Jahon | 22:34 / 21.08.2019
8554
2 daqiqa o‘qiladi

Luanda Uganda va Ruandani yarashtirib qo‘ydi

Ruanda va Uganda ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p yillik adovatni to‘xtatishga qaratilgan kelishuvni imzoladi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi. 

Ta'kidlanishicha, kelishuv ostida o‘z imzolarini Ruanda prezidenti Pol Kagame va uning ugandalik hamkasbi Yoveri Kaguta Museveni qo‘ygan. Kelishuvni imzolash marosimi Angola poytaxti Luandada bo‘lib o‘tgan. Unda Angola prezidenti Juan Lorensu va Kongo Demokratik Respublikasi rahbari Feliks Chisekedi ham ishtirok etgan. Hujjatning biror-bir tafsiloti keltirilmagan.

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlardagi 20 yildan ko‘proq vaqtdan beri davom etayotgan taranglik joriy yil boshida kuchaygan. Bunga esa Ruanda hukumati tomonidan Ugandaga ilgari surilgan ayblovlar sabab bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, Uganda go‘yoki “Ruanda milliy kongressi” muxolif partiyasiga yordam ko‘rsatgan va 1994 yilgi qatliomga aloqador bo‘lgan isyonchilarni qurol bilan ta'minlagan.

Bundan tashqari, Kigalida ruandaliklarning Ugandada ta'qib qilinishi aytilgan. Uganda esa bunga javoban shunchaki xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha amaliyot o‘tkazayotganini aytgan.

Oqibatda Ruanda xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z fuqarolarining Ugandaga tashrif buyurishlariga cheklov kiritgan. Bundan tashqari, fevralda ikki davlat o‘rtasidagi eng gavjum nazorat-o‘tkazish punkti yopilgan. Shuningdek, Ugandadan kelayotgan mahsulotlar ortilgan yuk mashinalariga Ruandaga kirish taqiqlangan. Uganda bunday harakatlar sababli qo‘shni davlatni savdo embargosi joriy qilishda ayblagan.

Mavzuga oid