O‘zbekiston | 14:55 / 19.08.2019
20831
3 daqiqa o‘qiladi

MHOdagi maxsus operatsiya kuchlari bo‘linmalari jangovar tayyorgarlikning yangicha usullarini namoyish etdi 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Markaziy harbiy okrug (MHO) jangovar tayyorgarlik boshqarmasi hamda Maxsus operatsiya kuchlari bo‘limi tomonidan Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida jangovar tayyorgarlikning oddiy va samarali usullarini qo‘llash bo‘yicha bir nechta usul va metodlar ishlab chiqildi. Bu haqda MHO matbuot xizmati ma'lum qildi. 

Jizzax garnizonidagi Maxsus operatsiya kuchlari joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan yangicha yondashuvdagi ushbu mashqlar harbiy estafeta musobaqasi ko‘rinishida ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini qudratini oshirishda bevosita jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarining o‘rni katta. Shu sababli hozirgi vaqtda oddiy, lekin samarali usul va metodlar o‘ylab topilmoqda.

MHO qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik Po‘lat Sotivoldiyev tomonidan tavsiya qilinayotgan amaliy mashq usullari va unga kerak bo‘ladigan o‘quv moddiy baza oddiyligi bilan farqlanadi. Kam vaqt sarflab, qo‘lbola vositalardan foydalangan holda yaratilgan “mashq maydonchasi” harbiy xizmatchilarning bo‘linma va yakka tartibda jismoniy qobiliyatlari va bilimlarini oshirishga xizmat qiladi.

Jumladan, jamoaviy kompleks o‘qitish, ko‘z bog‘langan holda qurolni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, jang maydonida har usullarda otish holatini egallash, kompleks shug‘ullanish, jang maydonidan yaradorlarni olib chiqish, o‘q-dori yetkazish, to‘sin bilan jamoaviy shug‘ullanish va boshqa mashqlar harbiy jamoalar o‘rtasidagi sog‘lom raqobat muhitini yaratib, harbiy xizmatchilarning epchillik va chaqqonlik fazilatlarini yanada rivojlantiradi.

Misol uchun, “Askarlar yopinchig‘i” metodida aylana shaklda o‘q-otar qurollar namunalari qo‘yiladi. Harbiy xizmatchilar esa qurollardan bir qadam uzoqlikda turishadi. Komanda berilgandan so‘ng, harakat soat yo‘nalishi yoki qarama qarshi yo‘nalish bo‘ylab almashgan holda davom ettiriladi. Bunda bo‘linmalarning barcha tarkibdagi qurollarni noto‘liq qismlarga ajratish-yig‘ish bilim va malakasi oshiriladi.

Shuningdek, harbiy okrugda innovatsion yondashuvlar asosidagi ixtirochilik ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ishlanmalar harbiy hayotga tatbiq etilmoqda.

Mavzuga oid