdo tarmoqlari bilan ishlovchi uchastka inspektorlari hisoblanadi. Ularning faoliyati ham, vaqti ham bu muammoni to‘liq bartaraf etish uchun yetarli bo‘lmayapti.

O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida bozorlarda ham, do‘konlarda ham kuniga millionlab savdo bo‘lsa-da, na xaridorga chek berilishi, na savdo qilingan pullar bankka kirim bo‘lishi holatiga duch keldik. Xizmat ko‘rsatish sohasida ham ayni ahvol», — dedi J.O‘roqov.

Hokim o‘rinbosari viloyatda e'lon qilingan aksiyaning mohiyatini quyi tizimdagi rahbarlar to‘g‘ri anglamasdan, odamlar bunga majbur qilingan holatlar ham kuzatilganini rad etmadi. Biroq, aksiya doirasida turli plakatlar, flayerlar chiqarib tarqatilgani, volontyorlar jalb qilinganini ta'kidlab o‘tdi.

Viloyatda 1,5 oydan buyon o‘tkazilayotgan aksiya o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatgan. Iyun oyigacha qadar viloyatda bo‘lib o‘tgan savdolarda bir kishiga oyiga bitta xarid cheki to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, iyul oyining 20-sanasiga kelib bu ko‘rsatkich o‘rtacha 4taga yetgan.

Brifingda ommaviy axborot vositalaridan o‘tkazilayotgan ijtimoiy aksiyaning mohiyatini ommaga to‘g‘ri yetkazish so‘raldi. Zero, fuqarolarimiz har bir xaridi uchun chek talab etilishi ortidan jamiyatimizda to‘planib qolgan ijtimoiy muammolar tezroq hal qilinishiga o‘z hissasini qo‘shgan bo‘lar edi.

Shuhrat ShOKIRJONOV

Mavzuga oid