«Ilm-fan rivojlanmagan davlatda rivojlanish ham bo‘lmaydi» - kimyogar olim bilan suhbat
Kun.uz bugungi ilm-fan, ta'lim, ilmiy tadqiqotlar va ularning ahamiyati xususida taniqli olimlar bilan suhbatlarini davom ettiradi.
Har bir ilm sohasi o‘zga bir olam. Har birining o‘z past-balandi, yondashuvi bor. Kimyo ham keng tarmoqli fan. Navbatdagi suhbatdoshimiz neft va gaz kimyosi sohasida ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgan olim, texnika fanlari doktori Abdug‘affor Hurmamatovdir. U O‘zR FA Umumiy va noorganik kimyo institutining «Kimyoviy texnologiya jarayonlari va qurilmalari» laboratoriyasi mudiri bo‘lib ishlab kelmoqda.
– Siz faoliyat olib borayotgan ilmiy muassasa, laboratoriya nomidan ham ma'lumki, sanoat bilan bevosita bog‘langan. Bu yerda qanday ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda va ular sanoatda qanchalik qo‘llanib kelinmoqda?
– Bizning laboratoriya asosan amaliy va innovatsion loyihalar bilan shug‘ullanadi. Shulardan biri «Gidrodinamik rejimlarni maqbullashtirish orqali uglevodorod xomashyolarini qizdirish jarayonini jadallashtirish» mavzusidagi amaliy loyiha va «Stripping-kolonnalaridagi gidrodinamik rejimlarni maqbullashtirish orqali yonilg‘i fraksiyalarini bug‘latish jarayonining samarador texnologiyasini ishlab chiqish va ishlab chiqarishga joriy qilish» xo‘jalik shartnomalarini tugatdik.
Loyihaning mazmuni shundan iboratki, hozirgi kunda neftni qayta ishlash korxonalarida issiqlik almashinish qurilmalarida xomashyoni qizdirishda hamda rektifikatsion qurilmalarida bug‘latuvchi omil sifatida qizdirilgan suv bug‘idan foydalaniladi. Biz suv bug‘ini uglevodorod bug‘iga almashtirishni taklif qilganmiz. Buning bir qancha afzalliklari bor, albatta.
Suv bug‘ining kamchiliklari quyidagilardan iborat:
- suv bug‘i rektifikatsion qurilmalariga kirganda qurilmaning gidravlik qarshiligi birdan ortib ketadi, bu esa qurilma hajmi ortishini talab qiladi;
- qizdirilgan suv bug‘ini hosil qilish uchun sezilarli darajada energetik va texnologik sarflar talab etiladi;
- suv bug‘ining issiqlik sig‘imi uglevodorod bug‘iga qaraganda yuqori bo‘lganligi uchun rektifikatsion kolonnaga berilganda uglevodorod bug‘larini kondensatsiyalanishiga olib keladi, o‘z navbatida uglevodorod fraksiyalarini suvdan ajratish uchun maxsus qurilmalar talab etiladi hamda maxsus texnologik jarayonlarni olib borish va qo‘shimcha energetik xarajatlar sarflanishiga olib keladi;
- suv va suv bug‘ining uglevodorod aralashmalari tarkibida mavjudligi issiqlik va modda almashinishi (massaalmashinish) jarayonlarini sekinlashtiradi va texnologik qurilmalar ko‘rsatkichlarini pasaytiradi;
- ajraladigan suv kondensatlari qurilmalar kontakt yuzalarini korroziyaga olib keladi;
- suv kondensati tarkibida qo‘shimcha xarajat qilishga hamda ularni utilizatsiya qilishga olib keladigan neft mahsulotlari qoldiqlari mavjud, ya'ni oltingugurtli va boshqa kimyoviy birikmalar. Bular ishlab chiqarishdagi ekologik muammolar chuqurlashishiga olib keladi.
Olib borilgan tajribalar va hisob-kitoblar asosida suv bug‘ining moddaalamashinish koeffitsiyenti 5,0·10–3÷5,7·10–3 m/s oralig‘ida bo‘lishi ushbu ko‘rsatgich uglevodorod bug‘larida esa 13·10–3÷21·10–3 m/ch gacha ortishi aniqlandi.
Ushbu muammolardan kelib chiqqan holda biz, alternativ issiqlik tashuvchi, ya'ni suv bug‘i o‘rniga uglevodorod bug‘laridan foydalanish taklifini kiritdik va loyiha natijalarini Buxoro neftni qayta ishlash korxonasida ishlab chiqarishga joriy qildik.
Uglevodorod bug‘laridan issiqlik tashuvchi yoki bug‘latuvchi omil sifatida foydalanish uchun adabiyotlarda ma'lumotlar yetarli bo‘lmaganligi uchun kelajakda ushbu ishlar bo‘yicha fundamental tadqiqotlar bilan ham shug‘ullanish rejamiz bor.
– Laboratoriyaning moddiy texnik bazasi qilinayotgan tadqiqotlar uchun talab darajasidami?
– Ilmiy tadqiqot institutlari laboratoriyasida tajribalar qilish oson emas. Moddiy-texnik bazamiz yuqori darajada, deb o‘ylamayman. Zamonaviy qurilmalar va o‘lchov-nazorat uskunalari yetishmaydi.
Asbob-uskunalar tanqisligi ham faqat bizda bor muammo, deb bo‘lmaydi, bu hammada bor, aslida. Ba'zi jihozlarni o‘zimiz hisob-kitoblar asosida yasaganmiz. Ba'zi bir o‘lchov-nazorat asboblarimizni esa laboratoriyaning nobudjet mablag‘lari hisobidan sotib olganmiz, qimmat turadigan uskunalarga moliyaviy imkoniyatlarimiz hozircha yo‘q.
Agar ushbu uskunalar mavjud bo‘lsa, ishlash oson bo‘ladi, vaqtdan yutiladi va olimda yangi fikrlar tug‘iladi. Misol uchun, chet elning nufuzli jurnallarida maqolalar e'lon qilish uchun zamonaviy asbob-uskunalarda olingan tajriba natijalari talab qilinadi.
Ilmda bo‘layotgan muammolardan biri sifatida yolg‘on ilm qilmaslik kerakligini tushunaman. Zamonaviy o‘lchov-nazorat asboblari yetishmaganligi uchun ham ba'zi bir sohalarda olimlarimiz nazariyaga suyanib qolmoqdalar. Holbuki, nazariya va ishlab chiqarish o‘rtasida juda katta farq bor.
– Kimyo texnologiyasi bo‘yicha hozircha rivojlangan davlatlar bilan raqobatlasha olmaymiz. Fikringizcha, qo‘shni davlatlar bilan solishtirganda qanday o‘rindamiz?
– Ilm-fan rivojlanmagan davlatda rivojlanish ham bo‘lmaydi. Fikrimcha, neftni qayta ishlash va ularni utilizatsiya qilish bo‘yicha Markaziy Osiyoda Qozog‘istondan keyingi o‘rinda turamiz.
Hozirda mamlakatimizda ilm-fanga e'tibor berilmoqda, o‘ylaymanki, yaqin orada ilm-fan bo‘yicha yetakchi davlat qatoriga kiramiz. Bu borada oxirgi yillarda respublikamizda avtomobillar ishlab chiqarishni va «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK aviatsiya parkini zamonaviy havo laynerlari bilan to‘ldirish yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan mahalliy uglevodorodli xomashyolardan yuqori oktanli avtobenzinlar, aviakerosin (Jet A-1) va dizel yonilg‘isi (EKO) ishlab chiqarish texnologiyalari yaratish bo‘yicha bir qancha ilmiy va amaliy natijalarga erishilmoqda. Neftni birlamchi qayta ishlash texnologiyasi samaradorligini oshirish, neftni atmosfera bosimi ostida haydash uskunasining optimal ish rejimlarini aniqlash va uning tarkibiga kiruvchi qurilmalarni modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
– Laboratoriya qanday davlat va chet el grantlarida, loyihalarida qatnashgan? Va bunga bajarilishi uchun taxminan qancha mablag‘ ajratiladi, sir bo‘lmasa albatta?
– Albatta, bu sir emas. Men 2006 yildan buyon davlat loyihalarida qatnashib kelmoqdaman, shu vaqtdan buyon ushbu loyihalarga 70 mln. so‘mdan 120 mln. so‘mgacha davlat budjetidan mablag‘lar ajratilgan. Laboratoriya bu paytgacha hali chet el grantlarida qatnashmagan.
Hozirda Xitoy olimlari bilan qo‘shma loyihalar ustida ish olib borayapmiz. Xususan, neftni qayta ishlash korxonalarida ishlatiladigan texnik suvlarni tozalash, uglevodorod qoldiqlarini utilizatsiya qilish, issiqlik almashinish qurilmalarida kechadigan jarayonlarni jadallashtirish bo‘yicha ishlamoqchimiz.
– Davlat loyihalari va xo‘jalik shartnomalarini bajarish uchun laboratoriyaning ilmiy salohiyati qanday?
– Hozirda laboratoriyamizda 3 nafar fan doktori, 4 nafar fan nomzodi, 3 nafar kichik ilmiy xodim, 2 nafar laborant va 1 injyener faoliyat olib boradi.
– Ayni vaqtda laboratoriya qanday yangi ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanmoqda?
– 1. Buxoro neftni qayta ishlash korxonasi mutaxassislari bizga bergan ma'lumotlariga ko‘ra, issiqlik almashinish qurilmalarini sovitish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri To‘dako‘l suvi ishlatiladi. Ushbu suv qattiqligi 35-47 ni tashkil qiladi (standart bo‘yicha 1-2), bundan tashqari tarkibida 3-4 foizgacha turli xil mexanik qo‘shimchalar mavjud. Ushbu suvlar issiqlik almashinish quvurlarining ichki yuzalariga qasmoq (nakip)lar yig‘ilib qolishiga sabab bo‘ladi, natijada issiqlik berish va uzatish jarayonlarini sekinlashtiradi. Bundan tashqari, qurilmani davriy tozalab turishga to‘g‘ri keladi. Bularning hammasi qo‘shimcha sarfni oshiradi. Biz bu suvlarni mexanik qo‘shimchalardan to‘liq tozalab, qattiqligi bo‘yicha standart talablariga javob beradigan yangi texnologiya ishlab chiqdik.
2. Yana bir yangi ishimiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ustyurt gazkimyokompleksida metanni gaz kondensati bilan piroliz qilinadi, natijada yiliga 103 ming tonna piroliz distillyati hosil bo‘ladi. Ushbu distillyat respublikamizda qayta ishlanmaydi. Uni laboratoriya sharoitida qayta ishlab, tarkibidan 80 foizgacha benzin olishning yangi texnologiyasini ishlab chiqdik. Ushbu texnologiyani amaliyotga joriy qilishdan kutilayotgan yillik iqtisodiy samaradorlik 15 mlrd. so‘mdan kam emas.
3. Neft mahsulotlari olingandan keyin undan qolgan chiqindidan ham mahsulot olish mumkin. Buni biz tajribada isbotladik. Neft shlamidan qurilish bitumi olish texnologiyasini yaratdik. Neftni qaytash ishlash korxonalarida neft mahsulotini tindirish vaqtida yiliga 3000 tonnadan ortiq neft shlamlari hosil bo‘ladi. Ushbu neft shlamlari qayta ishlanmaganligi sababli ular atrof-muhitga salbiy ta'sir qilmoqda. Hozirda ushbu neft shlamlarini qayta ishlab 22 foizgacha qurilish bitumi olish texnologiyasini ishlab chiqdik. Yaqin kunlarda ushbu texnologiyani BuxNQIZda amliyotga joriy qilmoqchimiz. Ushbu texnologiyani amaliyotga joriy qilishdan kutilayotgan yillik iqtisodiy samaradorlik 900 mln. so‘mdan kam bo‘lmaydi.
4. Hozirda paxta tozalash korxonalarining yana bir dolzarb muammolaridan biri bu – paxta quritish. Hammamizga ma'lumki paxtani quritishda korxonalarda elektr energiyasi va yonilg‘i muammosi bo‘lganligi uchun paxtani quritish bo‘yicha yangi, dunyoda analogi yo‘q bo‘lgan yangi texnologiya ustida ish olib bormoqdamiz, bu ishimizni yaqin kunlar ichida paxta tozalash korxonlariga joriy qilish nazarda tutilgan.
– Taklif va mulohazalaringiz?
– Ilm-fanni yuqori cho‘qqilariga erishmoqchi bo‘lsak, laboratoriyalarni aniqligi yuqori bo‘lgan zamonaviy jihozlar bilan ta'minlashimiz kerak.
Hozirda tadqiqotchilarimiz, ya'ni doktorantlarimiz ilmiy maqolalarini chet elning nufuzli jurnallarida chop ettirishlari uchun kamida 300 AQSh dollari to‘lashlari kerak. Pul to‘lanmaydigan jurnallar ham bor, to‘g‘ri, lekin ularning impakt faktori past va chop etish juda uzoq vaqtni oladi. Aksariyat doktorantlar va tadqiqodchilar yashash sharoitlari va oilaviy holatlaridan kelib chiqib, bu mablag‘larni to‘lashga qodir emaslar. Shu maqsadda, davlat loyihalari va xo‘jalik shartnomalari hisobidan ushbu maqsadlar uchun mablag‘lar ajratish zarur.
Oliy ta'lim muassasalari magistratura talabalarining ilmiy mavzularini bevosita ilmiy tekshirish institutlari ilmiy xodimlari bilan hamkorlikda belgilash lozim. Dissertatsiya ishlarining aksariyat qismini ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarida bajarsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi, deb hisoblayman.
Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
20:06 / 09.10.2024
Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari nomi e’lon qilindi
12:06 / 20.02.2024
“Xorijda grant asosida o‘qish imkoniyatlari ko‘pchilik o‘ylaganidan ko‘proq” - Nyu-Yorkdagi o‘zbek doktorant
18:31 / 25.12.2023
2024 yilda elektrotexnika, kimyo va farmatsevtikada 12 milliard dollarlik 24 ta loyiha boshlanadi
15:01 / 04.10.2023