Jamiyat | 15:15 / 04.08.2019
34825
11 daqiqa o‘qiladi

#Men_jinoyatchi_emasman. «Ehtimoliy jinoyatchi ayollarning 23 toifasi» ro‘yxati atrofidagi gaplar

Foto: Shutterstock

Jinoyatchilikka moyil ayollarning 23 toifasi ro‘yxati so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda rezonans keltirib chiqardi. Blogerlardan tortib, ijtimoiy tarmoqning oddiy foydalanuvchisi ham bu mavzuga befarq bo‘lmadi. Kimdir bunga sarkazm va kulgi bilan munosabat qilgan bo‘lsa, kimdir mazkur ro‘yxat tashabbuskorlarini tag-tugi bilan yo‘qotish g‘oyasini o‘rtaga tashladi.

#Men jinoyatchi emasman heshtegi ayol-qizlar orasida ommalashishga ulgurdi.

Lekin hamma o‘z diqqatini birinchi xabarga ─ jinoyatchilikka moyil 23 toifadagi ayollar bilan shug‘ullanish uchun tuman hokimliklari huzurida tezkor shtabning tuzilishi haqidagi xabarga qaratdi. Undan keyin berilgan raddiya-yu xabarlar haqida lom-mim deyilmadi hisob.

Shov-shuvlarga sabab bo‘lgan, «mamlakat ayollarining deyarli barchasini ehtimoliy jinoyatchiga chiqargan» ro‘yxat:

1.    Muqaddam sudlanganlar

2.    Jinoyat sodir etganlar

3.    Probatsiya hisobidagilar

4.    Giyohvandlar

5.    Spirtli ichimlikka ruju qo‘yganlar

6.    Tajovuzkor ruhiy kasallar

7.    Jinoyat sodir etishga moyillar

8.    Uzoq muddatga chiqib ketganlar

9.    Uzoq muddatdan qaytganlar

10.  Ma'naviy ko‘makka muhtojlar

11.  Farzand tarbiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchilar

12.  Odob-axloq doirasida huquqbuzarlik sodir etganlar

13.  Oila munosabatlari doirasida huqubuzarlik sodir etganlar

14. IIB va ta'lim muassasalari hisobidagi qizlar

15. Suitsid sodir etgan xotin-qizlar

16. Ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar

17. Ishsiz xotin-qizlar (mutaxassisligi bo‘lganlar va mutaxassisligi bo‘lmaganlar)

18. Kam ta'minlanganlar

19. Toshkent shahrida vaqtincha istiqomat qiluvchi xotin-qizlar

20.  Ro‘yxatsiz yashayotgan xotin-qizlar

21. Tilanchilik  bilan shug‘ullanuvchi xotin-qizlar

22. Voyaga yetmagan qizlar (18 yoshgacha) va yosh qizlar (18-30 yoshlar)

23. E'tiborga muhtoj xotin-qizlar

Mazkur ro‘yxatda ko‘rsatilgan toifalar omma tomonidan jinoyatchilikka moyilligi bo‘lgan guruhlar sifatida baholandi. Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi keskin munosabatlardan so‘ng Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi bergan rasmiy raddiyada ro‘yxatning asl mazmuni boshqa ekanligi, axborot noto‘g‘ri talqin qilinayotgani bayon qilindi.

«10ta tumanda o‘tkazilgan yig‘ilishlar natijasiga ko‘ra, har bir mahallada mahalla mutaxassisi va profilaktika nozirlari tomonidan hududda istiqomat qiluvchi xotin-qizlarning (jinoyatchilikka moyillarning emas, barcha xotin-qizlarning) 23ta toifa bo‘yicha elektron kartotekalarini shakllantirish vazifasi belgilab olingan. Shu asosda 27 iyun kuni «Toshkent shahrida xotin-qizlar o‘rtasidagi huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlarining oldini olish, mavjud muammolarni o‘rganish va bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar» ishlab chiqilib, Toshkent shahri hokimi tomonidan imzolangan.

Uning asl maqsadi jinoyatga moyil ayollarning 23 toifasini aniqlash emas, balki barcha xotin-qizlarning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyati hamda imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, yordamga muhtoj, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan hamda boshqa toifadagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ayollar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishdan iboratdir.

Xotin-qizlar qo‘mitasi ayollarning internetda aytilayotgani kabi ro‘yxati tuzilishini qat'iyan qoralaydi va buni demokratiya tamoyillariga zid, deb hisoblaydi».                                                                                                

Aholi tomonidan bildirilgan munosabatlar oqimida bosh aybdor sifatida ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasi xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, Bosh vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonova esa mazkur ro‘yxatning tuzilishiga hech qanday aloqasi yo‘qligini ma'lum qildi:

«Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida xotin-qizlarni tasniflaydigan, toifaga ajratadigan ro‘yxatni shakllantirishga qat'iyan qarshiman. Bugun (1 avgust) internet tarmog‘ida shov-shuvga aylangan «xotin-qizlarning 23ta toifasi ro‘yxati» tuzilishiga mening hech qanday aloqam yo‘q. Jurnalistlar, blogerlar hamda internet foydalanuvchilaridan mening sha'nimga aytilayotgan haqoratlarni to‘xtatishlarini so‘rab qolaman».

Shunga qaramay, Xotin-qizlar qo‘mitasi, xususan, Bositxonova shaxsiga nisbatan salbiy fikrlarni bildirish, uni o‘z vazifasini bajara olmayotganlikda ayblash kampaniyasi to‘xtamadi.

O‘sha kunning o‘zida bu ro‘yxatning asosiy «tashabbuskorlari» ─ Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi ham holatga o‘zining rasmiy munosabatini bildirib o‘tdi.

«Ushbu yuritilgan dastur aslida og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan, kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘makni tashqaridan izlayotgan va umidsizlikka tushgan xotin-qizlarning muammolarini aniq, manzilli o‘rganib, ularni yechishga qaratilgan. Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilbar Najmutdinova mazkur maqola sababli jamoatchilik orasida yuzaga kelgan noxush vaziyat uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovadan uzr so‘raydi», ─  deyiladi poytaxt hokimligi bayonotida.

Toshkent shahar IIBB keltirib o‘tgan izohga ko‘ra, bitta ro‘yxatda ikkita alohida-alohida kategoriya jamlangani tushunmovchilikni keltirib chiqargan.

«Aslida bitta ro‘yxatda, bir sarlavha ostida ikkita turli yo‘nalishdagi kategoriyalar jamlangan. 1dan 4 punktgacha haqiqatan ham nazariy jihatdan jinoyat sodir etishi ehtimoli bo‘lganlar ko‘rsatilgan, ro‘yxatning qolgan 19ta toifasi esa ijtimoiy himoya, huquqiy ko‘makka ehtiyoji bo‘lgan guruhlar hisoblanadi. Albatta, ijtimoiy, huquqiy, tibbiy xizmatga ehtiyoji bo‘lgan bu 19ta toifa dastlabki 4ta toifa bilan bir ro‘yxatda ko‘rsatilishi kerak emas edi. Mazkur sohada ishlaydiganlar uchun bu ro‘yxat aniq va tushunarli bo‘lishi mumkin, lekin keng jamoatchilik uchun bunday ro‘yxat tushunmovchilikni keltirib chiqarishi tabiiy. Bunday tushunmovchilik uchun uzr so‘raymiz. Bunday yo‘nalish bo‘yicha har doim ish olib borilgan. Bu ro‘yxat yangilik emas, shunchaki ochiqlik nishonasi xolos. Huquqbuzarlikning oldini olish va odamlarga yordam berishning shartli ro‘yxati hisoblanadi. Albatta, u mazkur yo‘nalishdagi yagona va asosiy ro‘yxat bo‘lib qolmasligi kerak», ─ deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, aynan shu yo‘nalishda ish olib borilishi natijasida ayollar o‘rtasida jinoyatchilik 2018 yilda 2017 yilga nisbatan 48,2 foizga, 2019 yilning dastlabki 6 oyida esa 2018 yilga nisbatan 14,4 foizga kamaygan.

Tabiiy savol tug‘iladi. IIBB bayonotidan kelib chiqadigan bo‘lsak, modomiki, keng omma uchun bu ro‘yxat tushunarli bo‘lmas ekan, faqatgina tor doiradagi mutaxassislar uchun mo‘ljallangan ekan, nega ro‘yxat jamoatchilikka taqdim etildi? Agarki taqdim etilgan ekan, nega birinchi xabarda emas, yetarlicha shov-shuv bo‘lgandan keyingina tushuntirish berildi? Eng muhimi, bu raddiya va bayonotlarni kim o‘qidi? Ular bilan tanishganlarning qay biri o‘zining masalaga dastlabki munosabatini o‘zgartirdi? Tashkilotlarning 500-600 kishi kuzatadigan o‘z veb-saytlarida bergan raddiyasi yuz minglab odamni jamlagan platformaning oldida o‘z kuchini ko‘rsata oldimi? Ijtimoiy platformalarda haligacha tinchimagan heshteglardan anglash mumkinki, har uchala tashkilotning bergan izohi vaziyatni qilcha o‘zgartirgani yo‘q. Xalq axborotni hazm qilib bo‘ldi. Allaqachon taomni iste'mol qilib bo‘lgan xo‘randaga «kechirasiz, yeganingiz osh emas, sho‘rva edi», desangiz ham u sizga emas, yegan ovqatiga ishonadi. Bu ro‘yxatni ko‘rgan o‘zbek erkagi borki, hamiyati qo‘zg‘aldi. Ayol-qizning ko‘ngli ranjidi.... Na mentalitetning, na demokratiyaning, na shaxs daxlsizligining, na gender tengligining qolipiga tushdi bu. «Bozorchi ayollar» voqeasidan keyin ham axborotni to‘g‘ri yetkaza olishning, so‘zlarni to‘g‘ri qo‘llay olishning ahamiyati anglab yetilmagan ko‘rinadi.

Tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Ba'zi jurnalistlarning axborot mohiyatini tushunmagan holda uzatishi, klikbeyting maqsadida qichqiruvchi sarlavhalarni qo‘yib, axborotning asl mazmunidan o‘quvchini adashtirishi ham bor gap. Ayrim blogerlarning faktcheking qilmasdan, tushunarsiz holatlarda berilgan izohlarga qiyo ham boqmasdan sensatsiya qo‘zg‘atishga urinishi ham bizga begona emas. Oddiy xalq esa jurnalist va blogerlarga ergashadi, «domino effekti» o‘z ta'sirini ko‘rsatadi: o‘z ta'sir kuchiga ega bitta shaxs axborotni qay tarzda talqin qilsa, qolganlar ham vaziyatga xuddi shu yo‘l orqali yondashadi, axborotni tahlil ham qilib o‘tirmaydi, ko‘r-ko‘rona heshtegbozlik va trendparastlik avjiga chiqadi. Ikkinchi, uchinchi bo‘lib berilgan qo‘shimcha izoh-u tushuntirishlar mutlaqo ahamiyatini yo‘qotadi. Bu so‘nggi siyosiy-ijtimoiy voqealarda bir necha marta o‘z tasdig‘ini topdi.

Bunday holat qayta-qayta takrorlanayotganiga sabab nima? Xalqning axborot savodxonligi hali to‘la shakllanib ulgurmadimi? Va yoki hukumat idoralari xalq ishonchini to‘la boy berib bo‘ldimi?...

Saodat Abdurahmonova

Mavzuga oid