O‘zbekiston | 19:51 / 20.08.2019
46824
2 daqiqa o‘qiladi

«Bitta uy olishga uchta kafil nega kerak?» – Turdimov Qorasuvdagi uylar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Samarqand shahridagi Qorasuv massivida qurilgan uylar borasida fuqarolar bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda viloyat hokimi narxlar va uylarning oldi-sotdisidagi muammolar haqida fikrlarini bildirdi. Bu hududda qurilgan uylardan sotib olgan odamlar narxlarning ko‘tarilib ketganidan norozi bo‘lishgandi.

Turdimov uy sotib olishdagi kafillik haqida ham gapirdi: «Bitta uy sotib olish uchun uchta kafilning nima keragi bor? Bitta kafilning o‘zi bo‘ladi. Axir uyning o‘zi kafil-ku», — dedi Turdimov «Agromir Buildings» qurilish korxonasi Qorasuvdagi uylarni sotib olayotganlardan uchta kafil talab qilgani haqidagi savolga javob berar ekan.

Viloyat hokimi Qorasuvdagi sportzalning yopiq turishi haqidagi e'tirozga javob berar ekan nafaqat bu hududdagi, balki viloyatning boshqa hududlaridagi sportzallarining ochiq turishi kerakligini aytdi: «Sportzallar doim ochiq turishi kerak. Axir ular odamlar uchun qurilgan. Hamma sportzallar o‘sha hududdagi fuqarolarga xizmat qilishi kerak», — deb Turdimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilish davomida Qorasuv massividan uy sotib olgan fuqarolarga narxlarning pasaymasligi mutaxassislar tomonidan tushuntirib berildi.  Hokim bilan uchrashuvdan so‘ng fuqarolar «Agromir Buildings» vakillari bilan ham suhbatlashib olishdi.

Mavzuga oid