Jamiyat | 08:49 / 16.08.2019
174989
6 daqiqa o‘qiladi

Toyloqda nega ayollar qo‘li qayrilib, mashinaga tiqilgandi? - Tuman IIB Qo‘tirbuloqdagi voqeaga izoh berdi

Foto: KUN.UZ

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Toyloq tumanida sodir bo‘lgan xunuk bir voqea tasvirlangan videolavha tarqalgandi. Unda ichki ishlar organlari xodimlari ayollarning qo‘lidan qayirib «avtozak» yuk mashinasiga o‘tqizayotgani ko‘ringan. Toyloqning Qo‘tirbuloq qishlog‘ida aslida nima bo‘lganini surishtirish maqsadida tuman ichki ishlar boshqarmasiga bordik.

Taqdim etilgan uzundan-uzun hujjatlarni keltirib, sizning boshingizni qotirmay, nima bo‘lganini qisqacha tushuntirishga harakat qilamiz.

Xullas, toyloqlik S.J. 2016 yil tumandagi Qo‘tirbuloq qishlog‘i hududidagi «Afsona travel» MChJga qarashli yerda o‘zi uchun uy qurishni boshlaydi. 2019 yil 14 may kuni bu fuqaro qurgan uyi noqonuniyligi borasida ogohlantirish oladi va o‘zining aytishicha, joriy yilning 5 iyun kuni qurib bitkazilmagan uyini o‘zi (!) buzishni boshlaydi.

Qurilgan bino buzilayotganda esa S.J.ning oila a'zolari bo‘lgan ayollar ekskavator haydovchisini toshbo‘ron qilishadi. Ko‘p odam to‘planib, ommaviy tartibsizlik kelib chiqqach, Toyloq tuman IIB xodimlari voqea joyiga borib aholini tinchlantirishga urinadi. Ammo u yerdagi ayollar tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilgach, ulardan bir nechtasi IIB mashinasiga olib kiriladi va o‘sha yerda «tushuntirish ishlari olib boriladi». Bu ayollar o‘sha yerning o‘zida qo‘yib yuboriladi. Bu rasmiy ma'lumotlar, quyida nimalar bo‘lganini tahlil qilishga urinib ko‘ramiz.

«Ommaviy tartibsizlik yuzaga keltirgan fuqarolarning jinsiga qaralmaydi»

O‘sha videodagi asosiy voqea bu uyning buzilishi, snos yoki boshqa narsa emas, ayollarning qo‘li qayirilib (!) IIB maxsus mashinasiga olib kirilayotgani. Biz avvalo mana shu borada Toyloq tuman IIB boshlig‘iga murojaat qildik. Podpolkovnik Ma'ruf Shermuhammedovning aytishicha, ayollar Qo‘tirbuloqdagi noqonuniy qurilish binosi buzilayotgan vaqtda ommaviy tartibsizlik yuzaga keltirishgan. Tuman IIB rahbarining aytishicha, ayollar ekskavatorni to‘rt tomondan toshbo‘ron qilishgan.

Oqibatda IIB xodimlari voqea joyiga borib, vaziyatni nazoratga olishga majbur bo‘lgan. Toyloq tuman IIB xodimlarining aytishicha, tarmoqda tarqalgan videoda ko‘ringan ayollar ularga faol qarshilik ko‘rsatgan. Ayollardan biri IIB xodimining pogonini yulib olishgacha borgani aytildi. Podpolkovnik Shermuhammedovning aytishicha, ommaviy tartibsizlik vaqtida uni keltirib chiqargan fuqarolarning jinsi yoki boshqa farqli jihatlariga qaralmaydi. Bundan tashqari, tuman IIB boshlig‘i hech bir fuqaroga tan jarohati yetkazilmaganini ma'lum qildi.

Nega bu qonuniy bo‘lmagan yerda qurilish boshlangan?

Shu o‘rinda yana bir savol paydo bo‘ladi: nega fuqaro S.J. yer o‘ziniki bo‘lmaganini bilaturib u yerda uy qurishni boshlagan? Bu savolimizni uyi buzilgan, ammo «jabrlanuvchi emasligi»ni aytgan S.J. javobsiz qoldirdi. Bu savolga taxminan shunday vajni javob qilish mumkin: Toyloq tumani fermerlik yerlariga va o‘ziga tegishli bo‘lmagan joyda uy qurib olish bo‘yicha viloyatda «yetakchi o‘rinlarni egallashi»ni inobatga olsak, shunchaki bo‘sh yotgan yerga uy qurishni ko‘pchilik normal holat deb o‘ylaydi. O‘z navbatida yana bir savol paydo bo‘ladi:

Nega bu yer foydalanilmay yotibdi?

Ma'lum bo‘lishicha, yuqoridagi mojaroga sabab bo‘lgan qurilish boshlangan yer 2009 yilda «Afsona travel» MChJga berilgan, ammo 10 yil ichida bu yerda hech narsa qurilmagan. O‘zlashtirilmay yotgan yer esa shubhasiz, qandaydir mojaroga sabab bo‘ladi. Har bir qarich yerdan unumli foydalanish o‘rniga viloyatning eng unumdor yerlarga ega bo‘lgan tumanlaridan biri Toyloqda yerning 10 yillab bo‘sh yotishi xunuk holat.

Nega janjal videosi ikki oydan keyin tarqaldi?

Yana bir savol: nega 5 iyunda bo‘lgani aytilayotgan videoda ko‘ringan ur-to‘polon videosi ikki oy o‘tib tarqalgan? Ma'lum bo‘lishicha, video Rossiyadan turib joylangan. Har holda videoni joylagan odam internet tezligi yaxshi bo‘lgani uchun Rossiyaga borib uni tarmoqda tarqatmagandir?

Videoni kim olgani, nima maqsadda olgani haqidagi savollarimizga esa javob topolmadik. Afsus bizda bunday faktlarni tekshirishning imkoni yo‘q.

Tuman hokimining fikricha, bu video Toyloq tumanining va xususan tuman hokimining nomini yomonotliq qilish uchun tarqatilgan (bu tusmolga bir nechta nomlar ham ilova qilindi, ammo bizningcha, bu yerda nomlar, familiyalar ahamiyatli emas). Endi bu tuman rahbarining taxmini. Darvoqe, o‘zining aytishicha, noqonuniy qurgan uyini ogohlantirishdan so‘ng o‘zi buzgan fuqaro S.J. har kuni intervyu berishdan charchagani, uning shaxsiy muammosi internetda tarqalib ketganidan qattiq ranjiganini aytdi.

O‘tkir JALOLXONOV tayyorladi.

Mavzuga oid