O‘zbekiston | 03:14 / 15.08.2019
29644
7 daqiqa o‘qiladi

Internetda qoldirilgan izohlar uchun qanday holatda javobgar bo‘lish mumkin? - Allamjonov jurnalistlar va blogerlar bilan uchrashdi

14 avgust kuni kechki vaqt O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida mazkur idoraning bosh direktori Komil Allamjonov taklifiga binoan jurnalist va blogerlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Norasmiy, ochiq va samimiy ruhda o‘tgan suhbat davomida K.Allamjonovning 13 avgust kungi bayonoti muhokama mavzusi bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, o‘z bayonotida K.Allamjonov «Bundan buyon har bir OAV, blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlardagi guruhlar moderatorlari nafaqat o‘zlari yozgan ma'lumotlarda belgilangan talablarga rioya qilishlari, balki ular ostidagi fuqarolar, feyk akkauntlar yoki trollar tomonidan yozilayotgan davlat axborot xavfsizligiga tahdid soluvchi buzg‘unchi sharhlar, haqoratli so‘zlar, tahqirlashlar, yolg‘on izohlar uchun ham qonunda belgilangan tartib asosida javobgar bo‘lishlarini eslatib o‘tmoqchimiz», — degan edi.

Uchrashuv avvalida Komil Allamjonov barchaga yuzlanib, mazkur bayonot jamoatchilik o‘rtasida nega kuchli e'tiroz keltirib chiqarganini tushunmayotganini, u shunchaki qonunchilik va me'yoriy hujjatlarda belgilab qo‘yilgan qoidalarni bir bor ta'kidlab, o‘qib berganini aytib o‘tdi.

Fikr bildirish va izoh qoldirishda etika qoidalari, mavjud qonunchilik me'yorlariga rioya qilish muhim ekanligi, turli holatlarda ayrim  tahqirlovchi izohlar o‘chirilishi butun dunyoda mavjud amaliyot ekanligini aytgan K.Allamjonov misol tariqasida BBC sayti sahifasida qoldiriladigan izohlarga qo‘yiladigan talablar va o‘chirish huquqidan qanday holatlarda foydalanilishi haqidagi qoidalarga ishora qildi.

Sir emas, yurtimizdagi turli tahririyatlar va blogerlar tomonidan yuritiladigan Youtube, Facebook, Instagram va Telegram kabi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama mavzusi bo‘lib turgan turli insonlarning va ayniqsa mansabdor shaxslarni haqoratlash, tahdid qilish, uydirma va tuhmat uyushtirish, turli tartibsizliklarga chorlash kabi izohlar qoldirib kelinmoqda.

Xususan, bizning tahririyatimiz tomonidan joylanayotgan materiallar ostida qoldirilayotgan ayrim izohlar ham kishining ta'bini xira qiladi. Avvaliga biz fikr erkinligi, deya bunga e'tibor qilmas edik. Ochig‘ini aytish kerak, millionlab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan yog‘dirilayotgan izohlar oqimini nazorat qilish ham katta kuch va vaqt talab qiladi, amalda bu deyarli imkonsiz. Lekin so‘nggi oylarda bu keskin va ba'zida juda qo‘pol va xunuk ko‘rinishga ham kelib qolgan. Bu masalaga yangicha yondashuv va e'tiborni talab qilmoqda.

Allamjonovga ko‘ra, so‘z va fikr erkinligini bu qadar suiiste'mol qilish hech bir jamiyatda kechirilmaydi. Har qanday davlatda turli choralar belgilab qo‘yilgan.

«Bu yerda hech kim senzuraga chorlamayapti. Biz shunchaki, berilayotgan materiallar ostidagi «axlat»ni tozalashni talab qilmoqdamiz», — dedi K.Allamjonov.

Jurnalistlar va blogerlar javobgarlik keltirib chiqaruvchi izohlarni shunday ham moderatsiya qilib borishayotganini, biroq ularni doimiy ravishda kuzatib borish va o‘chirib tashlash uchun vaqt va resurs yetishmasligini, boz ustiga, buning uchun qandaydir zudlik bilan jazo qo‘llashni taqozo etadigan qoida joriy qilinsa — bunday sharhlarni g‘arazli insonlar tomonidan tun chog‘larda ataylab, tahririyat yoki blogerga tashvish keltirish uchun qoldirishlarini ta'kidlab o‘tishdi.

Biroq, bloger va huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev amaldagi qonunchilikka ko‘ra, kuniga ko‘plab kontent yaratuvchi saytlar va turli platformalar va ijtimoiy tarmoqlarda post joylashtiruvchi blogerlar o‘z bitiklari ostiga qoldiriladigan sharh va izohlar uchun javobgar emasligini alohida ta'kidlab o‘tdi.

«Toki, o‘sha qonunchilikka to‘g‘ri kelmaydigan izohni o‘chirish haqida ogohlantirish olgunga qadar. Sayt yoki blog rasmiy ogohlantirish olgandan so‘ng ham izoh o‘chirilmasa — shundagina javobgarlik kelib chiqadi va masala sudda ko‘rilishi mumkin», — dedi X.Xudoyberdiyev.

Aytilgan bu gaplarni ma'qullagan K.Allamjonov hech qanday yangilik bo‘lmasligi, barchasi mavjud qonunchilik doirasida bo‘lishi, saytlar va blogerlarga bu kabi ogohlantirishlar AOKA huzuridagi monitoring markazi tomonidan berilishini aytib o‘tdi. Agentlik direktoriga ko‘ra, bunda ma'lum bir mexanizm ishlab chiqiladi, o‘chirilishi lozim bo‘lgan izohni o‘chirish uchun asos ham ko‘rsatib o‘tiladi.

X.Xudoyberdiyev esa sayt yoki bloger AOKAning o‘chirilishi lozim deb topilgan izohlar borasidagi ogohlantirishini nechog‘lik ko‘p olgani uchun ham javobgar bo‘lmasligi kerakligini alohida ta'kidlab o‘tdi. Faqatgina ogohlantirish berilganidan so‘ng o‘chirilmagan izohlar borasidagina bahslashish, sudlashish mumkinligi aytib o‘tildi.

Qayd etib o‘tish lozimki, ijtimoiy tarmoqlarda bitilayotgan noxush izohlarni bartaraf etish yuzasidan yig‘ilgan jurnalist va blogerlarning qarashlari mushtarakligi aniq bo‘ldi. Bu yerda barchani o‘ylantirayotgan va e'tiroz keltirib chiqarayotgan jihat — o‘zgalar tomonidan yozilgan izohlar uchun javobgarlik belgilanayotgani edi.

Uchrashuvda turli jurnalistlar va blogerlar muhokama mavzusi yuzasidan o‘z fikrlari va takliflarini bildirishdi. K.Allamjonov barcha takliflarni eshitishga tayyor ekanligi va agentlik eshigi doimo ochiqligini bildirdi.

Shuhrat ShOKIRJONOV

P.S. Mazkur uchrashuvga K.Allamjonov barcha jurnalist va blogerlarni taklif etgan edi. AOKAning uchrashuv o‘tgan zali kichik bo‘lganligi sababli, qatnashish istagini bildirganlar ro‘yxati shakllantirilgan va ro‘yxat o‘rinlar soniga qarab to‘ldirilgan. Eshitishimizcha, ko‘plab blogerlar kechikib kelgani yoki ro‘yxatda bo‘lmagani uchun mazkur uchrashuvga kiritilmagan. Kirolmay qolgan ayrim blogerlar Internetda turli taxminlarni o‘rtaga tashlashga ham ulgurishibdi. Ularning uchrashuvga kiritilmaganining boshqa hech qanday sababi yo‘q — shunchaki zalda hammaga ham joy yetmasdi.

Mavzuga oid