Test natijalari bekor qilinarmish...
Test natijalari bekor qilinarmish... Kun.uz bu haqda yozganmish...
Keng omma azaldan mish-mishlarga o‘ch bo‘ladi. “Haqiqat etigini kiyguncha mish-mish dunyoni kezib chiqadi” degan maqol bejiz emas. Internet, ijtimoiy tarmoqlar yolg‘on ma'lumotlar tarqalishi uchun yanada ko‘proq imkoniyat yaratdi. Ana shunday asossiz xabarlarning yana bir shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda aylanib yuribdi.
Keling, shu xabar bilan tanishamiz (matn lotin alifbosida, o‘zgarishsiz chop etilmoqda):
“Kun.uz rasmiy kanalining xabar berishicha 29.07 dan 06.08 gacha o'tkazilgan imtixonlarni o'tkazishda ancha xatoliklar va korrupsiyaga yo'l qo'yilhanligi takidlanmoqda. Dramning xabar berishicha. Ushbu oraliqdagi barcha imtixonlar bekor qilinishi kutilmoqd. Hamda barcha imtixonlar tugagach qytadan imtixon olinadi deya xabar berildi.
Biz bilan birga bo'ling”.
Ko‘rinib turibdiki, bu xabar hatto “imtihon” so‘zini ham xato bilan yozuvchi inson tomonidan tarqatilmoqda va biror asosga ega emas. Kun.uz saytiga umuman aloqador joyi ham yo‘q. Nega?
1. Avvalo test imtihonlarining bir necha kuni natijalarini bekor qilib tashlash uchun eng kamida hukumat yoki sud qarori kerak. Bu jarayon esa imi-jimida tayyorlanishi mumkin emas;
2. Test imtihonlariga oid tashkiliy ishlar va ularning natijalari bo‘yicha har bir xabar dastlab test markazi tomonidan taqdim etiladi. Har qanday OAV, shu jumladan Kun.uz sayti ham bunday ma'lumotlarni shu markazga tayanib tarqatadi (albatta, o‘z kuzatuvlarimizga oid, umumiy xarakterga ega bo‘lmagan masalalar bundan mustasno). Yuqoridagi mazmundagi xabar DTM saytida yoki biror vakolatli shaxs tomonidan e'lon qilinmagan, qilinishi ham mumkin emas;
3. Kun.uz ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining rasmiy sahifalariga ega va ular bir necha marta e'lon qilingan. Ularda yoritiluvchi har bir xabar mutaxassislarimiz tomonidan jiddiy tekshiriladi va kuzatib boriladi. Yuqoridagi xabarga platforma vazifasini bajargan telegram messenjeridagi kanalimiz esa ayni shu messenjer tomonidan berilgan rasmiy maqomga ham ega. Shunday ekan oddiygina tekshirish orqali bu xabarning Kun.uz saytiga aloqasi yo‘qligini bilib olish mumkin edi;
4. Qizig‘i, xabar ishonchliligini oshirish maqsadida uning ostiga https://kun.uz/86861491 degan havola ham ko‘rsatilgan. Bu havola chindan ham saytimizniki, ammo unda hayit kuni bo‘lib o‘tadigan imtihonlar boshqa kunga ko‘chirilgani yoritilgan xolos.
Ammo, rad etib bo‘lmas dalillarga qaramay, bu kabi mish-mishlarga ishonuvchilar yoki ishonishni istovchilar bor ekan, u yashin tezligida tarqalaveradi. Voqelikni to‘g‘ri anglab yetmaydiganlar bu kabi xabarlarga laqqa tushib qolaveradilar va o‘zlari ham tarqatish kampaniyasiga qo‘shilib ketadilar. Bundan manfaatdorlar o‘z obunachilarini oshirish, resurslariga e'tibor qaratish payida bo‘laveradilar.
Afsuski, bu birinchisi emas va katta ehtimol bilan oxirgisi ham bo‘lmaydi.
Xulosa o‘zingizdan, rost va yolg‘onni ajratish fursati yetdi!
Mavzuga oid
14:59 / 27.07.2024
Imtihonda antiqa hodisa: abituriyentga tez yordam xodimi orqali telefon kiritildi
10:49 / 27.07.2024
Oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash boshlandi
14:00 / 25.07.2024
“Abituriyentlarga huquq fanidan tushgan savollar ishchi guruh tuzib o‘rganib chiqiladi” - TDYuU rektori
19:47 / 24.07.2024