O‘zbekiston | 22:42 / 17.08.2019
168447
2 daqiqa o‘qiladi

Gologramma va tonirovka: IIBB haydovchilarga murojaat bilan chiqdi

Joriy yilning 5 avgustidan avtomobil oynalarini qoraytirish uchun to‘lovlar miqdori pasaytirilganidan so‘ng aksariyat haydovchilar tonirovka uchun ruxsatnoma olishga qaror qilmoqda, deb yozadi IIBB matbuot xizmati.

«Poytaxt yo‘llarida tusi qoraytirilgan oynali avtomobillar ko‘paymoqda, ammo shu bilan birga biz bir muammo: old oynada maxsus emblema (gologramma) mavjud emasligi holatiga tez-tez duch kelmoqdamiz», - deyiladi boshqarma xabarida.

Eslatib o‘tamiz, ichki ishlar organlari tonirovkaga ruxsat berilganligi to‘g‘risida maxsus emblema (gologramma) beradi va haydovchilar ushbu gologrammani old oynalarga yopishtirib yurishlari lozim. Emblema avtomobil egasi oynani qoraytirishga ruxsat olganligini bildiradi va qalbakilashtirishdan yuqori darajada himoyalangan. Ushbu gologramma avtomobil old oynasining yuqori o‘ng burchagiga yopishtirilishi lozim.  

YXHB YPX xodimi uchun esa emblemaning bo‘lishi haydovchi kerakli ruxsatnomaga ega ekanligini anglatadi va o‘z-o‘zidan oynasi qoraytirilgan avtomobilning tegishli ruxsatnomasi borligini tekshirish uchun to‘xtatish holatlari kamayadi.  

«Shuning uchun ruxsatnoma olgan haydovchilarga eslatma bilan murojaat qilmoqchimiz: olingan emblema (gologramma)ni old oynaga yopishtirishni unutmang», - deyiladi IIBB tomonidan.

Mavzuga oid