O‘zbekiston | 17:29 / 07.08.2019
47421
3 daqiqa o‘qiladi

Akmal Saidov maktablarni pulli qilish Konstitutsiyani buzish ekanini aytdi. Nega unda Vazirlar Mahkamasi bunday qaror chiqardi?

Akmal Saidov / Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirokida “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori ijrosi yuzasidan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida Akmal Saidov bolalar huquqini himoya qilish maqsadida turar joy va fuqaroligidan qat'iy nazar barcha ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi kafolatlanishini ta'kidladi.

"Men bir masalada alohida to‘xtalishni istar edim: so‘nggi vaqtda ijtimoiy tarmoq va aholi o‘rtasida ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan umumta'lim maktablarining pulli qilinishi va shu kabi masalalarning barchasi — asossiz da'vo, — dedi Akmal Saidov. — Konstitutsiyamizning 41-moddasida aynan O‘zbekistonda umumta'lim maktablar bepul ekanligi ko‘rsatilgan. Asosiy Qonunni buzish, unga qarshi ishlash aslo mumkin emas".

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 469-qarorida Toshkentdagi 81ta maktabda 1-sinfga qabul uchun tajriba sifatida pulli qabulni ko‘zda tutuvchi yangi tizim joriy qilingan. Tanlab olingan maktablarga qabul asosiy va qo‘shimcha kvota asosida tashkil etiladi. Qo‘shimcha kvota uchun ota-ona pul to‘lashi aytilgan.

Qo‘shimcha kvota bo‘yicha umumta'lim muassasalariga qabul qilish uchun bir bolaga nisbatan nazarda tutilgan holatlarning har bir bandi bo‘yicha ota-onalarning ixtiyoriy roziligi asosida eng kam oylik ish haqining 10 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir martalik yig‘imlar undiriladi.

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovning aytishicha, poytaxtning 81ta maktabida joriy etilayotgan yangi tartib O‘zbekiston Konstitutsiyasiga zid emas. «Har kim maktabda bepul ta'lim olish huquqiga ega. Hech kim, jumladan Toshkent shahrida ham bolalar ta'limdan mosuvo qilinmaydi. Lekin Konstitutsiyada ota-ona istalgan maktabga farzandini berishi qayd etilmagan, balki maktab ishlari davlat nazoratida ekani belgilangan», degan u.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi ham internet tarmog‘ida tarqalgan, maktabga to‘lov kategoriyalar asosida amalga oshirilishi haqidagi ma'lumot haqiqatga to‘g‘ri emasligini ma'lum qildi.

Mavzuga oid