Jahon | 01:22 / 02.08.2019
10170
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Xitoyga yangi boj to‘lovlarini kiritish bilan tahdid qildi

Foto: Reuters

AQSh joriy yilning 1 sentyabridan Xitoydan keltiriluvchi tovarlarga qo‘shimcha 10 foizlik boj to‘lovini kiritishni rejalashtirmoqda. Bu chora Xitoydan keltiriladigan 300 mlrd dollarlik tovarlarga taalluqli bo‘ladi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Twitter’da ma'lum qildi.  

Tramp Pekin Vashingtonga AQShning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish hajmini oshirishga va'da bergani, biroq buni amalga oshirmaganini eslatib o‘tgan. Tramp savdo muzokaralari davom etayotgani va AQSh “Xitoy bilan keng qamrovli savdo bitimi tuzilishi bo‘yicha ijobiy muloqotni” kutayotganini ta'kidlab o‘tgan.  

Xitoy AQShdan sotib oladigan soya va makkajo‘xori kabi mahsulotlarning yirik importchisi hisoblanadi. Biroq 2018 yilda AQSh bilan savdo qarama-qarshiligi boshlanishi bilan Xitoy AQShdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari olib kirilishiga boj to‘lovlarini oshirdi va xarid hajmini kamaytirdi.

AQSh-Xitoy munosabatlari 2019 yil may oyida muvaffaqiyatsiz yakunlangan savdo muzokaralaridan so‘ng keskinlashdi. O‘shanda ikki davlat bir-biriga nisbatan o‘zaro boj to‘lovlari kiritgan: AQSh Xitoyning 200 mlrd dollarlik tovarlariga 25 foizlik, Xitoy esa AQShning 60 mlrd dollarlik tovarlariga bojlar kiritgan. Shu bilan birga Tramp o‘z ma'muriyatiga Xitoyning qolgan importiga, shu jumladan 300 mlrd dollarlik tovarlariga boj to‘lovlarini oshirishni o‘rganib chiqish vazifasini topshirgan.

Mavzuga oid