O‘zbekistonlik yosh olim onkologik kasalliklarga qarshi selen nanozarrali preparat ustida ishlamoqda
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Belarus Respublikasiga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborilgan yosh olimlardan biri – O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi institutining yetakchi ilmiy xodimi Haydar Yunusov Belarus Milliy fanlar akademiyasi Yangi materiallar kimyosi institutining “Mikro va nanotuzilishli preparatlar” laboratoriyasida ilmiy-amaliy malaka oshirmoqda.
Yosh tadqiqotchining ta'kidlashicha, “Nanotexnologiya” termini fanga kirib kelganidan so‘ng oxirgi yillarda inson organizmining antioksidantlik himoya tizimining tarkibiga kiruvchi selen mikroelementiga qiziqish ortib bormoqda. Ion shaklidan farqli ravishda, selen nanozarralari kam toksiklik va yuqori biologik faollikka ega bo‘lib, nafaqat xavfli o‘simta kelib chiqishining oldini oladi, balki o‘simta hujayrasining o‘sishini bloklaydi.
Bugungi kunda turli shakldagi onkologik kasalliklarning mavjud preparatlarga barqarorligining ortishi sababli mahalliy xomashyolar asosida zararsiz, samarali, arzon, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi preparatlarning yangi avlodini sintez qilish istiqbolli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Yuqorida qayd etilgan muammolarni nanotexnologiya usullarini qo‘llash orqali, ya'ni selen nanozarralarini Na-KMs matritsasida shakllantirish va ular asosida biologik faol eritma, gel, kukun, plyonkalar olish, hamda ularning tibbiy-biologik xossalarini o‘rganish orqali bartaraf etish mumkin.
Bundan tashqari, O‘zR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi va Belarus davlat universiteti qoshidagi “Unitexprom” UK bilan tuzilgan shartnomaga binoan O‘zbekiston–Belarus MRB-AN-2019-16 “Bioparchalanuvchan tabiiy polimer matritsalarda barqarorlashtirilgan selen nanozarralari asosida onkologik kasalliklarni davolashga yo‘naltirilgan polimer shaklli dori vositalarini yangi avlodini yaratish” xalqaro loyihasi doirasida birgalikda keng ko‘lamda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
– Mazkur institutlarda xalqaro talablarga javob bera oladigan ilmiy laboratoriyalar mavjud bo‘lib, nanostrukturalarni aniqlovchi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Bundan tashqari “Unitexprom” UK korxonasi onkologik kasalliklarni davolovchi substansiya va dori vositalarini ishlab chiqarish uchun GMP xalqaro sertifikatiga ega. Stajirovka davomida “Tsisplatsel”, “Temozolomid”, “Temodeks”, “Prospidelong” kabi bir qator o‘simta kasalliklarini davolashga yo‘naltirilgan substansiyalar va dori vositalarini ishlab chiqarish jarayonlariga guvoh bo‘ldik,- deydi H. Yunusov.
Mazkur yo‘nalishda tadqiqotlar O‘zbekistonda tarkibida selen nanozarralari tutgan polimer tarkibli, import o‘rnini bosuvchi dori vositalarning yangi original avlodlarini ishlab chiqarishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
13:22 / 17.11.2020
Bolalarda onkologik kasalliklar yuzaga kelishida embrional omillar asosiy o‘rin egallaydi - mutaxassis
15:08 / 17.09.2020
Onkologik kasalliklarni erta aniqlashda muhim bo‘lgan tizim yo‘lga qo‘yildi
11:44 / 13.10.2019
Ayollarda uchraydigan onkologik kasalliklar. Ularni qanday aniqlash va davolash mumkin?
23:06 / 07.10.2019